Breaking News

Toshkent Afg'oniston tinchlik muzokaralarining markaziga aylanmoqda


Toshkentda o'tgan Afg'oniston tinchlik anjumani
Toshkentda o'tgan Afg'oniston tinchlik anjumani

Rossiya poytaxti Moskvada Tolibon ishtirokida rejalangan uchrashuvlarning qoldirilishi ortidan ziddiyatli tomonlarni murosaga keltirishdagi yagona maydon vazifasini Toshkent bajarishi aytilmoqda. Rossiya tashabbusidagi Moskva uchrashuvlari rad etilar ekan, O’zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov yaqinda Kobulda muzokaralar o’tkazib qaytdi. Tashrif davomida Prezident Ashraf G’ani bilan Toshkent deklaratsiyasi muhokama qilingan.

Toshkent va Tolibon muzokaralari
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:59 0:00

Abdulaziz Komilovning Afg’onistonga safari Toshkentda Tolibon delegatsiyasi bilan o’tgan muzokaralar ortidan kuzatilmoqda. Safar yuzasidan tarqatilgan xabarga ko’ra, Komilov Prezident Ashraf G’ani tomonidan qabul qilingan, muzokaragi asosiy mavzu Toshkent deklaratsiyasi bo’lgan.

Afg’onistonda hukumat va toliblar o’rtasida tinchlik muzokarasini yo’lga qo’yish maqsadida qabul qilingan bu deklaratsiya Toshkentda mart oyida imzolangan edi.

Bu deklaratsiya imzolanishi ortidan Tashqi ishlar vazirligi Tolibon delegatsiyasini mamlakatda rasman kutib oldi, toliblarning Qatardagi siyosiy idorasi vakillaridan iborat delegatsiya bir necha kun davomida O’zbekistonda bo’ldi, turli darajada, jumladan, Abdulaziz Komilov bilan ham muzokaralar o’tkazdi.

Komilovning Ashraf G’ani bilan uchrashuvi shu muzokara ortidan kuzatilmoqda, Toshkent tashabbusi Moskvada o’tishi e’lon qilingan uchrashuvlardan farqli AQSh, Afg’oniston hukumati tomonidan qo’llab-quvvatlanmoqda.

Tolibon vakillari ishtiroki tasdiqlangan Moskvadagi uchrashuv unda AQSh, Afg’oniston ishtirok etmasligi ma’lum bo’lgach qoldirildi, buning ortidan Toshkent afg’on muzokarasi bo’yicha mintaqadagi asosiy maydonga aylanishi aytilmoqda.

Afg’oniston masalasi bo’yicha rossiyalik ekspert Andrey Sirenkoga ko’ra, Moskva formati muvaffaqiyatsizlikka uchrashi aniq edi, bugun afg’on masalasidagi asosiy tashabbus markazi Toshkentga ko’chgan.

“Moskva tashabbusi boshidan samarasiz edi. Ayniqsa, Afg’oniston bo’yicha maxsus vakilimiz Zamir Qabulov bildirgan bayonotlarni nazarda tutsak. Shu ma’noda Moskva formati allaqachon o’lib bo’lgan. Qolaversa, Rossiyaning afg’on masalasidagi bugungi mavqei bu tariqadagi muloqotlarni o’tkazishga imkoniyat bermaydi. Uchrashuvning bekor qilinganini o’zi bunga yaqqol dalildir. AQSh va Rossiya o’rtasida ziddiyat bor ekan, Moskva formatidagi uchrashuvni unutish kerak. Shuning uchun afg’on muammosi bo’yicha asosiy muloqotning Toshkentga ko‘chishi asosli, to’g’ri qaror. Afg’on yo’nalishidagi tashabbuslar bo’yicha mintaqada Toshkent asosiy o’rinda turibdi, bu darajada turli murosa yo’llarini ko’tarayotgan boshqa davlat yo’q. Shunday ekan, Moskva formatidagi uchrashuvlar o’rnini Toshkent muloqoti egallashi haqiqatga yaqin. Albatta, bunga Moskva rozi bo’ladimi yo’qmi, aytish qiyin, chunki O’zbekiston Qozog’iston emas, harbiy blok doirasidagi ittifoqchisi emas. Moskva bilan aloqalarda ma’lum masofa bor, shuning uchun Rossiya Moskva formatidagi uchrashuvni Qozog’istonga ko’chirish tashabbusi bilan chiqsa ham ajablanmayman”, - deydi Andrey Sirenko.

Mart oyida Toshkentda prezidentlar Mirziyoyev va G’ani ishtirokida Afg’onistonda tinchlik muloqotini o’rnatishga qaratilgan xalqaro konferensiya o’tdi.

Tashqi ishlar vazirlari darajasidagi konferensiyada AQSh, Rossiya, Xitoy, Turkiya, Pokiston, Eron kabi bir qator davlatlar ishtirok etdi. Tomonlar afg’on hukumati va toliblar o’rtasida shartlarsiz tinchlik muloqoti boshlashga qaratilgan Toshkent deklaratsiyasini imzoladi.

Bir muddat o’tib Tolibon rasmiy delegatsiyasi O’zbekistonda rasman kutib olindi, muzokaralar ortidan Toshkentda toliblarni siyosiy idorasi ochilishi mumkinligi haqidagi xabarlar tarqadi. Rasmiy Toshkentning afg’on muammosida bu qadar faollashgani xavotirlarga ham sabab bo’ldi.

Andrey Sirenkoga ko’ra, aksincha, Toshkentning afg’on yo’nalishidagi tashabbuslari mintaqani xavfsizroq qiladi.

“Nazarimda, bunday xavotirlarga o’rin yo’q, bu birinchi navbatda O’zbekistonning o’z xavfsizligi uchun kerak. Chunki afg’on inqirozi paydo bo’libdiki, qo’shni davlatlar uchun chegara, xavfsizlik masalasi dolzarbligicha qolmoqda. Shuning uchun bugun Toshkent afg’on hukumati bilan bir qatorda Tolibon bilan ham aloqalarni yo’lga qo’ygani aynan shu xavfsizlikni mustahkamlashga xizmat qiladi. Mirziyoyev bu borada ancha ustunlikka ega, ya’ni afg’on hukumatiga ham, toliblarga ham muloqot taklif qilishi mumkin. Qolaversa, bu yerda iqtisodiy munosabatlarni himoya qilish, “Islomiy davlat”ga qarshi turish masalalari ham turibdi, bu siyosiy pragmatik manfaatlar”, - degan fikrda Sirenko.

O’zbekistonning Afg’oniston masalasidagi pozitsiyasi mamlakatdagi qarama-qarshi kuchlarni, siyosiy guruhlarni muzokaraga o’tqazish, toliblarni siyosiy kuch sifatida tan olish, hukumat va muxolif kuchlar o’rtasida avvaldan shartlar qo’yilmasdan muloqot boshlashdir.

Tolibon Toshkentdagi muzokaralar ortidan tarqatgan bayonotida Komilov bilan uchrashuvda Afg’onistondan xalqaro qo’shinlarni chiqarish masalasi ham muhokama qilinganini bildirgan edi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG