Gulnora Karimova Dubaydami yoki qamoqda? O'zbekiston marhum prezidenti Islom Karimovning to'ng'ich qiziga oid bu savol so'nggi kunlar jamoatchilik orasida qizg’in muhokama qilindi. Karimova xonimning Britaniyadagi mulkini muzlatish yuzasidan sudga ariza kiritilishi bahslarni yanada qizitdi.
Londonda Gulnora Karimovaning o’g’li kichik Islom Karimov yashaydi. Rasman tasdiqlanmagan xabarlarga ko’ra, qizi Imon Karimova ham Britaniyaga yetib borgan. Bu yerda Karimovaga tegishli 30 million funt sterlinglik ko’chmas mulk, 4 million funt sterlingdan oshiq naqd pul mablag’i bor deb ko’riladi.
Gulnora Karimova qamoqdan ozod etilgani, Dubaydagi qimmatbaho mehmonxonalardan birida joylashgani haqidagi so'nggi xabarlar tasdig’ini topmadi.
Ammo u Dubaydagi mablag’ni qaytarish uchun mamlakatdan maxsus olib chiqilgani haqidagi farazlar ham yo’q emas.
O’zbekiston Bosh prokuraturasi Karimova qamoq jazosini o’tayotganini bildirgan, biroq jazo qayerda o’talayotganiga aniqlik kiritmagan.
Londondagi Markaziy Osiyo instituti tadqiqotchisi Alisher Ilhomovga ko’ra, hukumat Gulnora Karimovani shunchaki qo’yib yuborishini tasavvur qilish qiyin. Ehtimol u qamoqda emas, ammo O’zbekistondaligi aniq, deydi u.
“Uning Dubaydaligi haqidagi ma’lumotlar haqiqatdan uzoq, men ishonmayman. U aktivlar bo’yicha asosiy kishi, pul esa hali O’zbekistonga qaytarilmagan. Qolaversa, qaytarilganda ham, qanday shartlar evaziga qaytariladi, bu hali savol ostida. Hokimiyatning Karimovlar yuzasidan ko’rsatayotgan asosiy diqqati hozir aynan shu pullarga taqaladi. Ikkinchi tomondan Gulnora Karimova mojarosi amaldagi hukumat vakillarini chetlab o’tmaydi. U tashqariga chiqsa, kimnidir ko’rsatishi aniq, shunday ekan, hokimiyat Gulnora Karimovani nazoratda ushlab turishdan manfaatdor”, - deydi u.
Gulnora Karimova qamoqdan chiqarilgani haqidagi ma’lumot uning qizi Imon Karimovaga tegishli deb ko’rilayotgan Instagram sahifasida paydo bo’lgan edi.
Bu sahifadagi ma’lumotlar, jumladan, Imon Karimovaning o’zi ham Londonda ekanligi qanchalik haqiqatga yaqinligi aniq emas.
Bundan qat’i nazar, Karimovaning ozodlikka chiqarilgani haqidagi xabar jamoatchilikda qizg’in muhokama qo’zg’adi, Karimovaga tegishli ko‘rilayotgan millardlab mablag’ taqdiri yuzasidan savollar yana o’rtaga chiqdi.
Dunyoning 10 dan ortiq davlatlarida (asosan, Yevropa Ittifoqida) Karimovaga tegishli ko’rilayotgan bu mulklar korrupsiya, uyushgan jinoiy guruhga rahbarlik qilish yo’li bilan topilgan. O’zbekiston bu mablag’larni ortga qaytarmoqchi.
O'zbekiston Bosh prokuraturasi Karimovaga tegishli O’zbekistondagi mulklar musodara qilinganini bildirgan, ammo bu mablag’ nimalarga sarflangani jamoatchilikka oshkor qilingani yo’q.
Ayni paytda prokuratura Gulnora Karimovaning xorijdagi mulkini qaytarish uchun surishtiruv olib bormoqda, bir qator davlatlarga Gulnora Karimova yetakchiligidagi jinoiy guruhga tegishli mulklarni hibs qilish yuzasidan so’rovlar jo’natilgan.
Karimova xorijga chiqqani, qizi Imon Karimova Londonga yetib borgani haqidagi xabarlar ortidan Britaniyadagi Firibgarlikka qarshi kurash byurosi (SFO) Gulnora Karimova va uning sobiq eri Rustam Madumarovga tegishli ko’chmas mulkni muzlatish yuzasidan London oliy sudiga ariza bilan chiqqan.
O’zbekiston Bosh prokuraturasi Gulnora Karimovaga tegishli Britaniyadagi mulklarni umumiy hisobda 34 million funt strerling atrofida baholagan.
Bu mablag’ Londondagi uchta ko’chmas mulkni ham o'z ichiga oladi. Ayni paytda Karimovaning o’g’li kichik Islom Karimov Londonda. So’nggi ma’lumotlarga ishonilsa, qizi Imon ham Britaniyaga kelgan.
O’zbekistonlik yozuvchi, siyosiy muhojir Safar Bekjon Gulnora Karimovaga tegishli mulklar yuzasidan mustaqil surishtiruv o’tkazib keladi.
Uning aytishicha, kichik Islom Karimov Londonda O’zbekiston muzlatishni so’ragan Gulnoraga tegishli mablag’ hisobiga yashaydi. Karimova ishini yuritayotgan advokat va boshqa xizmatlar uchun haq shu hisoblar orqali to’lanadi.
“Islom Karimovning tansoqchisi bor. Unga, Gulnora Karimovaga xizmat ko’rsatayotgan shirkatlar bor, unga oyma-oy pul to’lanadi. Shuningdek, Shveysariyadagi advokat xizmatiga ham pul Angliyadan to’lanadi. Men uning advokati bilan gaplashishga harakat qilgandim, ammo yordamchisi qabul qildi. Olti minut gaplashgani uchun 200 dollar to’lagan edim. Advokatning o’zi gaplashganda ehtimol 5 ming to’lardim. Bulardan tashqari, Londondagi imijmeyker shirkati bor, ular ham Gulnoraga xizmat qiladi”, - deydi Safar Bekjon.
“Ozodlik” radiosi Gulnora Karimova Dubaydagi qimmatbaho mehmonxonada joylashgani haqida xabar tarqatgan edi. Keyinchalik gap milliarder Sulaymon Kerimovning qizi Gulnora Kerimova haqida borayotgani aniqlangan.
Shunga qaramay, Gulnora Karimova qamoqdan ozod etilgani, xorijga chiqib ketgani haqida munozaralar tinmagan.
Safar Bekjon fikricha, Gulnora Karimovaning xorijga chiqqani haqiqatga yaqin, faqat u mamlakatdan maxsus ravishda olib chiqilgan.
“O’zbekiston hukumati xorijdagi pullarni faqat Gulnoraning o’zini yordamida qaytarish mumkin ekanligini tushunib yetdi. Gulnora Dubayga dam olishga, ta’tilga olib borilgani yo’q. Dubayda barcha xalqaro banklarning bo’limlari joylashgan. U o’sha yerdan turib banklardagi pullarni O’zbekistondagi hisobiga yoki davlat hisobiga qaytarishi kerak. Albatta, bu ma’lumot matbuotga chiqqach, buni bosti-bosti qilish harakati bo’ladi. Ammo natija nima? Natija Gulnora Karimovaning tashqariga chiqishi ortidan boshqa joylardagi mulklari ham muzlatila boshlandi”, - deydi Bekjon.
Alisher Ilhomovga ko’ra, Britaniya sudiga kiritilgan ariza Shvetsiyadagi mahkamada ochiqlangan hujjatlar bilan bog’liq bo’lishi ham mumkin. Mahkamada mulklarning so’nggi egasi Gulnora va uning farzandlari ekanligiga doir hujjat ko’rsatilgan edi.
Marhum Islom Karimovning to’ng’ich qizi aralashgan korrupsiyaviy jinoyatlarga doir mahkamalar bir necha davlatlarda davom etmoqda.
O’zbekistondagi mahkama esa Gulnora Karimovani katta miqdorda davlatga zarar yetkazish, uyushgan jinoiy guruh tuzish kabi ayblovlar bilan besh yillik qamoq jazosiga hukm qilgan. Shu paytgacha uning uy qamog'ida saqlanayotgani haqida aytilayotgan edi.
Facebook Forum