Breaking News

Rossiya va AQSh saylovi: mashmasha davom etadi


Tramp va Rossiya mashmashasi: yangi tafsilotlar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:37 0:00

Rossiyaning AQShdagi saylovlarga aralashgani yuzasidan tergov haqida bahslar davom etmoqda. Prezident Donald Tramp sobiq advokatining aytishicha, 2016-yil demokratlar nomzodi Xillari Klintonga qarshi material yig'ish maqsadida rossiyaliklar bilan o'tkazilgan uchrashuv haqida Trampning oldindan xabari bo'lgan.

Uzoq yillar Trampning huquqiy muammolarini hal qilib kelgan Maykl Koen Trampning "Playboy" jurnali sobiq modeliga pul to'lash muzokaralarini yashirincha yozib olgani fosh bo'lgach, bahs-munozara yanada avj oldi.

Federal tergovchilar tomonidan so'roq qilinayotgan advokat endi bundan-da shov-shuvli xabar bilan chiqdi: to'ng'ich o'g'li va kuyovi hamda saylov kampaniyasi bo'yicha menejeri Nyu-Yorkdagi "Tramp Tover" binosida rossiyaliklar bilan maxfiy uchrashuv tashkil qilayotgani haqida Tramp oldindan xabardor bo'lgan.

Tramp bu uchrashuv haqida ma'lumotga ega bo'lganini inkor etib kelayotgan edi. Ayni paytda uning advokatlari Koenga qarshi hujumni kuchaytirgan.

"Unga nima bo'lganini bilmayman. Bir necha oy oldin bunaqa yolg'onlarni gapirmayotgan edi. U mijozlari ovozini yashirincha yozib oladigan advokat ekanini bilmas ekanman", - dedi Tramp advokati Rudi Juliani.

Prezident ham o'z fikrini bildirdi. "O'g'lim bilan bo'lgan uchrashuv haqida bilmasdim. Aloqasi bo'lmagan muammolaridan qutulish uchun kimdir bu gaplarni o'ylab topyapti", - deb yozdi u "Twitter" orqali.

Rossiya ishi bo'yicha Maxsus tergovchi Robert Myuller tergov tafsilotlari haqida ma'lumot bergani yo'q. Boshqalar esa taxminlarga berilgan. Vakillar palatasining Razvedka qo'mitasidagi yetakchi demokrat Adam Shif bu haqda shunday dedi:

"Agar Tramp 9-iyundagi uchrashuv haqida bilgan bo'lsa, tasavvur qilish mumkin: rossiyaliklar Trampga yordam taklif qilgan. Tramp buni ma'qullagan. Rossiyaliklar bu yordamni yetkazgan. Uchrashuvning asl maqsadi haqida Tramp yolg'on xabar berdi. Tramp o'z rolini yashirdi", - deb yozdi u "Twitter" orqali.

Senat qo'mitasidagi respublikachi Jeyms Lenkfordga ko'ra, matbuotning Tramp o'tmishiga diqqat qaratishi mamlakatni bugungi xavflardan chalg'ityapti.

"Rossiyaliklar axborot yig'ish va uni demokratiyamizga qarshi ishlatish uchun saylovimizga turli yo'llar bilan aralashishga urinayotganidan ogoh bo'lishimiz kerak. Bu sanksiyalar qo'llashni, hukumatimiz zudlik bilan chora ko'rishini taqozo etadi", - deydi u.

Myuller tergovi doirasida Tramp bilan ishlagan bir qator rasmiylarga qarshi ayblovlar e'lon qilindi. Prezidentga yaqin bo'lgan Koen kabi yana ayrim shaxslar prokurorlarga ko'rsatma berishni boshlagan. Bu esa Tramp atrofidagi gap-so'zlarni yanada kuchaytirmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG