Dunyoning eng ulkan atom fojiasi yuz berishidan 32 yil o'tib Ukrainaning Chernobil shahrida hayot alomatlari yana ko'zga tashlanmoqda.
Pripyat kechalari qorong'i. 1986-yil Chernobil atom zavodida portlash yuz berganda bu yerning 49 ming aholisi evakuatsiya qilingan.
Bir guruh rassomlar odam yashamas shaharga qaytadan nur, musiqa va ovoz olib kirdi. Ular yasagan interaktiv raqamli haykal "Artefakt" deb nomlanadi.
Bu nafaqat ko'ngilochar tomosha, balki soxta xabarlar, manipulyatsiya kabi mavzular haqida bir eslatma hamdir, deydi loyiha ijodkorlari.
"Odamlar uni tomosha qilish davomida haqiqat qayerda ekanini o'ylashi kerak. Kimdir axborot tarqatsa, tomoshabin uning qayerdan kelayotgani, ma'lumot nima ekani va maqsad nimadan iboratligi haqida o'ylashi lozim", - deydi jamoa a'zosi Svetlana Korshunova.
Loyiha a'zolari ajratib qo'yilgan hududga borib, har xil ovozlarni yozib olgan va ularni musiqaga qo'shgan.
Odamlar hosil bo'lgan tomoshadan hayratda.
"Umrim davomida men bo'lgan eng g'aroyib joylardan biri bu. Ajoyib san'at va nurlar shousi. Ukraina bu hududni, odam qo'li bilan yaratilgan fojiani yangi bir zavqli muhitga aylantiribdi", - deydi sayyohlardan biri.
"Artefakt" Chernobilning tashlandiq hududi kechasini yoritayotgan bo'lsa, bu yerga yaqin joyda qurilgan quyosh panellari fermasi samodan nur olmoqda.
Oktabrda ishda tushgandan beri bu loyiha bir megavatt elektr toki ishlab chiqaradi. Bu 2000 ta xonadonni ta'minlashga yetadi. Hudud hanuz yashash uchun yaroqsiz. Shu bois hukumat bu yerdan muqobil energiya ishlab chiqarish maqsadida foydalanmoqchi.
"Muqobil energiya bo'yicha investitsiya loyihalarini sobiq atom zavodi hududiga joylashtirish tavsiya etilmoqda", - deydi Ukraina Ekologiya va tabiiy resurslar vaziri Ostap Semerak.
Chernobildagi quyosh fermasi rahbari bu fikrga qo'shiladi.
"Quyosh energiyasi ishlab chiqarish uchun juda yaxshi yer. Chunki bu hudud 32 yil oldingi fojia natijasida ko'p aziyat chekdi. Bunday loyihalar orqali uni insoniyatga qaytarishimiz mumkin", - deydi u.
Facebook Forum