“Hech qaysi davlat iqtisodiy istiqboli va energetik xavfsizligi evaziga ekologik barqarorlikka erishishni maqsad qilmasligi kerak”. BMTning Polshada bo’lib o’tgan iqlim muammolariga bag’ishlangan forumida AQShning energetika bo’yicha vakili ana shunday bayonot bergan. AQSh Energetika vazirining birinchi o’rinbosari 10-dekabr sanasida Polashaning Katovitsa shahrida o’tgan tadbirda Tramp ma’muriyatining tabiiy yoqilg’idan foydalanish siyosatiga doir tanqidlarga javob berdi.
BMTning iqlim muammolariga doir forumi doirasida Amerika homiyligida tabiiy yoqilg’idan foydalanishni qo’llab-quvvatlashga doir tadbir o’tkazildi. Norozilik namoyishi tadbirni buzdi. Ular orasida amerikalik Vik Barret ham bor.
“Hukumat ustidan arz qilaman… Ular global iqlim inqirozini abadiy muammoga aylantirmoqda”, - deydi u.
Biroq Griffitning aytishicha, Amerika iqtisodiyotining o’sishida ko’mir sanoatiga qo’yilgan cheklovning olib tashlangani muhim rol o’ynamoqda.
“Davlatlar ekologik barqarorlikka erishish yo’lida iqtisodiy istqiboli va energetik xavfsizligini qurbon qilmasligi kerak deb bilamiz”, - deydi u.
Ilmiy tahlillar, jumladan AQSh hukumati tomonidan tayyorlangan hisobotlar ham uglerod chiqindisi va boshqa antropogen omillar global isishga sabab bo’layotgani to’g’risida xulosa qilgan. Biroq Prezident Tramp bunga ishonmasligi va uglerod chiqindisini kamaytirish Amerika iqtisodiyotiga zarba bo’lishini aytgan.
“Energetika va tabiat muhofazasiga doir pragmatik yechimlar o’rnini vahimali e’tirozlar egallamoqda”, - deydi Griffit.
Mutaxassis Yan Burk ko’mir sanoatining tiklanishi bo’yicha shunday deydi:
“Chiqindi hajmi Amerikada yana ortgan. Bizning tekshiruvlarimizga ko’ra, atmosferani ifloslantirish bo’yicha Amerika Saudiya Arabistonidan keyingi ikkinchi o’rinni egallab turibdi”.
Biroq ayrim bizneslar va shtatlar ma’muriyati iqlim o’zgarishiga qarshi choralarni qo’llashda davom etmoqda. Jumladan, 10-dekabr sanasida boshqa davlat kompaniyalari bilan uchrashgan Amerika vakillari Vashingtonning tabiiy yoqilg’i sanoatini tiklash qarorini qoralagan.
“Tramp ma’muriyati vakillari mana shunday xalqaro forumlarda prezident qarorini yoqlash bilan shaxsiy e’tibor qozonish ilinjida. Oqibatda odamlar norozi bo’ladi. Bu yana bir bor Amerikaning xalqaro hamjamiyatdan ajralib qolganini isbotlaydi”, - deydi Jahon Resurslar instituti vakili Endryu Layt.
Olimlar qayta tiklanadigan energiyadan foydalanishni joriy qilishga chaqirmoqda. Aks holda asr so’ngida global isishning dahshatli oqibatlari kuzatiladi. Biroq tabiiy yoqilg’i ishlab chiqaradigan Amerika, Rossiya, Saudiya va Avstraliya kabi davlatlar buni rad etmoqda.
Facebook Forum