Breaking News

Xoshuqji masalasida Trampdan qattiqqo'llik talab qilinmoqda


Saudiya Arabistonining Turkiyadagi konsulligida bedarak yo'qolgan jurnalist Jamol Xoshuqji
Saudiya Arabistonining Turkiyadagi konsulligida bedarak yo'qolgan jurnalist Jamol Xoshuqji

Prezident Donald Tramp ma’muriyatiga bosim kuchaymoqda. Rasmiylardan 2-oktabrda Saudiya Arabistonining Istanbuldagi konsulligida bedarak yo’qolgan jurnalist Jamol Xoshuqjining taqdiri bo'yicha qirollikdan tushuntirish berishini keskin talab qilish so'ralmoqda.

Bu orada Turkiya tergovchilari jurnalistning konsullik binosida qatl qilinganini isbotlovchi dalillarga ega ekanini aytmoqda. Saudiya rasmiylari esa Xoshuqjiga nima bo’lganidan mutlaqo bexabar ekanini ma’lum qilgan. Biroq ular jurnalistning g’oyib bo’lganini izohlab berishi lozim, deydi faollar.

Pezident Tramp AQSh va Saudiya Arabistoni ittifoqiga salbiy ta’sir ko’rsatishi mumkin bo’lgan nozik masalalarga shu paytgacha ehtiyotkorlik bilan yondashib kelgan. Biroq Xoshuqji mojarosi ortidan Oq uyga inson huquqlari himoyasini iqtisodiy manfaatlardan ustun qo’yishga doir bosim oshib ketdi.

Joriy hafta avvalida Saudiya Arabistoniga safar qilgan AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeoning aytishicha, qirollik podshohi mazkur ishga aloqadorligini inkor etgan.

“Ular, shuningdek, Xoshuqji ishi bo’yicha to’liq va batafsil tergovni kechiktirmasdan amalga oshirishini ma’lum qildi”, - deydi Pompeo.

Huquq faollari Saudiyaning tergovi haqiqatdan yiroq bo’lishini inobatga olib, BMTning mustaqil tekshiruvini amalga oshirishga chaqirmoqda.

“Qirollik allaqachon qarama-qarshi axborot berib bo’ldi. Ular jurnalist konsullikdan chiqib ketganini aytishdi. Shunday ekan, ular ikki kun avval ochgan tergov ishi natijalari ham ishonchsiz bo’lib chiqadi”, - deydi Yaqin Sharq mintaqasi bo’yicha tadqiqotlar markazi direktori Lin Maluf.

Qirollik temir musht bilan boshqaradigan mamlakatda o’zgacha fikrlaydiganlarga nisbatan keskin munosabati bilan tanilgan.

“Saudiya rasmiylari norozilik namoyishlari, erkin so’z, savdo ittifoqlarini taqiqlagan – ular hamma vaqt mana shunday bo’lgan”, - deydi Inson huquqlarini himoya qilish tashkiloti vakili Sara Margon.

Huquq faollari ayni vaziyatni o’zgartirish uchun hech qanday chora ko’rmaganligi uchun BMTni tanqid qiladi.

“A’zo mamlakatlar, hatto inson huquqlarini ustun qo’yadigan davlatlar ham Saudiya Arabistoni va uni himoya qiladigan asosiy ittifoqdoshi mavzusiga kelganda ikkiyuzlamachilik bilan munosabat bildiradi”, - deydi Xalqaro Amnistiya tashkiloti vakili Sherin Tadros.

Tahlilchi Larri Daymondning aytishicha, Xoshuqji AQShda qonuniy istiqomat qilgan va Vashington uning g’oyib bo’lishiga befarq bo’lolmaydi.

“Buni AQSh va Amerika demokratiyasiga qarshi hujum sifatida qabul qilish lozim”, - deydi u.

Jurnalistlar o’z hamkasbi ishi yuzasidan adolat talab qilayotgan eng faol qatlam bo’lib turibdi.

“Men, masalan, Prezident Trampning saudiyaliklardan voqea aynan qanday sodir bo’lgani yuzasidan batafsil ma’lumot berishni keskin talab qilishini ko’rishni istardim. Nazarimda, bu xabarlarning AQSh hukumati yuqori qatlamlaridan tarqalishi muhim ahamiyatga ega”, - deydi Jurnalistlarni himoya qilishi qo’mitasi vakili Robert Maxoni.

Mazkur qo’mita ma’lumotlariga ko’ra, mustaqil va tanqidiy jurnalistika butun dunyo bo’ylab muammoga yuz tutgan. Ayni damda, 260 dan ziyod jurnalist jahonning turli nuqtalarida hibsda saqlanmoqda. 44 jurnalist halok bo’lgan, ulardan 27 tasi o’limga mahkum qilingan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG