Afg’onistonda tinchlik tiklash jarayonida AQSh va Rossiya hamohang qadam tashlamoqda.
5-6 fevral kunlari Rossiya poytaxti Moskvada o’tkazilgan yig’ilishda qatnashgan afg’on siyosiy faollari vatanga qaytdi. Uchrashuv ishtirokchilari ushbu muloqotni “tarixiy muzokara” deb hisoblaydi. Afg’oniston hukumati unda ishtirok etmagan edi.
Sammit ishtirokchilari xorijiy askarlarning Afg’onistondan chiqib ketishini, xorij davlatlarining Afg’oniston ichki masalalariga aralashmasligini ta’kidlanganlar. Tomonlar xalqaro hamjamiyatga Afg’oniston tuprog’i hech bir davlat uchun tahdid bo’lmaydi, deya va’da bermoqda.
Shuningdek, ayollarga islom dini asosida ta’limiy, siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy erkinlik berilishi bo’yicha ham kelishilgan. Yig’ilishda qatnashgan deputat Favziya Ko’fiy matbuot bilan suhbatda Tolibonning ayollarga atalgan rejalarini ijobiy baholagan.
Afg’on siyosiy faollari va Tolibon harakati a’zolari bahs-munozaralar davom etishini aytadi.
Kobuldan ekspert Asadulloh Valvolijiyning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, Tolibon guruhi o’zgaryapti. U Birlashgan Arab Amirliklari va Qatarda o’tkazilgan muzokaralarda qatnashgan, Tolibon delegatsiyasi bilan bir stolda o’tirib gaplashgan.
“Moskvaga borgan afg’on siyosiy faollari hukumat bilan safar haqida haligacha fosh qilinmagan ma’lumotlarni ulashadi”, - deydi u.
Valvolijiy deydiki, AQSh va Rossiya Afg’oniston sulhi masalasida hamohang qadam tashlamoqda.
“Zalmay Xalilzod AQShning sulh institutida Rossiya ham sherik ekanini ma’lum qildi. Ular (AQSh va Rossiya) kelishmasa, Afg’onistonda sulh ham ta’minlanmaydi”, - deydi ekspert.
Suhbatdoshga ko’ra, Tolibonning matbuotda aytayotgan gaplari va harakatning xohish-istagi bir xil emas.
“Agar toliblar sulh xohlayotgan bo’lsa, afg’on hukumati bilan o’tirib gaplashishi kerak. Chunki masalaning bir tomoni hukumat”, - deydi Asadulloh Valvolijiy.
Uning nazarida Xitoy va Hindistonning Afg’onistonda iqtisodiy va tijoriy masalalarda roli oshayotgani AQShning noroziligiga sabab bo’lmoqda.
Yana bir suhbatdoshimiz, sobiq harbiy Abdul Mo’min Makret, 1980-yillarda habiy faoliyatini boshlagan, bir guruh jangchilarga rahbarlik qilgan. U o’sha paytda ham, hozir ham afg’on jangchilari va toliblar Pokiston, arab va boshqa davlatlarning vasilasi bo’lganini e’tirof etadi.
“Dildagi gina-kuduratlarni yuvmay turib hech qanday kelishuvga erishish mumkin emas”, - deydi u.
Uningcha, yetakchi davlatlar urush bilan dunyoni egallash, boshqarish mumkin emasligini anglab yetgan.
“So’nggi to’rt o’n yillikda urush qo’shni va mintaqa davlatlariga katta ziyon keltirgan. Ular endi sulhni ta’minlab, iqtisodiy va siyosiy manfaatlarini ko’zlamoqda”, - deydi sobiq harbiy Abdul Mo’min Makret.
Uning nazarida, Markaziy Osiyo chegarasi - bu Rossiya chegarasi demakdir. Shuning uchun chegara xavfsizligini ta’minlashga kelganda, Moskva bor imkonini ishga soladi.
Suhbatdosh AQSh Afg’onistonni hech qachon butkul tark etishni xohlamaydi, degan fikrlarga qo’shiladi. Urushni to’xtatishning vaqti keldi, deydi u.
Afg’onistonda sulhga erishish ehtimoli kuchayar ekan, mintaqaning deyarli barcha davlatlari muzokarlarga mezbonlik qilishga tayyor ekanini aytgan. Yaqinda O’zbekiston davlati bu haqda e’lon qildi.
Ayni damda, Moskva uchrashuvining davomi bir oy mobaynida Qatar va O’zbekistonda o’tkazilishi kutilmoqda.
Facebook Forum