Breaking News
Din

AQSh musulmonlari: AQShda ham islomofobiya kuchaygan


Virjiniyada yashovchi musulmon tadbirkor Shohid Omonulla Yangi Zelandiyadagi masjidlarda ro'y bergan otishma videosini ko'rgandan keyin tuni bilan uxlamay chiqqanini aytadi.

"Bunday voqea ro'y berishini hammamiz tasavvur qilganmiz. Reallikka aylandi", - deydi u, internetda tarqalgan 17 minutlik videoga ishora qilib.

Hujumchi, 28 yoshli Brenton Tarrant Kraystcherch shahridagi Al-Nur masjidiga qurol bilan kirib, ibodat qilayotganlarni birin-ketin otgan va qatliomni videoga tushirgan.

Hujumda necha kishi qatnashgani hamon tekshirilmoqda. Ikki masjidda jami 50 kishi halok bo'lgan. Asli avstraliyalik Brenton Tarrant hibsda, unga qotillik aybi qo'yildi. Rasmiylar uni "ekstremist, oq tanli millatchi", deya tasvirlaydi.

Nyu-Yorkdagi Islom madaniyati markazida xavfsizlik choralari kuchaytirilgan
Nyu-Yorkdagi Islom madaniyati markazida xavfsizlik choralari kuchaytirilgan

Hujumchi nafrat bilan yo'g'rilgan 74 sahifali manifesto e'lon qilgan. Unda butun dunyo bo'ylab musulmonlarni nishonga olishga da'vat etiladi, muhojirlar "bosqinchi" deya tasvirlanadi.

Musulmon amerikaliklar otishma videosi boshqa potensial hujumchilarni ham o'xshash jinoyatga undashi mumkinligidan xavotirda, deydi Omonulla.

AQSh Ichki xavfsizlik vazirligi quyidacha bayonot berdi:

"Yangi Zelandiyadagi hujumchilar AQShda biror shaxs bilan aloqada bo'lgani haqida ma'lumot yo'q. Hozirda biror tahdid mavjud emas. Amerikadagi musulmon jamoalarda biror xavotir bo'lsa, huquq-tartibot idoralari bilan bog'lanishlari kerak".

Oq uy Yangi Zelandiyadagi otishmani qoraladi, ammo Prezident Donald Tramp oq tanli millatchilarni yoki musulmonlarga qarshi terrorchilik harakatlarini tilga olmadi. AQShdagi musulmon tashkilotlar aynan Tramp prezident etib saylanganidan beri islomofobiya kuchayganini qayd etadi.

Prezidentlikka harakat qilayotganda Tramp musulmonlarni AQShga kiritmaslikka chaqirgan edi.

Yangi Zelandiyadagi fojida ketidan, oq tanli millatchilar va o'ng qanot ekstremistlar tobora kuchayib borayotgan xavfmi deb so'ralganda, AQSh rahbari "yo'q" deya javob berdi. Uning aytishicha, bu harakatga qo'shilayotgan odamlar ozchiliklni tashkil etadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG