Afg’oniston razvedka xizmatiga qarashli Kobuldagi mashg’ulot markaziga qurolli hujum uyushtirildi.
Ichki Ishlar vazirligi matbuot kotibi o’rinbosari Nasrat Rahimiyning ma’lum qilishicha, uch kishi mashinada Milliy xavfsizlik boshqarmasi mashg’ulot markazi yonida qurilayotgan binoga kirib kelgan. Ulardan biri o’ldirilgan, qolgan ikki nafari xavfsizlik kuchlari bilan otishma boshlagan. Mahalliy aholi kamida bir marta portlash ovozi eshitilganini aytmoqda.
Hujum poytaxtdagi o’quv maskanlaridan birida o'nlab odamlarning o'limiga sabab bo'lgan xudkushlik xurujidan bir kun o'tib ro'y bermoqda. Shia aholi yashaydigan hududda joylashgan Movud akademiyasidagi portlash universitetga qabul imtihoni paytida uyushtirilgan. Unda 50 ga yaqin odam halok bo’lgan. Tolibon xurujga aloqasi yo’qligini e’lon qilgan.
Shu kun avvalida Tolibon Afg’oniston shimolidagi Bag’lan harbiy bazasiga ham hujum qilib, 40 ta xavfsizlik xodimini o’ldirgan edi.
Ayni paytning o’zida Tolibon Zabul viloyatidagi Qalat shahri postiga hujum qilib, bir necha politsiya xodimlarini o’ldirgan. To’qnashuvda jangarilardan ham bir nechtasi halok bo’lgan.
Shuningdek, 13-avgust kuni Tolibon Faryob viloyatidagi harbiy bazani egallab olgan edi. Bu yerdagi 70 askardan 40 tasi Tolibonga taslim bo’lgan.
Bu orada AQSh rasmiylari Afg’onistondagi vaziyatni yaqindan kuzatib bormoqda. Davlat Departamenti matbuot kotibining ma’lum qilishicha, Vashington Afg’oniston hukumatining tinchlikni o’rnatishga doir harakatlarini to’liq qo’llab-quvvatlashda davom etadi.
“Dahshatli hujumlar sektalar zo’ravonligini kuchaytirish hamda afg’on xalqining tinchlik va xavfsizlik borasidagi orzu-umidlariga to’siq bo’lishga oshkora urinishdir. Bu Afg’oniston nizolariga tinchlik yo’li bilan yechim topish lozimligini yana bir bor eslatadi”, - dedi Davlat Departamenti matbuot kotibi Xezer Noyert.
Uning qo'shimcha qilishicha, Tolibonning ayrim elementlari tinchlik sulhini qo’llab-quvvatlamayapti. Boshqalari esa tinchlik muzokaralari tarafdori. Qonli to’qnashuvlarni tinchlikka qarshi bo’lgan taraflarning urinishlari o’laroq baholash kerak; bu AQSni Afg’onistonning tinchlikka erishish borasidagi intilishlarini dastaklash ahdidan qaytarmaydi, deydi u.
Shuningdek, Tolibon Afg’oniston hududida ishlayotgan Qizil xoch jamiyati xodimlarining xavfsiz harakatlanishini ta’minlashga chek qo’yishini ma’lum qildi. Joriy hafta AQSh va Tolibon rasmiylari o’rtasida Doxada bo’lib o’tgan muzokaralar Avg’onistonda tinchlikka erishish ehtimollarini bir qadar jonlantirgan edi.
Facebook Forum