Breaking News

Yangi tariflardan Amerika ishchilari mamnunmi?


Ma’lumki, Prezident Tramp Xitoy mahsulotlariga yuqori tariflar joriy qilgan. Rejaga ko’ra, AQShda ishlab chiqarish sohasida yangi ish o’rinlari yaratilishi, ishchilarning maosh va sharoitlari yaxshilanishi kerak edi. Biroq kasaba uyushmalari bunga shubha bilan qaramoqda. Prezident mart oyida import qilingan po’lat uchun 25, alyuminiy uchun 10 foizlik tarif belgilagan. Natijada metallar narxi 30 foizga oshib, po’lat ishlab chiqaruvchi kompaniyalar daromadi ortdi. Biroq kasaba uyushmalari a’zolari bundan hech qanday naf ko’rmayapti.

Jorjiya shtatining Bul Muz quvur ishlab chiqarish zavodida 56 xodim yangi shartnomani imzolamagani uchun ishga qo’yilmayapti. Ishchilar maoshning biroz oshirilishi evaziga tibbiy sug’urta uchun katta miqdorda to’lov qilishga majburlangan.

“Prezident Tramp po’lat narxi va uni ishlab chiqarish hajmini oshirish bilan ishchilarga mana shunday og’irlik tushishini istamagan. Nazarimda, bu adolatsizlik”, - deydi mahalliy kasaba uyushma raisi Joy Keysi.

Yangi shartnomalar maoshlarni oshirib, ijtimoiy yordamni eski holda saqlab qolishi kerak. Aks holda 30 mingdan ziyod ishchi ikkita zavodda norozilik namoyishi uyushtirishga ovoz bergan.

Tramp tariflari avtosanoati va boshqa uyushmalarga salbiy ta’sir ko’rsatsa ham, yirik kasaba uyushmalari bu chorani yoqladi.

Olim Leon Finkning aytishicha: “Ishchilar harakati o’zaro turli manfaatlar to’qnashadigan, darz ketgan olam. Biroq doim ustun keladigan bir tushuncha – birdamlik saqlanib qolgan”.

Kasaba uyushmalariga ko’ra, tariflar infrastruktura va treninglarga sarmoya kiritish bilan ish o’rinlari yaratishga, ish o’rinlarini xorijga ko’chiruvchilar uchun soliq imtiyozlarini tugatishga xizmat qilishi kerak.

Uyushmalar Trampning boylar uchun soliqlarni kamaytirish va immigrantlarga qarshi cheklovlar o’rnatish kabi aksariyat qarorlarini yoqlamaydi.

“Uyushmalar muhojirlarni o’zlari uchun muhim a’zolik manbasi sifatida ko’radi. Prezident immigratsiya hajmini qisqartirishga urinmoqda”, - deydi tahlilchi Ayn Murri.

Prezident Tramp Meksika va Kanada bilan qayta ko’rib chiqilgan erkin savdo shartnomasida ishchilar talabini inobatga olganini aytmoqda. Unga ko’ra, avtomobillarning 30 foizi soatiga 16 dollar maosh oladigan xodimlar tomonidan ishlab chiqariladi va Meksika kasaba uyushmalariga cheklovlar osonlashtiriladi.

Kasaba uyushmalar federatsiyasi buni “yaxshi boshlanish” deb atadi, biroq mehnat muhofazasi qanday joriy etilishini ko’rib, keyin xulosa qilmoqchi. Federatsiya 12 yarim million ishchi huquqlarini himoya qiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG