Saylovdan oldin Hukmron Adolat va taraqqiyot partiyasining Anqaradagi bosh qarorgohi oldida mamlakat Prezidenti Rajab Toyyib Erdog‘anning nutqini tinglash uchun yig‘ilgan odamlar “Anqara biznikidir, bizniki bo‘lib qoladi!” deya hayqirdi. Ammo saylovda Erdog‘an boshchiligidagi bu partiyaning poytaxt Anqaradagi nomzodi Mehmet O‘zxaseki yutqazib qo‘ydi.
2019-yilning 31-marti Turkiyada mahalliy hokimiyat organlariga saylov o‘tkazilgan kun sifatida tarixda qoldi. Saylov qizg‘in va keskin kurashlar ostida o‘tdi. Unda oxirgi 17 yildan beri barcha saylovlarda g‘alaba qozonib kelayotgan Adolat va taraqqiyot partiyasi (ATP) Milliyatchi harakat partiyasi (MHP) bilan ittifoq tuzgan holda qatnashdi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Jumhur ittifoqi deb nomlangan mazkur ittifoq saylovda umumiy hisobda qariyb 53 foiz ovoz to‘plashga muvaffaq bo‘ldi.
Muxolifatchi Jumhuriyat xalq partiyasi va IYI (“Yaxshi”) partiyasidan tashkil topgan Millat ittifoqi esa 37 yarim foizdan ko‘proq ovoz to‘pladi. Poytaxt Anqaradan tortib Izmir, Antaliya singari yirik shaharlarda aynan Jumhuriyat xalq partiyasining nomzodlari yutib chiqdi. Mamlakatning eng yirik shahri bo‘lmish Istanbulda so'nggi natija hali rasman e'lon qilinmadi, lekin ayni daqiqalarda Jumhuriyat xalq partiyasining nomzodi Akram Imomo‘g‘li ozgina farq bilan oldinda ekani aytilmoqda.
Trabzonda yashaydigan jurnalist Muharram Kochak Adolat va taraqqiyot partiyasining yirik shaharlarda muvaffaqiyatsizlikka uchrashiga Jumhuriyat xalq partiyasi va Xalqlarning demokratik partiyasi o‘rtasidagi hamkorlikni sabab qilib ko‘rsatadi. Uning fikricha, asosan, kurd saylovchilarni o‘ziga og‘dira olgan Xalqlarning demokratik partiyasi qo‘llovi bo‘lmaganida, Jumhuriyat xalq partiyasi bunchalik muvaffaqiyatga erisha olmagan bo‘lardi.
“Zero, Xalqlarning demokratik partiyasi saylovdan oldin aytgan edi: janubi-sharqda biz g‘alaba qozonamiz, g‘arbda (Jumhur ittifoqini) mag‘lubiyatga uchratamiz deb. Yirik shaharlarda hokimlikka o‘z nomzodlarini qo‘ymadi, saylovchilarga esa Anqara va Istanbulda Jumhuriyat xalq partiyasining nomzodiga ovoz berishni aytdi”, - deydi u.
Ammo saylov Turkiyaning janubi-sharqida Xalqlarning demokratik partiyasi mavqei pasayganini ko‘rsatdi. Xususan, Shirnak, Bitlis va Ag‘rida Adolat va taraqqiyot partiyasining nomzodlari yutib chiqdi. Maharram Kochakning aytishicha, partiya bu yerda o‘zini ko‘rsata oldi: uch yil avvalgi terror operatsiyalari paytida hududdagi bir qancha hokimlar ishdan olingan va ularning o‘rniga hukumat muvaqqat hokimlarni tayinlaygan edi.
“Ular amalga oshirgan ishlar xalqqa ma’qul bo‘lgan ko‘rinadi”, – deydi jurnalist.
Bundan tashqari, Muharram Kochakka ko'ra, Anqara va Istanbulda Adolat va taraqqiyot partiyasi shahar boshqaruvini qo‘ldan boy bergan bo‘lsa-da, bu shaharlardagi tumanlarning aksarida g‘alaba qozongan va bu shahar kengashiga ta’sir ko‘rsatadi.
"To‘g‘ri, yirik shaharlar partiyaning qo‘lidan ketdi, biroq unutmaylikki, bu mahalliy saylov edi, ketgan narsa – bu shaharlarning boshqaruvi, mamlakatning boshqaruvi emas”, – deydi u.
Siyosiy yuksalishini 1994-yilda aynan Istanbulda boshlagan Prezident Erdog‘an yirik shaharlardagi muvaffaqiyatsizliklar sababi tahlil qilinishini bildirdi. U saylovchilarga minnatdorchilik bildirar ekan, Adolat va taraqqiyot partiyasining ba’zi shaharlar va tumanlarda mag‘lubiyatga uchrashiga uning o‘sha joylarda xalq ko‘ngliga yo‘l topa olmagani sabab bo‘lganini aytdi.
“Bu masala ustida ish olib boramiz”, – dedi u.
Facebook Forum