Breaking News

Amerika bo'ylab Navro’z tantanalari


Amerikada Navro'z tantanalari
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:07 0:00

Ming yilliik tarixga ega Navro'z bayrami AQShdagi o'zbekistonlik muhojirlar orasida keng nishonlanadi.

Bu - bug'doy maysasi. U Navro'z dasturxonini bezaydi. Bahor nishonasiniChikago yonbag'ridagi Ok Lon (Oak lawn) qishlog'ida yashovchi o'zbekistonlik Norjon Umarovauyining yerto'lasida o'stirgan. Navro'z ayyomi sumalagini ham 10 yildirki Norjon opa boshchiligida shu xonadonda pishiradilar.

Sumalak O'zbekistondagidek mazali chiqishi uchun Norjon opa hatto kapgirlarni vatandan keltirgan.

“Qo'qonlik mehmon sovg'aga nima olib boray degandilar, bizlarga kapgir kerak deganmiz”, - deydi u

90-yillardan beri ko'chib kelayotgan o'zbekistonliklar Amerikaning olis shaharu qishloqlarigacha o'z an'ana va bayramlarini olib kelishyapti.

Faollarga ko'ra, Chikago tevaragida o'zbekistonliklar soni mingdan oshgan. Chikago O'zbek-Amerika uyushmasi tashkil qilgan tantanada 250 dan ortiq vatandosh yig'ildi. Tadbir Amerikada ulg'ayayotgan bolajonlargaona tilida yodlagan she'rlari, tayyorlagan milliy kuy-qo'shiq va raqslarini sahnada ijro etishlari uchun kamsonli imkoniyatlardan biri bo’ldi. Ular maktabda inglizcha o'qiydi.

“Maktabda amerikacha narsalarni o'rganamiz... Amerika davlati tarixi, asosan, amerikacha darslar o'tamiz. Lekin tarix darsida bir gal men O'zbekiston to'g'risida gapirib berdim”. - deydi Firdavs ismli o’quvchi.

Texasdan, Bahrom Egamberdiyev esa Kanadadan Chikagoga maxsus kelishgan. Ular yashaydigan joylarda hali vatandoshlar soni ko'p emas.

“Yoshlar ko'rishi kerak. Umid qilamanki, kelajakda yoshlar o'z vatani, tili, urf-odati, madaniyatini unutishmaydi. Qolaversa, buning uchun ana shunday tadbirlar juda ham katta yordam beradi deb o'ylayman”, - deydi Bahrom Egamberdiyev.

“Bu yerdagi ahil o'zbeklarni ko'rib juda ham xursandmiz. Nafaqat O'zbekistondan, balki qo'shni Markaziy Osiyo davlatlaridan ham o'zbeklar jam bo'lib bayramni nishonlashyapti. Bu Navro'z bayrami do'stlik, ahillik, yasharish, yangilanish, tinchlik bayrami ekanligini yana bir bor ko'rsatadi. Shuni ham aytmoqchimanki, dunyoda kechayotgan ziddiyatli, millatlar, dinlar o'rtasida, etnik nizolar avj olgan bir paytda Amerikadek ulkan davlatda odamlarning ahil va inoq yashayotganlari bu juda katta baxt”, - deydi O’zbekistondan kelgan mehmon, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar do’stlik aloqalari qo’mitasi bosh mutaxassisi Otabek Alimardonov.

Kun va tun tenglashuvi ayyomi Amerikaning o'zbekistonliklar zich yashaydigan boshqa hududlarida ham kattayu-kichik davralarda nishonlandi. Pensilvaniyaning Filadelfiya shahrida o'zbekistonliklar bu yil Navro'zni vatandagi kabi saylga aylantirdilar. Shahardagi parklardan birida o'tgan saylda ikki mingdan ortiq odam ishtirok etdi. Filadelfiyada bayram sharafiga tashkilotchilar bepul oshdan tortib bazmlargacha uyushtirishdi.

Bo'lajak diplomat Nigina Hayitova dunyoning turli chekkalaridan Nyu-Yorkka kelgan talabalarni Navro'z bahonasida bir joyda to'pladi. O'zbekistonlik bu qizNyu-Yorkdagi nufuzli Kolumbiya Universitetida tahsil oladi.

“Kolumbiya Universitetida bizning mintaqa, Markaziy Osiyoga qiziqish kuchli. Bugun tadbirimizga 70 dan ortiq odam keldi. Mintaqamiz xalqlari madaniyatini yoyish muhim ish deb hisoblayman. O'zim ham ona shahrim Toshkentni sog'inib yuraman. O'z madaniyatimni sevimli universitetimga olib kirish, urf-odatlarimizdan ko'pchilik bahra olishi men uchun katta baxt”, - deydi u.

Ingliz tili o'qituvchisi Kris uchun bu bayram begona emas. U ikki yil Qirgizistonda ishlagan.

“Mening ismim Kris, men Nyu-York Universitetida dars beraman. Men markaziy osiyoliklarga mo'ljallangan ingliz tili klubi bilan ham ishlayman. Bugun biz bu yerga ana shu klub a'zolari bilan birga keldik. Kolumbiya Universitetida ajoyib Navro'z, ya'ni yangi yil kechasi tashkillashtirilibdi. Bu bayram butun Markaziy Osiyo bo'ylab nishonlanadi. Bayramda do'stlarimiz bilan diydorlashdik, milliy taomlarni tatib ko'rdik. Kechamiz quvnoq o'tdi”, - deydi u.

Navro’zni nishonlash Amerikadagi o’zbekistonliklar uchun doimiy an’anaga aylanib ulgurdi. Navro'z bu yerda ulg'ayayotgan o'zbekistonlik yoshu-kichikuchun o'zligigini va tilini saqlashga, amerikaliklarga esa yangi immigrantlar madaniyati bilan tanishishga imkon bermoqda.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG