Breaking News

Rossiyada jahon chempionati: mezbonlik qanchaga tushdi?


Jahon chempionati: Rossiya musobaqaga qanday tayyorlandi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:01 0:00

Futbol bo'yicha Jahon chempionati shu hafta boshlanadi. Rossiya mezbonlikka qanchalik tayyor? Rasmiy Moskva musobaqani boshlashga har tomonlama tayyorligini aytmoqda. Ammo chempionat xarajatlari 12 baravar oshib, inshoot qurilishlaridagi korrupsiyaga oid gap-so'zlar kuchayib borar ekan, Rossiyaning bu kunlarga qanday yetib kelgani savol ostiga olinmoqda.

Siyosat va noroziliklarni esdan chiqaring. Mana bu yosh rossiyaliklar uchun eng muhimi hozir futbol.

"Jahon chempionati Rossiyada o'tayotganidan juda xursandman. Milliy jamoamiz kamida chorak finalga chiqishi kerak. Lekin orzuimiz chempion bo'lish", - deydi Timur ismli yosh ishqiboz.

Bunday natijani qo'lga kiritish oson emas. Lekin Messi va Ronaldo kabi yulduzlarning tashrifidan so'ng rossiyalik yoshlar yuragida o't yonmoqda.

"Ular juda ham mashhur. Ko'p futbol fintlarini o'ylab topishgan", - deydi yosh ishqiboz.

Dmitriy Xolnov Moskva yaqinidagi futbol maktabiga rahbarlik qiladi.

"Sport siyosatdan yuqori turadi degan gap bor. Dunyo bo'ylab hamma odam shunday o'ylashini xohlayman", - deydi u.

Bu fikrga qo'shilmaydiganlar ko'p. Ushbu musobaqani o'tkazish 14 milliard dollarga tushmoqda. Bu esa Rossiyadek davlat uchun juda katta xarajat.

Ko'plab yirik stadionlar, yangi infratuzilmalar bunyod etildi. Sankt-Peterburgdagi "Krestovskiy" arenasining qurilishi sakkiz yilga kechikdi va belgilangan byudjetdan to'rt baravar qimmatga tushdi. Mahalliy rasmiylardan biri qurilish paytida 351 ming dollar pora olganlikda ayblandi. Ma'muriyat yakuniy natijadan mamnun.

"Menimcha, u ayni paytda Yevropaning eng yaxshi stadioni", - deydi shahar rasmiysi.

Maksim Gorkiyning ona shahri Nijniy Novgorodda 45 ming kishilik stadion qurildi.

"Nijniy Novgorodda 45 ming futbol muxlisi yo'q. Haqiqiy futbol jamoasi ham yo'q. Bunaqa stadion bizga nima uchun kerak?" - deydi faollardan biri Anna Davidova.

O'zi ham bir paytlar korrupsiya mojarolariga aralashgan FIFA Rossiyaning tayyorgarligini olqishladi.

Sport jurnalisti Aleksey Matveyevga ko'ra, FIFA ataylab muammolarga ko'z yummoqda.

"Futboldagi korrupsiya, o'g'rilik va hatto qotillik holatlari tekshirilmayapti. Bu Rossiyaga xos narsa. Bu yerda hech kim hech narsa qilmaydi. Futboli shunchalik korrupsiyaga botgan Rossiyaga jahon chempionatini berishganidan hanuz hayratdaman", - deydi u.

Moskva bu ayblovlarni inkor etadi va 14-iyun kuni boshlanayotgan chempionat siyosatdan xoli tarzda o'tishidan umidvor. Ilk o'yin Moskvada mezbon jamoa va Saudiya Arabistoni o'rtasida bo'lib o'tadi. Prezident Vladimir Putin ham uni stadiondan tomosha qilishi kutilyapti.

Ko'plab iqtisodiy va siyosiy kapital tikilgan musobaqadan Kremlning umidlari katta.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG