Breaking News

Afg’onistonda yangi xavfsizlik kuchlari joriy etilmoqda


Afg’oniston rasmiylarining aytishicha, milliy armiya va politsiya tarkibidan nafaqaga chiqgan xodimlar IShID va Tolibon harakati nazoratidan ozod etilgan joylarda barqarorlikni ta’minlashga safarbar etiladi. Buning uchun maxsus Afg’oniston Hududiy xavfsizlik kuchlari tashkil etilgan.

Afg’oniston Mudofaa vazirligi matbuot kotibi general Muhammad Radmanishning “Amerika ovozi”ga bildirishicha, Hududiy xavfsizlik kuchlari barcha zarur qurol va jihozlar bilan ta’minlanadi hamda ularga favqulodda vaziyatlarda havodan yordam ko’rsatiladi.

“Xavfsizlik kuchlari shtablari Afg’oniston hukumatiga strategik nuqtai nazardan muhim sanalgan joylar, shuningdek, jangarilardan ozod etilgan himoyaga muhtoj hududlarga joylashtiriladi”, - deydi general Radmanish.

Afg’oniston Mudofaa vazirligi tasarrufida faoliyat yuritadigan yangi xavfsizlik kuchlari tarkibiga qabul sharqiy Lagman, shimoli-sharqiy Kapisa, janubiy Qandahor va g’arbiy Hirot viloyatlarida allaqachon boshlangan. Mazkur jarayonning boshqa viloyatlarda ham amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Afg’on rasmiylarining ma’lum qilishicha, mamlakat Prezidenti Ashraf G’ani joriy yil avvalida yangi xavfsizlik kuchlarini tashkil etish to’g’risida qaror qabul qilgan va xavfszlik kuchlari tarkibiga jami 36 ming xodim jalb etiladi.

Ma’lumki, Afg’oniston hukumati mamlakatning turli hududlarida xavfsizlik borasida yuzaga kelgan bo’shliqni to’ldirish uchun militsiya xizmatiga tayanar edi. Militsiya xodimlari joylarda xizmat vakolatlarini suiiste’mol qilishda ayblangan edi. Shu o’rinda, yangi xavfsizlik xizmatining joriy qilinishi ana shu eski huquqbuzarlik holatlarini qaytadan yuzaga chiqarishi mumkin degan xavotirlar ham mavjud.

Biroq Afg’oniston rasmiylarining ta’kidlashicha, yangi xizmat faoliyati eski militsiyadan keskin farq qiladi. Yangi tashabbus doirasida ishga jalb qilinganlar aynan Afg’oniston Milliy xavfsizlik kuchlari uchun joriy etilgan qabul va tayyorlov jarayonlaridan o’tishlari kerak.

“Afg’oniston armiyasi Hududiy kuchlari harbiy qoidalarga qat’iy amal qiladi va har qanday huquqbuzarlik holatlari uchun jazo muqarrar”, - deydi general Radmanish.

Yangi Xavfsizlik kuchlari faoliyati IShID terrorchilar guruhi nazoratida bo’lib kelgan sharqiy Nangarhar viloyatida ham joriy etiladi. Xuroson Islom davlati nomi bilan tanilgan harakat Nanagarhar hududlarida dastlab 2015-yilda paydo bo’lgan edi. Mazkur terrorchilik guruhi faoliyati qo’shni hududlar va bir qator shimoliy viloyatlarga ham yoyilib ulgurgan.

Nangarhar viloyati hokimligi matbuot kotibi Otaulloh Xogyanining “Amerika ovozi”ga aytishicha, yangi kuchlar Afg’oniston va AQSh harbiy koalitsiyasi tomonidan ozod qilingan hududlarni IShID va Tolibon tomonidan qayta egallab olinishidan saqlaydi.

“Hududiy xavfsizlik kuchlari shtablari sharqiy Nangarhar viloyatining Xogyani, Pachir Va Agam hamda Dah Balo tumanlariga joylashtiriladi”, - deydi matbuot kotibi. Shuningdek, yangi xavfsizlik kuchlarining joriy qilinishi mahalliy aholi tomonidan qo’llab-quvvatlanmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG