Breaking News

Amerika siyosatida Saudiyaga munosabat keskinlashmoqda


AQSh Senatidan Saudiya bo'yicha ikki rezolyutsiya
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:22 0:00

AQSh Senatidan Saudiya bo'yicha ikki rezolyutsiya

AQSh Senati mamlakatning uzoq yillik ittifoqchisi Saudiya Arabistoniga qarshi ikki tarixiy rezolyutsiyani qabul qildi. Amerika qirollikning Yaman fuqarolar urushiga harbiy aralashuvini qo’llab-quvvatlashga chek qo’yadi. Shuningdek, jurnalist Jamol Qoshiqchining o’ldirilishini qoralovchi qaror qabul qilindi.

Yaqin Sharqdagi eng yaqin Amerika hamkoriga qarshi ikki muhim rezolyutsiya qabul qilindi. Yaman fojiasi va jurnalist Qoshiqchi o’limi yuzasidan Senat o’z so’zini aytdi.

“Saudiya urush jinoyatida aybdor. Allaqachon bas deyish vaqti kelgan”, - deydi senator Patrik Lixi.

Shuningdek, Saudiya valiahd shahzodasi Muhammad bin-Salmon jurnalist Jamol Qoshiqchining o’limida ayblandi.

“O’ziga yaqin 17 kishi Turkiyaga uchib, Jamol Qoshiqchini konsulxonada nimtalab, jasadini yo’q qilib, ortga qaytsa - valiahd buni bilmasligi mumkinmi? Aslo yo’q”, - deydi senator Marko Rubio.

Tramp ma’muriyati Qoshiqchining o’ldirilishiga aloqador shaxslar bo’yicha qarama-qarshi xabarlar bergan. Riyod qotillikda firibgar agentlarni aybladi. Oq uy Vashington va Riyod o’rtasidagi harbiy hamkorlikning barham topishiga keskin qarshilik bildirmoqda. Senator Jeyms Lenkford munosabat bildirdi.

“Fuqarolik urushida qon to’kilmoqda. Go'yoki aralashmasak, fuqarolarni himoya qilgan bo'lamiz, degan qarashni bas qilish kerak”, - deydi u.

“Agar hutiylar Senat hozir Saudiyani qo’llab-quvvatlashni to’xtatishga ovoz berganini gazetada o’qisa, nima deb o’ylaydi? Bizga endi sulh kerak emas, g'alaba qozonishimiz mumkin, demaydimi?” - deydi senator Rubio.

Yamanda tinchlik o’rnatish va zarur gumanitar yordam berish bo’yicha BMT vasiyligida Shvetsiyada muzokaralar borar ekan, Senat muhim qadam tashladi.

Vashington bu bilan Riyodni jiddiy ogohlantirmoqda.

“Dunyo bilsin, Amerika yer yuzidagi eng dahshatli fojianining ishtirokchisi bo’lishni to’xtatadi”, - deydi senator Berni Sanders.

Yaman bo’yicha rezolyutsiya Kongressning urush e’lon qilishga doir vakolatini tasdiqlamoqda. Lekin u, asosan, ramziy ahamiyatga ega qaror bo'ladi. Chunki Vakillar palatasi yil oxirigacha Yamanga oid rezolyutsiyalarga ovoz bermaslikka qaror qilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG