Breaking News

O'zbekistonda rejani bajarmagan fermerlar xiyonatda ayblanadi


Paxta ortilgan pritseplar
Paxta ortilgan pritseplar

27-noyabr kuni O'zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov tomonidan imzolangan “Boshoqli don yetishtirishni yanada rag’batlantirish bo’yicha qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida” yangi qarorga ko'ra, g'alla bo'yicha gektariga 40 sentnerdan kam hosil olish “yerga nisbatan xiyonat” sifatida baholanadi. Bunga yo'l qo'ygan fermerlar qo’shimcha soliqqa tortilib, hatto yerlari olib qo'yilishi mumkin.

Qishloq xo’jaligi nazoratini yanada keskinlashtiruvchi bu qaror matni mamlakat bo’ylab fermerlar o’qishga majbur qilinayotgan "ommaviy qasamyod”ga o'xshash ekani aytilmoqda.

Sobiq tuzum davrini eslatuvchi qasamyod amaliyoti ortidan belgilangan normalarni bajara olmaydigan fermerlarning “yerga nisbatan xiyonat”da ayblanishi yana bir kutilmagan qadam bo'ldi.

Qishloq xo’jaligi mustaqillikdan buyon davlat keskin nazorat o’rnatgan sohalardan biri bo’lib qolmoqda. Bu davrning deyarli yarmida qishloq xo’jaligini bevosita amaldagi prezident, 13 yildan oshiq bosh vazir maqomida ishlagan Shavkat Mirziyoyevning o’zi boshqardi.

Shu ma’noda Mirziyoyevga eng yaqin iqtisodiy soha bu qishloq xo’jaligi deyish mumkin. Marhum prezident Islom Karimov davrida qishloq xo’jaligida o’tkazilgan aksariyat o’zgarishlar boshida ham Shavkat Mirziyoyevning o’zi turgani aytiladi.

Bu yilgi paxta kampaniyasi ham majburiy mehnatsiz o'tmadi. Byudjet tashkilotlari xodimlarining yoppasiga dalaga olib chiqilishi holatlari kuzatilmagan bo'lsa ham, bir qator viloyatlarda ayrim idoralar va sohalar vakillarining paxtaga jalb qilingani yoki paxta uchun majburiy to'lovlar undirilgani haqida matbuot yozib turdi.

Bug’doyni sug’ormagani uchun suvga bo’ktirilgan “ariqdagi oltovlon” voqeasi esa qishloq xo’jaligi hamon o’rta asrlarga xos usullar bilan boshqarilayotganini ko’rsatdi.

Diqqatlisi, bu voqea qahramoni Zoyir Mirzayev Bosh vazir o’rinbosarligidan olingani bilan uzoq ishsiz qolmadi; ko'p o'tmay qishloq xo’jaligiga ixtisoslashgan viloyatlardan biri Jizzaxda tuman hokimligiga tayinlandi.

Qishloq xo’jaligida fermerga mutlaq erkinlik berilishi, paxta, bug’doy monopoliyasidan voz kechish zarurligi turg’unlik davridan buyon mutaxassislar tomonidan olg'a surib kelinadi.

“Boshoqli don yetishtirishni yanada rag’batlantirish bo’yicha qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida” yangi qarorda ham, asosan, javobgarlikni “keskin” kuchaytirish haqida, davlat rejasini bajarmagan fermerlarga nisbatan soliq stavkasini oshirish va hatto ijaraga berilgan yerini tortib olish haqida gap boradi.

Rejani bajarmagan fermerning “yerga nisbatan xiyonat”da ayblanishi nafaqat qonunchilikdagi yangilik, balki kollektivizm va kommunistik mafkuraga asoslangan davrlarni ham yodga soladi.

Hozirgacha qishloq xo’jaligida unumdorlikni oshirishga qaratilgan o’nlab qarorlar qabul qilingan, ammo ularning birortasi dehqonga o’z yeriga nima ekish, kimga, qanchadan sotish erkinligini bermadi.

Fermer uchun rag’batning eng oddiysi bu mehnatiga yarasha daromad qilish erkinligini berish, deb ko’riladi. Unumdorlikni oshirishga qaratilgan qo’shimcha chora-tadbirlarga zo’r berish, qanchalik yovvoyi eshitilmasin, bug’doyga, paxtaga qaramagan fermerni qul kabi jazolash, ishlatishda davom etish bu islohot emas, deydi mutaxassislar.

Mirziyoyev prezident sifatida ham, uzoq yillik bosh vazirlik tajribasiga ega amaldor sifatida ham O’zbekiston qishloq xo’jaligi, bu tizimda vujudga kelgan boshqaruv usuli uchun ham mas’ul asosiy shaxs. Shuningdek, zo’ravonlikka qurilgan bu usuldan tamomila voz kechish ham bugun uning izmida. Ammo so'nggi voqealar bu borada hali jiddiy islohotlar boshlanmaganini ko'rsatmoqda.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG