Afg’onistonda o’n yillardan beri davom etayotgan fuqarolar urushi, tojikistonlik ba’zi tahlilchilarning aytishicha, Tolibonning qudratdagi hukumat bilan muzokaraga kelishi bilan yakuniga yetishi mumkin. Ammo bu kelishuvga haqiqatdan ham erishiladimi? U qanday ko'rinishda bo’ladi? Unga erishishda qo’shni mamlakatlar ham ishtirok etadimi?
Shu haqda tojikistonlik mahalliy ziyolilarning fikrini o'rgandik.
Afg'onistonda haligacha tinchlik o’rnatilmagan bo’lsa-da, Tolibonning Toshkentda O’zbekiston rasmiylari bilan uchrashganligi, jangzada afg’on xalqining murosaga borishga intilayotganidan darak beradi.
Dushanbedan siyosatshunos Abdulla Rahnamoning aytishicha, afg‘on mojarosi va u yerda tinchlik o‘rnatishda Tojikiston tajribasidan qisman foydalanish mumkin.
"Afg'oniston xususida muhim jihatlar borki, bunda tojik tajribasidan foydalansa bo‘ladi. Albatta, u yerdagi voqea-hodisalarning kelib chiqishi, ishtirokchilar, shuningdek, ularning xorijiy homiylari, barcha jarayonlar tubdan farq qiladi. To‘g’ri, tojik tajribasini to‘laligicha u yerga tatbiq etib bo‘lmaydi, farq juda katta, ammo ayrim nuqtalarni tatbiq etsa bo‘ladi. Mana, masalan, muxolifat bilan kelishish yo’llari, ularni hukumatga qo’shish, tinch taraqqiyotga yo’l ochish, bularning barchasi afg‘on hukumatining o‘ziga bog‘liq, kelishish yo’llarini izlash va topish kerak", - deydi u.
Yevropada yashayotgan tojik muxolifatchilaridan biri aytadiki, ayni hozirgi sharoitda Tojikistonning Afg’onistondagi tinchlik jarayonlariga bevosita qo’shilishiga yo’l ko’rinmaydi.
"Islom olamida, xususan, Markaziy Osiyoning chegara hududlari, jumladan, Tojikiston chegaralarida sobiq mujohidlar va ularga qo’shilgan yangi guruhlar faol harakatda ekanligini inobatga olishga to’g’ri keladi. Yaqindagina afg’on-tojik chegarasida bo’lib o’tgan qonli fojea, narkotrafikning zo’rligi, buning yuqori martabali kishilargacha borib yetganligi masalani chigallashtiradi. Tojikiston bu masalada faqat umumiy tinchlik jarayoniga erishilganidan so’nggina ko’proq ko’mak berishi mumkin bo’ladi, avvalo u yerda tinchlikni o’rnatish kerak, bunda esa, asosan, G’arb va Rossiya rol o’naydi, keyin Tojikiston", - deydi tojik muxolifatchisi.
Xo’jandlik tojik ziyolisi Alisher Tolibov fikricha, Afg’oniston uchun Tojikiston birinchi galda ularga nihoyatda zarur bo’lgan arzon elektr energiyasi yetkazib berishi mumkin.
"Tojikistonning hamzabon qo’shnimiz Afg’onistonga munosabati keyingi yillarda barcha sohalarda rivojlanib bormoqda, bulardan eng muhimi - elektr energiyasini etkazib berishdir. Ma’lumki, energiya quvvatisiz taraqqiyot bo’lmaydi, bu juda muhim. Tojikistonning O’zbekiston bilan do’stona munosabatlarining rivojlanishi, Rog’un GESining qurilishida muammolarning bartaraf etilishi oldinda katta ufqlarni ochadi. Ko’ryapmizki, yangi qo’shnichilik munosabatlari to hatto afg’on xalqiga ham foydali bo’lib chiqmoqdaki, bundan hamma xursand. Shu vaqtgacha hech kim kutmagan narsa, Tolibon rasmiylarining Toshkentdagi uchrashuvlari ham dilimizda umid uyg’otadiki, mintaqada tinchlik jarayonlari tezlashadi, ana undan keyin tojik-afg’on chegaralari ham o’zbek-tojik chegaralari kabi ochiq va serqatnov bo’lishiga shubha yo’q", - deydi Tolibov.
Afg’onistonda sho’rolar qo’shini safida xizmat qilgan xo’jandlik Murodjon Jo’rayev ham o’zining u yerdagi yurishini eslar ekan, qo‘shnilarga elektr energiyasi ta’minotini juda muhim hisoblaydi.
"Bu yog’i Mozori Sharif, Pulixumri, Qunduz, Chorikor, Kobul, umuman G’aznaga borib to’xtaganmiz. O’shanda ham aholi ikki toifada, qarashlari-munosabatlari ikki xil edi. Masalan Suriyada nima qilishyapti hozir? Jangarilardan tozalab berishmoqda xalqni tinch yashashi uchun. Maqsad xalqqa tinchlik o’rnatib berish, toki zo’ravonlar tinch aholiga musht o’qtalmasin. Afg’onistonga hozir asosan elektr energiyasi yetkazib berish zarur, ular chiroqsiz o’tirishadi, juda ham qashshoq xalq, - deydi sobiq sho’ro askari.
Tojikistonlik ekspert Anatoliy Hayimshoyev vaqti bilan Amudaryoga qurilishi mumkin bo’lgan yangi GESlaru, o’zidagi gaz zaxiralari bilan Afg‘oniston nafaqat o‘zini, balki qo‘shnilarni ham energiya bilan ta’minlay olishi mumkinligini aytadi.
"Kelajakda mintaqada, Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatilganidan so‘ng agar Amudaryoda Dashtijum GESi qurilsa, masalan, butun regionni juda arzon elektr energiyasi bilan ta’minlay oladi. Bunda, albatta, Tojikiston ham shubhasiz ishtirok etadi, chunki daryo o‘rtada joylashgan, bu ish Tojikistonning ishtirokisiz bo‘lmaydi. Hozirdanoq Tojikistonda afg‘onlar bir qancha oliy o‘quv yurtlarida ta’lim olishmoqda, tilning bir xilligi, yaqinlik ijobiy ta’sir qiladi, muloqotni osonlashtiradi. Tojikiston qo‘shni Afg‘onistonga oliy ma’lumotli kadrlarni ham yetkazib berishi mumkin. Bozor va hunarmandchilikni rivojlantirishda ham Tojikistonning o‘rni beqiyosdir", - deydi Anatoliy.
Uning aytishicha, shu o‘rinda Amudaryoda qurilib, hozirda u qadar ko‘lamli ish bermayotgan bir nechta zamonaviy ko‘priklarning ham kelajakda foydasi juda katta bo‘ladi.
"AQSh ko‘magida Afg‘oniston va Tojikiston o‘rtasida qurilgan ko‘priklar ham kelajakda mintaqa taraqqiyoti uchun xizmat qiladi va 5+1 loyihasining amalga oshishiga ko‘mak ko‘rsatadi. Bu loyiha amalga oshsa edi, ya’ni region aqalli iqtisodiy jihatdan birlashsa edi, mintaqaning besh jumhuriyati Afg‘oniston bilan birga juda katta iqtidorga ega bo‘lib, odamlarimiz ish izlab begona o‘lkalarda sarson bo‘lmasdilar, barchasi o‘zimizda bo‘lar edi. Mintaqa rahbarlari ham, oddiy odamlar ham shuni tushunib yetishlari zarur", - deb o’z fikrini yakunlaydi Anatoliy.
Facebook Forum