Breaking News

Qrim-tatar jurnalisti: Rossiyadan kelayotgan suiqasd tahdidi haqiqat


Qrim-tatar jurnalisti Ayder Mujdaboyev
Qrim-tatar jurnalisti Ayder Mujdaboyev

Ukraina xavfsizlik xizmati rossiyalik jurnalist Arkadiy Babchenkoning sahnalashtirilgan o’limi ortidan Rossiya tomonidan yo’q qilinishi rejalangan jurnalistlar ro’yxati haqida bayonot qilgan edi. Yaqinda matbuotga ham sizib chiqqan bu “qurbonlar” ro’yxatida qrim-tatar jurnalisti Ayder Mujdaboyev birinchi raqam ostida qayd qilingan.

Ayni paytda Ukraina tomoni jurnalistga maxsus qo’riqchi ajratgan. Rossiyaning keskin tanqidchisi sifatida tanilgan Mujdaboyevning o’zi “Amerika Ovozi” bilan suhbatda Babchenkoning qarorini to’g’ri tushunishini, o’z ismining “qurbonlar” ro’yxatida ekanidan hayratda emasligini aytadi.

Qrimlik jurnalist: hayotim tahdid ostida
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:08:18 0:00

Xalqaro hamjamiyat, xususan, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti (YXHT) matbuot vakili, Chegara bilmas muxbirlar, Jurnalistlarni himoyalash qo’mitasi va boshqa bir qator tashkilotlar jurnalist o’limi sahnalashtirilishini tanqidiy kutib oldi. Babchenkoga suiqasd qilingani haqidagi xabarning dastlabki manbasi taniqli jurnalist Ayder Mujdaboyev edi.

“Arkadiyga suiqasdni xotinini menga yuborgan xabaridan bildim. Bu Arkadiyni otishgani, shifoxonaga olib ketishgani haqidagi qisqa xabar edi. Men darhol politsiyaga qo’ng’iroq qildim, shifoxonani surishtira boshladim, aniqlanguncha hammasi fojiali yakun topgani haqida xabar tarqaldi. Shundan so’ng uning uyiga qarab yo’l oldim, kelganimda politsiya ishlayotgan edi. Albatta, hozir buning hammasi sahnalashtirilgani tushunarli, ammo u paytda hammasi haqiqatda edi, yig’layotganlar ham, qayg’urayotganlar ham real edi”, - deb eslaydi Mujdaboyev.

Ukrainada Rossiya tanqidchisi bo’lgan yana bir jurnalistning o’ldirilgani haqidagi xabar yashin tezligida dunyo bo’ylab tarqadi, YXHT matbuot bo’yicha vakili zudlik bilan Kievga uchdi, jurnalistning o’limi xalqaro tashkilotlarni larza soldi, keskin bayonotlar bildirildi.

Bu orada Ukraina xavfsizlik xizmatlari raisi, Bosh prokurori “o’ldirilgan” jurnalist Arkadiy Babchenko ishtirokida matbuot anjumani uyushtirdi, Rossiya tomonidan rejalangan suiqasd muvaffaqiyatli bartaraf etilgani haqidagi bayonot jamoatchilik uchun yana bir kutilmagan voqea bo’ldi.

Ko’plab jurnalistlar, xalqaro tashkilotlarda munozara qo’zg’atgan narsa maxsus amaliyot uchun jurnalistning o’limi haqida yolg’on xabar tarqatishga qaror qilingani edi. Chegara bilmas muxbirlar maxsus xizmatlarning bu amaliyotini arzon tomosha ham deb atadi, yolg’on Rossiya foydasiga ishlashi, Ukrainaga nisbatan ishonch susayishidan ogohlantirildi.

Ukraina xavfsizlik kuchlari buyurtmachiga chiqish uchun “sahna” uyushtirilgani, amaliyot natijasida Rossiya tomoni o’ldirishga buyurtma bergan ro’yxat qo’lga kiritilgani haqida bayonot qildi. Bu ro’yxat yaqinda matbuotga ham sizib chiqdi, ro’yxat haqiqatga qanchalik to’g’ri kelish-kelmasligi yuzasidan aniq bir fikr yo’q.

Ayder Mujdaboyev matbuotga sizgan qurbonlar ro’yxatida birinchi raqam ostida qayd etilgan, ayni paytda Qrim tatar telekanalida (ATR) ishlayotgan Mujdaboyev Ukrainada ham, Rossiyada ham Moskvaning keskin tanqidchilaridan biri sifatida tanilgan. Ukraina tomoni ro’yxatda nishonga aylangan jurnalistlarni qo’riqchilar bilan ta’minlagan, jumladan, uni ham.

Ayder Mujdaboyev Babchenkoning sahnalashtirilgan o’limi ortidan yuzaga chiqqan munozaralardan xabardor, ammo voqeaga nisbatan tanqidiy qarashlar vaziyatni yaqindan bilmaslikka asoslangan, deb hisoblaydi.

“Maxsus xizmatlarning amaliyotini yoki Arkadiyning qarorini baholashdan avval vaziyatni yaqindan bilish, faktlarga asoslanish kerak edi. Hayotga bo’lgan huquq birlamchi, Arkadiy shu huquqdan foydalandi. Maxsus xizmatlar bir oy davomida Arkadiy bilan ishlagan, natijada o’ldirish rejasi aniqligi isbotlangan. Bu ssenariy to’satdan yuzaga chiqmadi, uzoq tayyorlangan, tergov jarayonidagi ma’lum bo’lgan tafsilotlarga ko’ra, buyurtma aniq Rossiya tomonidan bo’lgan. Qotillik Ukrainada vahima uyg’otish maqsadida rejalangan. Bu borada, ayniqsa, g’arblik hamkasblarimiz turli munozarali fikrlar bildirishmoqda, albatta vaziyatni tushunayotganlar ham bor. Meningcha, Arkadiy nafaqat o’zining hayotini, balki qurbonlar ro’yxatidagi boshqalar hayotini ham saqlab qoldi, har holda shunga umid qilish mumkin”, - deydi Mujdaboyev.

Ukraina matbuotiga 47 kishidan iborat qurbonlar ro’yxati sizib chiqdi, aksariyati Rossiya tanqidchilari. Ammo ular orasida Ukraina hukumatini tanqid qilib kelayotganlar ham bor. Bu ro’yxatning aynan xavfsizlik xizmati qo’lidagi ro’yxat ekanligi noma’lum.

Mujdaboyevning aytishicha, xavfsizlik xizmati ro’yxatni jurnalistlarga uzoqdan ko’rsatgan, matbuotdagi ro’yxat soxta bo’lishi ham mumkin, ammo har ikki ro’yxatga ham uning ismi kiritilgan.

“Ukraina xavfsizlik xizmatidagi ro’yxatni oson qo’lga kiritish qiyin deb o’ylayman. Xullas, har ikki ro’yxatda ham borligimga ajablanayotganim yo’q. Tergovdagi tafsilotlarning hammasini ham ochiqlash vakolatida emasman, ammo ma’lum bo’lishicha, bizning telekanalni kuzatish ancha avval boshlangan, hali Babchenko bizda ishlamasdan. Shuning uchun dastlabki qurbon u emas, ehtimol men bo’lishim mumkin edi, degan taxmin bor. Bu amaliyot uchta idora Xavfsizlik xizmati, prokuratura va politsiya ishtirokida o’tkazildi, tergov-surishtiruv hamon davom etmoqda. Tafsilotlarni gapirishga erta, Arkadiy maxfiy bir joyda saqlanmoqda, menga ham soqchi tayinlashgan, qo’riqchi bilan yurishga majburman, xavf hali arimagan, hech kimga buni tilamasdim, jumladan tanqidchilarga ham”, - deydi Mujdaboyev.

Ayni paytda Babchenkoga uyushtirilgan suiqasd tashkilotchisi sifatida ukrainalik tadbirkor Boris German hibs qilingan. Buyurtmachi sifatida esa rossiyalik Vyacheslav Pivovarnik ko’rsatilmoqda. Ukraina xavfsizlik xizmati yaqinda Babchenko ishi yuzasidan terror xuruji rejalashda gumonlanayotgan “T” ismli yana bir shaxs hibs qilinganini ma’lum qildi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG