Breaking News

Tramp: Puerto-Rikoga a'lo darajada yordam ko'rsatdik


Mariya to'fonidan keyin Puerto-Rikodagi holat, 2017-yil, 26-sentabr.
Mariya to'fonidan keyin Puerto-Rikodagi holat, 2017-yil, 26-sentabr.

AQSh Prezidenti Donald Tramp o’tgan yilgi to’fonlar ortidan Puerto-Rikoga o’z ma’muriyati “a’lo darajada” yordam ko'rsatganini aytmoqda. 29-avgust kuni jurnalistlar bilan bo’lgan suhbatda Tramp Irma va Mariya to’fonlaridan keyin Puerto-Rikoni qayta tiklashga milliardlab dollar ajratilganini aytmoqda.

Trampning bu izohi to’fon qurbonlarining soni amalda 3000 kishiga yaqin ekanligi haqidagi axborot tarqalgandan bir kun o’tgach berilgan. Eslatib o’tamiz, rasmiy ma’lumotlar to’fon qurbonlari sonini juda katta farq bilan 64 kishi deb e’lon qilgan edi. Yangi ma’lumot o’tgan yilgi to’fonlar davrining Amerika tarixidagi eng ko’p qurbonlar berilgan davri bo’lganligini ko’rsatmoqda.

Yangi xabarlarga ko’ra, Mariya to’foni yuz bergan 2017-yilning sentabr oyidan joriy yilning fevral oyi o’rtalariga qadar ofat bilan bevosita va bilvosita bog’liq qurbonlar soni 2975 taga yetgan. Ana shu davr mobaynida aksariyat aholi elektr quvvati, suv ta’minoti va tegishli tibbiy xizmatdan uzilib qolgan.

Tramp to’fonlardan yetgan zararni qoplashda Puerto-Rikoga Texas va Florida darajasida e’tibor qaratmaganlikda ayblanmoqda.

"Tramp ma'muriyati Puerto-Riko fuqarolarini e'tiborsiz qoldirganini hamma bilishi uchun qo'limizdan kelgan barcha ishni qilishimiz muhim", - dedi demokrat qonunchi Nidia Velaskes.

“Biz Puerto-Rikoga milliard-milliard dollar kiritdik, bu juda mushkul edi. Unutmang, ularning elektr stansiyasi to’fondan avval ishdan chiqqan edi. Ma’lumotlarni qayta tekshirsangiz, stansiya faoliyati avvaldan to’xtatilganiga guvoh bo’lasiz. U bankrot bo’lgan. Katta qarzi bor edi. Shuning uchun yopilgan”, - deydi Tramp o’z ma’muriyati faoliyatini himoya qilib.

Trampga ko’ra, Puerto-Rikoning Texas va Floridaga qaraganda sekinroq tiklanishi uning geografik joylashuvi va to’fonlardan avval mavjud bo’lgan muammolar bilan bog’liq.

Puerto-Riko gubernatori Rikardo Roselloga ko’ra, orol to’fonlarga qarshi yaxshiroq tayyorgarlikka ega bo’lishi kerak edi. U aybning bir qismini o’ziga oldi.

"To'g'ri, xatolar qildim. Narsalarni boshqacharoq hal qilishimiz mumkin edi. Gubernator sifatida tanqidlarni qabul qilaman va shu asosda ishlaymiz", - dedi u.

Rosello rasmiy axborotida qurbonlar soni 2975 taga oshirilgan. Avvalgi 64 kishi deb berilgan ma’lumot amaldagidan juda kam bo’lib, tibbiyot xodimlari ko’plab o’limlarni bevosita to’fon bilan bog’lamay, tabiiy sabablar yoki baxtsiz hodisalar bilan bog’lab ko’rsatgan. Eng ko’p kambag’al va keksalar to’fon qurboniga aylangan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG