Politsiya Merilend shtati Annapolis shahrida yuz bergan otishmani taftish qilishda davom etmoqda. Gazeta idorasida yuz bergan otishmada besh kishi o'ldirilgan, ikki kishi yaralangan.
Politsiya ma'lumotiga ko'ra, 38 yoshli Jerrod Ramos 28-iyun kuni "Capital Gazette" nashri ofisiga bostirib kirib, ikki muxbir, ikki muharrir va yana bir xodimni otib o'ldirgan.
Rasmiylarning aytishicha, Ramos hujumni oldindan rejalagan. U 2015-yil gazetani tuhmat uchun sudga bergan, ammo sudda yutqazgani aytilmoqda.
"Tahdidlar ijtimoiy tarmoq orqali jo'natilgan. Qaysi profildan yuborilganini, kim jo'natganini aniqlashga urinyapmiz", - dedi politsiya vakili Bil Krampf.
Otishma boshlanishi bilan bir necha daqiqada politsiya voqea joyiga yetib kelgan va stol tagiga yashirinib olgan Ramosni qo'lga olgan.
Ramos ayni paytda so'roq qilinmoqda.
Voqea Merilend shtati aholisini larzaga soldi. Ramosning Lorel shahridagi uyida ham tintuv o'tkazilgan.
"Shahringda shunaqa narsa bo'ladi deb hech o'ylamaskansan. Bir chaqirim narida edim. Shunchalik yaqin bo'lgani odamni qo'rqitadi', - deydi mahalliy fuqarolardan biri.
"Capital Gazette" nashriga uyushtirilgan hujum so'nggi yillarda AQSh matbuoti bilan yuz bergan eng qonli voqea bo'ldi.
Oq uy matbuot kotibi Sara Sanders "Twitter" orqali bayonot berib, "o'z ishini bajarayotgan begunoh jurnalistlarga qilingan zo'ravon hujum har bir amerikalikka qilinganhujum bilan barobar", dedi.
Facebook Forum