Markaziy Osiyo respublikalari orasida yaxshi qo’shnichilik va integratsiya jarayonlari tezlashar ekan, mintaqada faol ijodkorlar Mustaqillik bayrami kunlarida o’zaro birdamlikni namoyon etishga ahd qildi.
Tojikistonlik ijodkorlar Farg’ona vodiysi bo’ylab ijodiy safarda bo’lar ekan, bu diyordagi ulkan o’zgarishlar, qurilish va to’kinlikning guvohi bo’ldi.
Oltin vodiy - Farg’ona mintaqasiga bog’langan o’zbek, tojik va qirg’iz ijodkorlarining O’sh shahrida o’tkazilgan tadbirlari davomida Tojikistonning Xatlon va So’g’d viloyatlari ijodkorlari o’lkaning ulug’ shoiri – Muhammad Yusuf xonadonida bo’lib, ziyorat qildilar, Marhamat nohiyasida faol ijodkor Muqimjon Nurboyevning qishloqdagi oddiy xonadonida qo’noq topib, she’rxonlik kechasi tashkil etdilar.
Tojikistonning Xatlon va So’g’d, O’zbekistonning Toshkent, Qashqadaryo va Andijon viloyatlaridan to’plangan she’riyat ixlosmandlari kuzning sokin tunlari qishloqda o’tkazgan nazm oqshomi birlashib borayotgan o’lka aholisining ezgu tilaklariga hamohang bo’ldi.
"Biz ustoz Muhammad Yusufning qabrini ziyorat qilar ekanmiz, bir narsa dilimdan o’tdi, tarix darhaqiqat qaytalanar ekan, oqqan ariq oqaveradi deganlari haq bo’lmoqda. Muhammad Yusuf bolalikda suzgan Xizrariq suvida cho’milib, etimiz junjikkan bo’lsa-da, ruhimiz orom oldi, tetik bo’ldik. Davlatlarimiz liderllari boshlab bergan do’stona aloqalarning qayta tiklanishi va rivojlanishi ayni muddao bo’ldi, biz ijodkorlar buni vasf etamiz", - deydi Tojkistonning Yovon nohiyasidan bo’lgan yosh o’zbek shoiri Karomatullo G’oziyev.
Andijonlik yosh ijodkorlar ham bunday fikrga qo’shilishar ekan, do’stlarini qo’llab-quvvatlaydi. Marhamatda mehmonlarga o’z uyidan qo’noq bergan ijodkor Muqimjon Nurboyev aytadiki, vodiyda o'zbek ijodkorlarining bunday o’zaro diydorlashuvi ijtimoiy tarmoqlardagi muloqot tufayli yaqin bir necha yildan beri davom etib kelmoqda
"Internetda faol bo’lgan ko’plab yosh o’zbek ijodkorlari vodiydan tashqari Jizzax, Qashqadaryo, Toshkent va Samarqand viloyatlarida bir necha marta diydorlashdilar. Yangi asr - texnologiyalar asri, yoshlarni faqat gazeta-jurnallaru, radio-televideniye bilan qoniqtirib bo’lmaydi, ular masofa bilishmaydi. Imkon topildi degancha diydorga oshiqadilar, birlashaveradilar, bunga o’zingiz guvohsiz", - deydi Muqimjon.
Tojikistonning Tursunzoda shahridan ikki dovon oshib kelgan yozuvchi Hasanboy G’oyib ham ikki qardosh respublika ijodkorlarining norasmiy muloqotlari davom etib borar ekan, bu narsa mamlakatlar orasidagi rasmiy aloqalarning yanada barqarorlashishiga xizmat qiladi deydi.
"Hech qanday kuch tarixi bir bo’lgan mintaqani parchalay olmaydi, agarchi, yurt aholisi bir bo’lsa va oradan oqibat ko’tarilmasa. Bundan yuz yilcha muqaddam bu tarixiy zamin ijodkorlari ot-aravada haftalab yo’l yurib diydorga oshiqqanlar. Tasavvur qilasizmi, g’azalxonlik uchun Toshkentdan Qo’qon va Marg’ilonga, Marg’ilondan Samarqandu Buxoroga yo’l yurganlar. Holbuki, u vaqtlarda internet tugul, oddiy avtomobil, hatto temiryo’llar bo’lmagan. Xalqimiz aslida mana shunday ittifoqda yashashga o’rgangan, bir-birining diydoriga mudom mushtoq bo’lganlar. Adabiyot chegara bilmaydi, til bilmaydi, voqean bizning tilimiz ham, dilimiz ham birdir", - deydi Hasanboy.
Ijtimoiy tarmoqlar orqali qator-qator kitoblari chop etilgan kazo-kazo shoirlardan ko’ra kopro’q tanilgan toshkentlik shoira Malika Salimovaning aytishicha, o’lka yoshlari siyosatdan chetda tursalar-da, qo’shni davlatlar rasmiylaridan ildamroq uyushib bormoqda, hushyor kishilar buni tez ilg’ab olish mumkin.
