Oraliq Kongress saylovlari uchun davom etayotgan siyosiy kurashda demokratlar qurol nazoratini kuchaytirish talabi bilan chiqmoqda. Ular so'nggi ommaviy otishmalar ortidan kuchaygan norozilik kayfiyatidan unumli foydalanishga urinmoqda.
Oklaxomalik sobiq politsiyachi Dayana Myuller yangi karyera boshladi: u hozir musobaqalarda qatnashadi va qurol huquqlari himoyachisi.
"Bizning asosimiz, borimiz bu. 240 yildan beri bizni hech kim bosib olmaganining sababi ehtimol shunda", - deydi u.
22 yil politsiyada ishlagan Myuller quroldosh ayollar uchun "DC loyihasi" nomli tashkilot ochdi. Qurol egalari farzandlaridan ko'ra qurollarini ko'proq yaxshi ko'radi, degan gap mutlaqo yolg'on, deydi u.
"Biz xavfsizlik, qurol xavfsizligi va ta'limi tarafdorimiz. Mamlakatimizni qonun emas, balki ta'lim-tarbiya xavfsizroq qilishiga ishonamiz", - deydi ayol.
Qurol nazorati tarafdorlari nega bu faollarning oddiy mantiqni tushunmasligidan hayratda. Zo'ravonlar, ruhan nosog'lom shaxslar, shu yil Floridada yuz bergan ommaviy otishma ijrochilari kabi shaxslar qo'liga qurol tushmasin, deyishning nimasi yomon, deydi ular.
Everi Gardiner qurol nazoratini targ'ib qiluvchi Bredi kampaniyasi faoli.
"Qurollarni xavfli odamlar qo'lidan uzoq saqlaydigan yaxshiroq qonun qabul qilishimiz kerak", - deydi u.
Parklenddagi ommaviy otishmada 17 kishini o'ldirishda ayblanayotgan Nikolas Kruz qurolni qonuniy sotib olgan edi.
Demokratlar qurollarga qarshi namoyish boshlagan talabalarni qo'llab chiqdi. Hatto respublikachilar hukmron hududlarda ham bu masala bahs qilinmoqda.
"Aynan qurol zo'ravonligi meni saylovda qatnashishga undadi. Prokuror sifatida bu muammoning oqibatlari va qurbonlarini o'z ko'zim bilan ko'rganman", - deydi Kongress uchun demokrat nomzod Jennifer Vekston.
Respublikachilar ham bo'sh kelayotgani yo'q. Ular demokratlarni konstitutsiyaga qarshi chiqishda ayblamoqda.
"Ogoh bo'ling, ular konstitutsiyadagi 2-o'zgartirishni bekor qilmoqchi", - deydi Prezident Donald Tramp.
Dayana Myuller Luizianada qurol musobaqasida qatnashdi. U yashaydigan Oklaxomada ham bu masala bahs mavzusi emas.
Ammo so'rovlarning ko'rsatishicha, aksariyat amerikaliklar kuchliroq qurol nazorati tarafdori. Saylovchilarning 25 foizi ovoz berishda bu masala muhim ahamiyatga ega ekanini aytadi.
Facebook Forum