Breaking News

AQSh-Tolibon muzokaralari qay bosqichda?


Tolibon va AQSh muzokaralari
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:06 0:00

AQSh va Tolibon muzokarachilari Afg'onistondagi 17 yillik urushga barham berish uchun tinchlik xaritasi loyihasi bo'yicha kelishib olgani xabar qilinmoqda. Qatarda o'tgan olti kunlik muzokaralar so'ngida shunday bitimga erishilgan. Lekin tinchlik yo'lida hali to'siqlar ko'p ekani aytiladi.

Rejaga ko'ra, AQSh Afg'onistondan 14 ming kishilik qo'shinini olib chiqadi; Tolibon esa zo'ravonlikka chek qo'yib, terrorchilarga boshpana berishni to'xtatadi.

"Maqsadimiz Afg'onistondagi urushni tugatish va Afg'onistonning yana terrorizm o'chog'iga aylanishiga yo'l qo'ymaslik", - dedi Oq uy matbuot kotibi Sara Sanders.

Sanders muzokaralar davom etishini aytdi, ammo tafsilotlarga to'xtalmadi.

Afg'oniston bo'yicha AQSh maxsus elchisi Zalmay Xalilzod hafta oxirida Kobulda bo'lib, tinchlik muloqoti haqida Prezident Ashraf G'aniga ma'lumot berdi. G'ani to'g'ridan-to'g'ri muloqotni boshlash haqida Tolibonga yana bir bor murojaat qildi.

"Tolibonni xorijliklarning manfur rejalaridan voz kechib, afg'onlar irodasini ko'rsatishga chaqiraman hamda tinchlik bo'yicha afg'onlar talabini qabul qilib, hukumat bilan jiddiy muloqot boshlashlarini so'rayman", - dedi u.

Tolibon Kobuldagi hukumatni "AQSh qo'g'irchog'i" deb atab, u bilan muzokara qilishni rad etib keladi.

AQSh sobiq elchisi Jeyms Dobbinsning aytishicha, ixtilofga harbiy yechim yo'qligini har ikki tomon tushunib yetgan, lekin hal qilinishi lozim bo'lgan to'siqlar hali ko'p.

"Birinchidan, Tolibon afg'on hukumati bilan gaplashishni istaydimi va bu orada janglarni to'xtatib turadimi? Ikkinchidan, afg'on hukumati bilan muzokaralar Afg'onistonni boshqarish bo'yicha yangi kelishuvlar bilan tugaydimi? Uchinchidan, bu kelishuv ijro qilinadimi?" - deya so'raydi Dobbins.

Faollarga ko'ra esa, har qanday kelishuvda inson huquqlari, xususan, ayollar huquqiga e'tibor qaratish kerak.

"Agar tomonlar, jumladan, AQSh va Afg'oniston hukumati inson huquqlari va ayollar huquqini muzokaralarda ko'tarmasa, bu doimiy tinchlikka olib bormaydi, aksincha, qisqa muddatli siyosiy yechim bo'ladi", - deydi huquq faoli Sima Samar.

Ayollar masalasi bo'yicha vazir bo'lib ishlagan Samarning aytishicha, tinchlik kelishuvi samarali bo'lishi uchun yana bir shart bor.

"Agar Tolibon Afg'on xalqidan kechirim so'rab, zo'ravonliklari uchun pushaymonlik bildirmasa, hech qanday yarashuv bo'lmaydi", - deydi u.

Tolibon 1996-yildan 2001-yilgi AQSh hujumiga qadar Afg'onistonni boshqargan. "Al-Qoida" 2001-yil 11-sentabr xurujini rejalashda Afg'oniston hududidan foydalangani aytiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG