Breaking News

AQSh Mudofaa vaziri Jim Mattis ishdan ketmoqchi


AQSh Mudofaa vaziri Jim Mattis
AQSh Mudofaa vaziri Jim Mattis

20-dekabr kuni AQSh Mudofaa vaziri Jim Mattis iste'foga chiqmoqchi ekani haqida ma'lum qildi. Mazkur qarorga Prezident Donal Tramp va vazirning siyosiy masalalardagi zid qarashlari sabab bo'lgan. Iste'fo arizasida Mattis "prezident o'ziga hamfikr mudofaa vazirini tayinlash huquqiga ega" deb yozgan.

Mudofaa vaziri Jim Mattisning Prezident Donald Tramp nomiga iste'fo arizasi
Mudofaa vaziri Jim Mattisning Prezident Donald Tramp nomiga iste'fo arizasi

Tramp Amerikaning Suriyadagi ikki ming askarini mamlakatga qaytarishga qaror qilgan. Pentagon bunga qarshi. Oradan bir kun o'tib, Mattis iste'fo berishga qaror qilgan. Mattis maktubda Suriya masalasida prezident bilan bo'lgan tortishuvga to'xtalmagan. Biroq Amerika qudratini ittifoqchi mamlakatlar bilan chambarchas bog'liq deb bilishini ta'kidlagan.

Prezident Tramp Mattisning lavozimidan ketishini "Twitter" orqali ma'lum qilgan. To'rt yulduzli general Mattis yuksak ehtirom bilan iste'foga chiqariladi, deb yozdi Tramp. Oq uy matbuot kotibi Sara Sanders jurnalistlar bilan brifingda tashqi siyosat va boshqa masalalardagi kelishmovchiliklarga qaramay Tramp va Mattisning o'zaro munosabatlari yaxshi ekanini aytgan.

Xajin, Suriya
Xajin, Suriya

AQSh dastaklagan kuchlar "Islomiy davlat" jangarilaridan uzluksiz ravishda ustunlikka erishib keldi. 14-dekabrda "Islomiy davlat" ning Suriya sharqida joylashgan Xajin shahridagi so'nggi makoni ham tor-mor qilindi. Prezident Tramp g'alabani e'lon qildi.

Biroq Suriya masalasida Tramp va Mattisning qarashlari turlicha. Mudofaa vaziri joriy yilning avgust oyida ishlab chiqqan rejaga ko'ra, "Islomiy davlat" ustidan g'alaba qozonish Suriya bo'yicha uch yo'nalishning biri xolos.

Mattisga ko'ra, AQSh Suriyadagi muxolif kuchlarni janglarga tayyorlab, harbiy malakasini oshirishga ko'maklashishi kerak. Shuningdek, BMTning Suriya fuqarolar urushi bo'yicha rezolyutsiyasi asosida tinchlik o'rnatilishi lozim.

Rossiya Prezident Vladimir Putin yillik matbuot anjumanida. Moskva. 20-dekabr, 2018
Rossiya Prezident Vladimir Putin yillik matbuot anjumanida. Moskva. 20-dekabr, 2018

"Tramp haq, men uning qarorini to'g'ri deb o'ylayman", - deydi Rossiya Prezidenti Vladimir Putin.

AQShda qonunchilar Suriyadan qo'shinlarning chiqarilishi va Mattisning iste'fosidan xavotirda ekanini ma'lum qilgan.

"General Mattisning iste'fo arizasini hozirgina o'qib chiqdim. Bu bizning jiddiy siyosiy xatolar tomon borayotganimiz, xalqimizni xavf ostiga qo'yib, ittifoqchilarimizga ham ziyon yetkazib, raqiblarimizga imkoniyat yaratayotganimizni anglatadi", - deb yozdi senator Marko Rubio.

Suriyadan tashqari, Tramp va Mattis Rossiya rahbari Putinga nisbatan ham bir-biriga zid pozitsiyada.

Mattisga ko'ra, Putin NATO salohiyati va g'arb demokratiyasini zaiflashtirishga urinayotgan jiddiy siyosiy kuchdir.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG