Pokiston 27-fevral kuni Hindistonning ikki harbiy samolyotini urib tushirganini tasdiqladi. Xabarda aytilishicha, samolyotlar Hindiston va Pokiston o’rtasida uzoq yillardan beri tortishuvlarga sabab bo’lib kelayotgan Kashmir osmonida nishonga olingan.
General-mayor Asif G’afurning ma’lum qilishicha, uchuvchilardan biri Kashmirning Pokiston nazoratidagi hududida qo’lga olingan. Ikkinchi samolyot Hindiston tarafida qulagan.
Islomobod bayonotidan bir necha soat avval Hindiston ham Pokistonning uch harbiy samolyoti Kashmir havo chegarasidan noqonuniy o’tganini ma’lum qilgan. Hindiston havo kuchlari samolyotlarni ortga chekinishga majbur qilgan.
Shuningdek, Islomobod da'vosiga ko'ra, Hindiston Pokistonning to’rt harbiysini chegara hududida o’ldirgan.
Yadroviy qurolga ega bo’lgan ikki qo’shni mamlakat o’rtasidagi tanglik Kashmirning Hindiston nazoratidagi hududida amalga oshirilgan portlash oqibatida yuzaga keldi. 14-fevral kuni yuz bergan terror xuruji oqibatida Hindiston yarim harbiy kuchlarining 40 a’zosi halok bo'lgan. Portlash uchun javobgarlikni Pokistonda joylashgan "Jayshi Muhammad" jangarilari o’z zimmasiga olgan.
Hindiston harbiy samolyotlari 26-fevral tongida "Jayshi Muhammad" guruhining Pokistondagi tayyorlov lageriga havo zarbalarini amalga oshirgan.
Jangarilar lageriga hujum Hindistonning Pokiston bilan urush holatiga kirishdan tiyilib yuritgan uzoq yillik pozitsiyasiga zid amalga oshirilgan.
AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo Hindiston va Pokiston tashqi ishlar vazirlari bilan suhbatlashgan. Pompeo har ikki tarafni vaziyatni oqilona nazoratga olish, tanglikka diplomatik yechim topish uchun muzokaralarni boshlash va harbiy to’qnashuvlarning oldini olishga chaqirgan.
Facebook Forum