Jahon kubogi o'yinlari uchun Rossiyaga borgan futbol ishqibozlari uchun Moskvada tomosha qilish mumkin bo'lgan joylar ko'p: Qizil maydon, Kreml, Avliyo Vasiliy sobori. Moskva daryosining biqinida ko'rimsizgina yana bir bino bor. U o'z bag'rida Sovet Ittifoqining eng qora kunlari tarixini saqlab keladi. Bu uyda bolsheviklar elitasi hisoblangan inqilobchilar yashagan.
Bu bino devorlari maxfiy sirlar, sharpalar, qo'rquv va zo'ravonliklar guvohi bo'lgan. "Sohil bo'yidagi uy"da bolsheviklar inqilobi va undan keyingi diktatura tarixi mujassam. 1931-yil qurib bitkazilgan koshonada Sovet Ittifoqining yetakchi rasmiylari yashagan.
Binoda 500 ta kvartira bor. Ulardan biri muzeyga aylantirilgan. Uni Olga Trifonova boshqaradi.
"Bu yerda yashagan odamlarni "eski bolsheviklar" deb atashadi. Ular bir-biriga yaqin bo'lgan, nafaqat mafkura jihatidan, balki taqdirlari ham", - deya eslaydi muzey rahbari.
Bu insonlar shohona hayot kechirgan: bino ichida teatr, kafe, kutubxona va sport zallari bo'lgan. Bunday hayot tarzi tez orada kommunizm ideallariga mos kelmay qoladi.
1930-yillar o'rtasiga kelib Sovetlar yetakchisi Iosif Stalin mamlakatni "ishchi sinf dushmanlari"dan tozalash maqsadida "Buyuk qatag'on" boshlaydi.
Tez orada bir million odam hibsga olinadi va ulardan 700 mingi qatl etiladi. "Sohil bo'yidagi uy"da yashovchilar qatag'on mashinasining ilk qurbonlariga aylanadi. Ommaviy hibslar va g'oyib bo'lishlar ortidan vahimalar urchiydi.
"Qo'shnilar bir-birinikiga chiqishni to'xtatib qo'yadi. Hech kim bir-biriga ishonmaydi", - deydi Olga Trifonova.
Bu uyda yashovchilarning 800 nafari hibsga olingan. Salkam yarmi o'ldirilgan.
Olga Trifonovaning turmush o'rto'gi Yuriy ham shu yerda ulg'aygan. Bolaligida uning otasini uydan olib ketishadi. Shundan so'ng u otasini qayta ko'rmagan. Onasi esa Gulagga jo'natilgan. 1976-yil Yurify Trifonov xotiralari haqida kitob yozgan.
"Qo'rquv tabiati haqida hikoya bu. Qo'rquv insonning butun umrini qanday azobga solishi haqida", - deydi Trifonova.
O'tmishdagi bu qo'rquv unutilayotgandek. O'tgan yili o'tkazilgan so'rovda Stalin Rossiyaning eng taniqli tarixiy shaxsi deb topildi.
"Sohil bo'yidagi uy" Jahon kubogi ishqibozlari tashrif buyuradigan joylar ro'yxatida asosiy o'rinda bo'lmasligi mumkin. Lekin u Stalin yovuzligining ramzi sifatida Moskva daryosi qirg'og'ida turaveradi. U ayni paytda shaharning eng qimmat binolaridan biri.
Lekin xaridor topish ham oson emas.
"Ko'plab xaridorlar bu uyning o'tmishidan cho'chiydi. Ko'pchilik, hatto yosh avlod ham bu haqda biladi", - deydi tahlilchi Dmitriy Taganov.
Ammo yangi avlod ongida kommunizm va Stalin haqidagi qarashlar bugun o'zgarib bormoqda.
Facebook Forum