"Biz hech qanday siyosiy qarashlar, harakatlar bilan ishimiz yo’q, ijodimizni qilib boraveramiz, bizlarni adabiyotga, she’riyatga muhabbat birlashtiradi. Avvalo, oramizdagi mehr-oqibatdan ayirmasin, bobolarimiz, momolarimiz umidlarini so’ndirmasak, ahillkni qo’ldan bermasak, yagona Vatan ishqini dilga jo qilsak, shuning o’zi yetarli", - deydi Malika.
Asli Jizzaxda tug’ilib voyaga yetgan toshkentlik Zilola Xoliqova rasman bemor va imkoniyati cheklangan nogironlar safida bo’lsa-da, o’zini ilg’orlar qatorida ko’rishni istaydi.
"Prezidentimiz Shavkat Miromonovich har bir chiqishlarida vaqt shiddat bilan o’tayotgani, zamon o’zgarganini qayta-qayta ta’kidlab keladilar-u, lekin ba’zida o’zim tirishqoqlik bilan qilayotgan harakatlarim rasmiy idoralarda ayrim byurokratik to’sqinliklarga duch kelayotganida xafa bo’lib ketaman. To’g’ri, biz siyosatchi emasmiz, chekkadamiz. Ammo bu degani faolligimizga yo’l bermaslik kerak degani emasku, juda ko’p orzu-umidlar bilan yonaman, kuyaman, elimga nafim tegsin deyman, o’zimdan orttirib bo’lsa-da butun mintaqada birlashuv harakatiga qo’shilgim keladi. Lekin bir-ikki ijodkorning harakati bilan ish bitmaydi, vatanimizga prezidentimiz aytganlaridek, gulxandek lovullagan kadrlar kerak, amaliy ish darkor. Ehtimol bizning mana shu birligimiz ham dengizdan bir tomchi, daryodan bir irmoq bo’lar, shunday bo’lsa xursand bo’lardim , - deydi Zilola.
Nogironligiga qaramay, u o’z ijodini allaqachon Ozarbayjon, Turkiya, Hindiston, Tojikiston va Afg’onistonga tanitishga ulgurgan, shaxsiy tashabbusi bilan ikki marta to’plam kitoblari ham chop etilgan. Uning fikricha, o’lka ijodkorlarining tarmoqlardagi o’zaro faol muloqoti va stixiyali birligi qadimiy yaxlitlikning mustahkam poydevori mavjudligini bildiradi, integratsiyaning realligini asoslaydi.
Mintaqada integratsiya jarayonlariga baho beruvchi mustaqil tahlilchilardan biri aytadiki, regionda liderlar siyosiy birlikka erishmas ekanlar, chegaralarning ramziy shaffofligiga erishilmas ekan, aqalli Yevropa Ittifoqi kabi ahillik bo’lmas ekan, barcha umidlar sarobligicha qolaveradi.
"Internetdagi har tur ahilligu, ora-sirada o’tayotgan diydor uchrashuvlari hech narsani bildirmaydi. Davlatlar manfaati, shaxsiy ambitsiyalar oldida har qanday adabiyot, sana’t ham kuchsizlik qiladi. Markaziy Osiyo tarixida bunga ko’plab misollar yetarlicha topiladi. Ko’ziga mil tortilgan tojik Ro’dakiy, oyog’idan so’yilgan turkman Maxtumquli, dorga tortilgan o’zbek Mashrab fojiasi bunga misol emasmi? Ambitsiya va manfaatlar yo’lida bu yurt ulamolari jaholat bilan har qanday yo’ldan qaytishmaydi, chekka kuchlarga sotilib ketishadi, bu real narsa", - deydi mahalliy tahlilchi.
Qashqadaryolik baxshi-shoir Sayriddin Jo’rayev va andijonlik Sog’inch Toshkentlik hamkasbi Malika Salimova bilan Andijonda tungi mushoira qilar ekanlar, baxt va muhabbat, yagona vatan va ona yurt madhini ulug'lashdi. Har uchala ijodkor ham sof adabiyot, ulug’ sheriyat hech bir mafkuraga qo’shilmaydi deyishadi, samimiy ijod qilishadi, o’zlarini siyosatdan xoli ko’radilar.
"Bizning yagona maqsadimiz: tarixiy yagona o’lkamizda chegara bilmay diydorlashish, ko’hna vatan birligini asoslash, yurt vasfini kuylash. Ming yillar chegara ko’rmagan bu ona zamin yana asl holiga qaytmoqda, beg’ubor do’stligimizga ko’z tegmasin", - deyishadi ular.
Ijodkorlarning fikricha, yurt birligiga shubha bilan qarovchilarning fikrlari kuzgi xazonrezgiga o’xshaydi, mintaqada hozir kuz fazli hukmronlikka kirayotgan bo’lsa-da, yurt uchun bahor shabbodalari esmoqda.
Tojikistonlik ijodkorlar Farg’ona vodiysida hunarmandchilik bilan nom gozongan qadimiy Rishton tumanida bo’lib, u yerda tashkil etilgan xalq kutubxonasiga yangi kitoblar sovg’a qilishdi.
Facebook Forum