Toshkentda Markaziy Osiyo davlatlari vakillari AQSh delegatsiyasi bilan C5+1 shaklidagi navbatdagi muloqotni o’tkazdi.
Avgust oyida Turkmanistonda Orolni qutqarish xalqaro jamg’armasi doirasidagi oliy toifadagi uchrashuvlar, sentabr oyida esa Qirg’izistonda turkiy tilli davlatlarning navbatdagi sammiti o’tishi kutilmoqda. Unda O’zbekiston ilk bor ishtirok etadi. Markaziy Osiyo yetakchilarining navbatdagi anjumaniga esa Toshkent mezbonlik qilishi belgilangan.
Markaziy Osiyo va AQSh hamkorligiga oid C5+1 muloqotining Toshkentda o’tgan yig’ilishida xavfsizlik masalasi muhokama qilingan.
Markaziy Osiyo rasmiylari AQSh Davlat kotibining Markaziy Osiyi bo’yicha yordamchisi o’rinbosari Genri Eshner boshchiligidagi delegatsiya bilan mintaqaviy xavfsizlik, terrorizm, ekstremizmga qarshi kurash masalasini muhokama qilgan. Uchrashuvda Afg’oniston masalasiga diqqat qaratilgan, majlis ishtirokchilari Markaziy Osiyo taraqqiyoti qo’shni Afg’onistonda barqarorlik o’rnatilishiga bog’liqligini ta’kidlashgan.
AQSh delegatsiyasi bilan muzokara Markaziy Osiyo xalqaro miqyosdagi hamkorlikda muvofiqlashayotgan muloqot shakllaridan biri. C5+1 muloqoti AQSh va Markaziy Osiyo o’rtasidagi mintaqaviy hamkorlik yuzasidan maslahatlashuv o’tkazish uchun 2015-yili Samarqandda tashkil qilingan edi.
Markaziy Osiyoda o’zaro ziddiyatlar kuchli bo’lgan bir davrda tashkil etilgan bu muloqotdan samara bo’lishi o’sha paytda shubhali ko’ringan bo’lsa, O’zbekistonda hokimiyat almashib, mintaqada iliqlik boshlanar ekan, Markaziy Osiyoda o’zaro hamkorlik platformasi yuzaga chiqayotgani, qo’shni davlatlar mintaqa manfaatlari yo’lida uyg’unlashayotgani ko'zga tashlanadi.
Toshkentdagi "C5+1" muloqotidan biroz avval 20-22-iyul kunlari Markaziy Osiyo tashqi ishlar vazirlari Issiqko’lda uchrashdi. Mintaqa davlatlari o’rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash to’g’risida qo’shma bayonot imzolangan bu muloqotdagi muhim yangiliklardan biri O’zbekistonning Bishkekda kutilayotgan turkiy tilli davlatlar sammitida ishtirok etishining tasdiqlanishi bo’ldi.
3-sentabr kuni Cho’lponota shahrida o’tishi kutilayotgan bu sammitda O’zbekiston ilk bor qatnashadi. Turkiyadan so’ng dunyodagi eng yirik turkiy aholiga ega O’zbekiston bu tashkilotni u asos solingan 90-yillardan inkor qilib kelayotgan edi.
O’zbekistonning turkiy tilli davlatlar ittifoqiga qo’shilishi Prezident Shavkat Mirziyoyevning Turkiyaga qilgan davlat tashrifi davomida bildirilgan. Uchrashuvda xalqaro tashkilotlar doirasida hamkorlik qilishda tomonlar pozitsiyasi mushtarak ekanligi aytilgan edi.
Ta’kidlash joiz, mintaqa davlatlari o’rtasida aloqalar tiklanayotganidan Markaziy Osiyoning eng yopiq davlati bo’lib qolayotgan Turkmaniston ham chetda emas.
Turkmaniston tomoni avgust oyida Ashxobodda Orolni qutqarish xalqaro jamg’armasi ta’sischi davlatlarining oliy toifadagi sammitiga mezbonlik qiladi.
Orolni qutqarish xalqaro jamg’armasi 90-yillardan beri mintaqa davlatlari o’zaro hamkorlik muloqotini ushlab kelayotgan kam sonli tashkilotlardan biri edi. Ammo keyinchalik Orol dengizining keskin qurishi, mintaqada suv bilan bog’liq ziddiyatlar avj olishi ortidan jamg’arma faoliyati doirasidagi hamkorlik deyarli to’xtagan.
Turkmaniston Prezidenti Qurbonguli Berdimuhammedov shu yil O’zbekistonga qilingan davlat tashrifi, Mirziyoyev bilan o’tkazgan muzokaralari davomida mintaqa davlatlarining o’zaro maslahatlashuv kengashi tashkil etilishini qo’llab-quvvatladi. U, shuningdek, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi faoliyatini tiklash, mintaqadagi ekologik, ijtimoiy muammolar muhokamasi uchun avgust oyida oliy darajadagi uchrashuvlar kutilayotganini ma’lum qilgan edi.
“Biz muzokaralar davomida Orolni qutqarish xalqaro jamg’armasi faoliyatini takomillashtirishga ham kelishdik, jamg’arma Orol hududidagi ekologik, ijtimoiy muammolarni muhokama qiluvchi muhim mintaqaviy tuzilma vazifasini bajaradi. Bu jamg‘arma ta’sischilarining sammiti avgust oyida Turkmanistonda o’tadi”, - degan edi Berdimuhammedov Toshkentdagi chiqishida.
Hozircha aniq sanasi noma’lum qolayotgan bu sammitda Prezident Shavkat Mirziyoyev qatnashishi kutilmoqda. Prezident matbuot xizmati iyunda Berdimuhammedov va Mirziyoyev o’rtasidagi telefon muloqotida Ashxoboddagi sammit masalasi ham muhokama qilinganini bildirgan edi.
Markaziy Osiyoda aloqalar iliqlashishiga O’zbekistonda hokimiyat almashishi, yangi prezident Mirziyoyevning qo’shi davlatlarga amalga oshirgan davlat tashrifi, muzokaralari turtki berdi.
Ammo mintaqaviy hamkorlikdagi jiddiy siljish haqida deyarli o’n yillik tanaffusdan so’ng ilk bor Ostonada o’tkazilgan Markaziy Osiyo yetakchilarining norasmiy sammitidan so’ng gapirila boshlandi.
Ayni paytda mintaqa prezidentlarining norasmiy sammitini har yili Navro’z bayrami arafasida o’tkazishga kelishilgan, navbatdagi anjumanga O’zbekiston mezbonlik qiladi.
Facebook Forum