Breaking News
Din

Hayit arafasida O'zbekistonda mahbuslar ozod etilmoqda


O’zbekistonda ilk bor Ramazon hayiti munosabati bilan mahbuslar ozod qilinmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev 226 kishini afv etgan. Ularning ayrimlarini jazo o’tash muassasalaridan ozod etish, ayrimlarining esa jazo muddatini kamaytirish nazarda tutgan farmon faqat qilmishiga chin dildan pushaymonlik bildirganlarga nisbatan qo’llanadi.

Ozod qilinayotganlarning 51 nafari noqonuniy tashkilotlarga a’zolikda ayblanganlar, ya'ni diniy mahbuslardir. Qo’shni Turkmanistonda ham hayit munosabati bilan 600 dan oshiq mahbus ozod etilayotgani haqida xabarlar bor. O’zbekiston prezidentining afv farmoni, agar mamlakat aholisi qo'shni davlatdan bir necha barabar ko'pligini hisobga olsak, ancha kamtar ko’rinadi.

Shavkat Mirziyoyev imzolagan farmonda Turkmaniston rahbarining qaroridan farqli ravishda ozodlikka chiqayotganlar yuzasidan tafsilotli ma’lumotlar keltirilgan.

“Afv etilganlarning 40 nafarini 60 yoshdan oshgan shaxslar, 39 nafarini chet el fuqarolari, 37 nafarini ayollar, shuningdek, 51 nafarini taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida qatnashgan shaxslar tashkil etadi”, - deyiladi farmonga berilgan rasmiy sharhda.

Prezident o'tgan yili Konstitutsiya kuni munosabati bilan imzolagan farmonga ko'ra, 2700 dan oshiq mahbus ozod etilishi kerak edi. Ammo bu farmon yuzasidan kimlar ozodlikka chiqqani, ularning qanchasi diniy mahbuslar ekanligi hozirgacha mavhum qolmoqda.

Mirziyoyevning o’zi dastlabki afv haqidagi farmoniga izoh berar ekan, prezidentlik vakolatidan foydalanib 10 mingga yaqin kishini kechirishni rejalagani, ammo qamoqxonadagi mahbuslarning aksariyati o’z qilmishidan chin dildan pushaymonlik bildirmagani uchun 2700 kishi bilan cheklanishga majbur bo’lgani haqida gapirgan edi.

Mahbuslarda pushaymonlik hissi yo’qligi sabablariga to’xtalgan prezident qamoqxonalardagi tarbiyaviy muhitning yomonligini, nohaq qamalganlar, adolatsiz sudlovdan aziyat chekkanlar ko’pligi, natijada ular jamiyatga dushman bo’lib qolishgani haqida gapirgan edi.

Ilk bor Ramazon hayiti munosabati bilan qabul qilingan afvning 200 dan oshiq mahbus bilan cheklanayotgani ham prezident so’zlarini isbotlagandek.

Ammo, adolatsiz, nohaq qamalganlar ko’p ekan, ular nima sababdan, qaysi gunohlari uchun chin dildan pushaymonlik bildirishlari lozimligi mantiqqa zid ko’rinadi.

Aksincha, pushaymonlik shu adolatsizliklar ijrochisi bo’lgan davlat idoralari tomonidan bildirilishi kerakdek.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG