Respublikachi va demokratlardan iborat AQSh Senatining sobiq a’zolari Senatning amaldagi vakillariga murojaat bilan chiqdi. Ulardan demokratiya posboni bo’lish va murakkab davr kutilayotgan bir paytda partiyaviyligidan qat’i nazar mamlakat manfaatlari yo’lida to’siq bo’lmaslik so’ralgan.
44 nafar sobiq qonunchilarning “Washington Post” gazetasida chop etilgan murojaatiga ko’ra, AQSh “xavfli davrga yuz tutmoqda”. Shunday ekan, ular “qonun ustuvorligi, konstitutsiya, boshqaruv institutlari va milliy xavfsizlikka doir jiddiy tahdidlar to’g’risida mushohada yuritish”ni lozim topgan.
Sobiq qonunchilarga ko'ra, maxsus prokuror Robert Myuller Rossiyaning 2016-yilgi saylovlarga aralashuvi va Prezident Donald Tramp kampaniyasi bilan aloqadorligi yuzasidan surishtiruvni yakunlanish arafasida.
“Biz demokratiyamizning tayanch tamoyillari va milliy xavfsizligimiz manfaatlari xavf ostida turgan davrda yashayapmiz. Qonun ustuvorligi, insitutlarimizning erkin va mustaqil faoliyat yuritish imkoniyatlarini ta’minlashimiz lozim”, - deyiladi murojaatda.
Myuller surishtiruvi maxfiy tarzda amalga oshirilmoqda. Maxsus prokurorning sud hujjatlarida keltirgan ma’lumotlariga tayanib aytish mumkinki, Rossiya va Prezident Tramp kampaniyasi o’rtasidagi aloqadorlik avval o’ylanganidan ham chuqurroq va kengroq ekanini ko’rsatmoqda.
Tramp va Rossiya o’rtasidagi aloqalarga doir so’nggi ma’lumot prezidentning sobiq advokati Maykl Koenning suddagi ko’rsatmasida oshkor bo’ldi. Koen prezidentning saylov kampaniyasi davrida Moskvada Tramp minorasini qurish harakatida bo’lganini yashirib, Kongressga yolg’on ma’lumot berganiga iqror bo’lgan.
Facebook Forum