Breaking News

Pompeo: Qoshiqchi o'limiga aloqadorlarga chora ko'riladi


AQSh: Qoshiqchi o'limiga aloqadorlar jazolanadi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:11 0:00

AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeoning aytishicha, jurnalist Jamol Qoshiqchining o'limiga aloqador ayrim shaxslar aniqlangan. Ularga berilgan vizalar bekor qilinadi yoki ular AQShga kirish uchun vizaga topshira olmaydi. Qo'shimcha jazo choralari ham ko'rilishi mumkin.

Uch hafta oldin o'ldirilgan jurnalist Jamol Qoshiqchi voqeasi hanuz Vashington siyosiy sahnasidagi asosiy bahs mavzularidan biri. Bu haqda Prezident Donald Trampga savollar yog'ilishda davom etmoqda.

"Ular boshidan juda yomon ishga qo'l urdi. Reja ijrosini esa eplasholmadi. Bosdi-bosdi qilish tarixidagi eng yomon ishni qilishdi. Juda oddiy. Boshidan bu narsani xayollariga ham keltirmasliklari kerak edi. Kimdir ishning pachavasini chiqargan", - dedi Tramp.

Saudiya yetakchilari bilan uchrashgan Davlat kotibi Mayk Pompeoning aytishicha, hozirda ma'lum faktlar asosida AQSh tegishli choralarni ko'rmoqda.

"Javobgar ayrim shaxslarni aniqladik. Janob Qoshiqchining o'limiga aloqador shaxslar orasida razvedka xizmatlari, Qirollik kengashi, Tashqi ishlar vazirligi va boshqa vazirliklar xodimlari bor. Tegishli choralarni ko'ryapmiz, jumladan, vizalar bekor qilinmoqda", - dedi Pompeo.

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'an jurnalistning "haddidan oshgan agentlar" tomonidan o'ldirilgani haqidagi qirollik da'volarini rad etdi.

"Bu ishda ba'zi razvedka xodimlarini ayblash bizni va xalqaro hamjamiyatni qoniqtirmaydi. Buyruqni berganlar ham, uni ijro etganlar ham javobgarlikka tortilsagina insoniyatning vijdoni xotirjam bo'ladi", - dedi Turkiya rahbari.

Erdog'an qotillikning audioga tushirilgani haqidagi gap-so'zlarga to'xtalmadi. Kuzatuvchilarga ko'ra, bu ma'lumotlardan ta'sir o'tkazish quroli sifatida foydalanilishi mumkin.

"Turklar nimadir xohlashi aniq. Agar xohlagan narsasini olsa, audio hech qachon yuzaga chiqmaydi. Video va viza rasmlari haqidagi gap-so'zlar ham yo'qoladi", - deydi Saudiya Arabistonidagi sobiq AQSh elchisi Jeyms Smit.

Erdog'an nafaqat dunyo siyosiy sahnasida asosiy o'yinchilardan biri, balki islom dunyosining yetakchisi bo'lish harakatida, deydi ekspert Kamol Kirishchi.

"Muqaddas maskanlar o'z hududida joylashgani bois Saudiya Arabistoni o'zini islom dunyosining yetakchisi sanaydi yoki boshqalar shunday hisoblaydi. Orqa sahnada bu borada raqobat borayotgani haqida gapirishimiz mumkin", - deydi u.

Jurnalistning o'limi global siyosiy mashmashaga aylanganiga qaramay, Riyodda boshlangan sarmoyadorlar sammitida valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon iliq qarshi olindi. Bir qator yirik biznes egalari va siyosiy yetakchilar ushbu konferensiyada qatnashish niyatidan voz kechgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG