Breaking News

Maxsus prokurorning to'liq hisoboti jamoatchilikka e'lon qilindi


2016-yilgi AQSh prezidentlik saylovlariga Rossiyaning aralashuvini tekshirish uchun maxsus prokuror Robert Myuller olib borgan tergov natijalari Kongressga va jamoatchilikka taqdim etildi.

Adliya vaziri Vilyam Barrning bayon qilishicha, Prezident Donald Tramp Moskva bilan til biriktirgani to'g'risidagi iddaolar o'z isbotini topmagan. Tramp tergov ishiga to’sqinlik qildi deyish uchun ham dalillar yetarli emas, deydi vazir.

Robert Myullerning 400 sahifaga yaqin hisobotining qisqacha mazmuni bir necha hafta oldin e'lon qilingan edi. Adliya vaziri lavozimiga prezident tomonidan yaqinda tayinlangan Barr o'shanda ham Trampga qarshi ayblov qo'yish uchun asos yo'qligini aytgan edi. Endilikda hisobotni har kim o'zi o'qib chiqib, xulosa qilishi mumkin.

2017-yilning yanvarida vazifasiga kirishgan Donald Tramp "murakkab vaziyat bilan yuzlashgani", uni tekshirish uchun maxsus prokuror tayinlanganidan so'ng esa g'azabga to'lgani aytiladi.

AQSh Adliya vaziri Vilyam Barr
AQSh Adliya vaziri Vilyam Barr

​Tramp tergov ishi uning prezidentligini zaiflashtirish maqsadida siyosiy raqiblari tomonidan uyushtirilgan, deb ishongan. Hatto maxsus prokurorni ishdan olish to'g'risida ko'rsatma bergan, ammo Oq uy advokatlari bunga qarshi chiqqan.

Myuller xulosasiga ko'ra, Tramp saylovni o'z foydasiga hal qilish uchun Rossiya bilan til biriktirmagan. Ammo prezident tergov jarayoniga to'sqinlik qilgani yoki qilmaganiga doir savol ochiq qolmoqda. Myuller bu borada bir xulosaga kela olmagan.

Tahlillarga ko’ra, prezidentning bayonotlari va xatti-harakatlaridan ko’zlangan maqsadni aniqlash Myuller uchun murakkab bo’lgan. Tergovchilar Tramp bilan shaxsan suhbat ham qilmagan - prezidentning advokatlari bunga qarshi edi. Savollarga Oq uy yozma javob qaytargan.

Myullerning komandasi prezidentni suhbatga chaqirish uchun sudga murojaat qilishi ham mumkin edi, biroq bunda tergov uzoqqa cho'zilgan bo'lar edi. Bu tergov ishining “yakuniy bosqichida jiddiy kechikishga” sabab bo’lgan bo’lar edi, deyiladi hisobotda.

Trampning yozma javoblarini maxsus prokuror “qoniqarsiz” deb topgan.

Maxsus prokuror Robert Myuller and Prezident Donald Trump
Maxsus prokuror Robert Myuller and Prezident Donald Trump

To'liq hisobot ketidan prezidentning partiyadoshlari uni himoya qilmoqda. Fitna hamda Trampning Rossiya bilan maxfiy aloqalari to'g'risidagi gaplar safsata bo'lib chiqdi, deydi respublikachilar. Ularning aytishicha, 22 oylik bu tergovni boshlaganlarning o'zini tekshirish kerak.

Demokratlar nazarida esa prezident adolat yo'lini to'sishga harakat qilgani hisobotda ko'rinib turibdi. Rossiya AQSh saylov tizimini buzishga harakat qilgani ham ayon. Demokratlar maxsus prokurorni Kongress huzuriga chaqirmoqchi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG