O’zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Kobulga tashrif buyurib, Bosh vazir Abdulla Abdulla va Tashqi ishlar vaziri Salohiddin Rabboniy bilan uchrashdi.
Bosh vazirning bildirishicha, ikki tomon davlatlararo shakllangan aloqalardan mamnun.
Abdulla Abdulla idorasi tarqatgan bayonotga ko’ra, O’zbekiston tomoni Afg’onistonda sulh ta’minlanishi uchun yordam berishga, bu jarayonlarda faol qatnashishga tayyorligini bildirgan.
Ayni damda Afg’oniston Bosh vaziri Abdulla Abdulla qo’shni davlatning mamlakatdagi tinchlik jarayoni uchun ko’rsatayotgan yordami uchun minnatdorchilik bildirgan.
Uchrashuvda mintaqaviy hamkorlik, davlatlararo mushtarak iqtisodiy, ilmiy-madaniy aloqalar bo’yicha ham bahs qilingan.
Ayni paytda Afg’oniston Tashqi ishlar vaziri Salohiddin Rabboniy ham O’zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bilan uchrashib, Afg’onistonda tinchlikka erishish bo’yicha fikr almashtirilganini ta’kidlamoqda.
“Uchrashuvda doimiy sulhga erishish, mintaqaviy kelishuv, sulh va birdamlik uchun Afg’oniston va Pokiston uchrashuvlari, Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasida ikki davlatning mintaqaviy hamkorligi, davlatlararo aloqalar ustidan fikr almashtirildi”,- deydi Rabboniy.
Afg’on rasmiylari qo’shni davlatning yangi rahbariyati olib borayotgan siyosatni qo’llab-quvatlashini aytgan.
O’zbekiston Afg’oniston bilan turli sohalarda hamkorlik qilmoqda. So'nggi yillarda ikki davlat o’rtasidagi iqtisodiy-tijoriy hamkorlik ko’lami ancha ko’tarilgan.
Facebook Forum