Marhum prezident Islom Karimovning qizi Gulnora Karimova ishi bilan bog’liq so’nggi yangilikka ko’ra, Shveysariya sudi ishni yuritayotgan prokurorni tergovdan chetlatgan, shuningdek, avval Gulnora Karimovaga tegishli bo'lgan va musodara qilingan, qiymati bir million dollarga yaqin qimmatbaho avtomobillarni sotuvga qo’yish haqidagi qarorni bekor qilgan.
Bu orada O'zbekistonda chop etilayotgan maqolalarda Gulnora Karimovaga qarshi targ'ibot kuchaygan. Ulardan birida o'lim jazosini qayta tiklash haqida gap boradi.
Uyushgan jinoyatchilikda, yirik moliyaviy qalloblikda ayblangan Gulnora Karimova Zangiota qamoqxonasida jazo o’tamoqda. Karimovaning advokati Greguar Manja yaqinda O’zbekistonga safar qilib, mijozi bilan qamoqxonada uchrashishga muvaffaq bo’lgani haqida yozdi, ammo u Karimovaga nisbatan belgilangan jazo muddatiga doir biror aniq ma’lumot bermadi.
5 yillik qamoq jazosini o’tayotgan Gulnora Karimova mart oyida kutilmaganda uy qamog’idan umumiy tartibdagi jazo koloniyasiga o’tkazilgan edi. Bosh prokuratura bu o’zgarishni Gulnora Karimova o’zaro kelishuv shartlari va jazo o’tash tartibini buzganligi bilan izohladi.
Karimova va prokuratura o’rtasidagi kelishuv shartlari o’marilgan mablag’larni ixtiyoriy tarzda qaytarishni nazarda tutgan, ammo Gulnora bu pullarning O’zbekistonga qaytarilishiga qarshilik qilgani aytiladi.
Mustaqil O’zbekiston tarixidagi eng yirik korrupsiyaviy mojaro sifatida ko’rilayotgan bu ish Karimov davridan farqli, bugungi kunda o’zbek matbuotida faol yoritib kelinmoqda.
“Xabar.uz” sayti Gulnora Karimova ishi bilan bog’liq seriyali maqolalar chop etdi. Nashr bu boradagi so’nggi maqolasida O’zbekistondagi korrupsuya, jumladan, Karimova va sobiq bosh prokuror Rashid Qodirov ishiga doir tahlilini e’lon qilgan.
Maqolada O’zbekistonda 2005-yilda bekor qilingan o’lim jazosini qaytarish lozimligi haqida mulohaza yuritiladi.
“Bir paytlar G’arbga yaxshi ko’rinish uchun bekor qilingan o’lim jazosini ham yirik miqdordagi poraxo’rlik, korrupsiya, terrorizm va qotillikning o’ta og’ir turlari uchun qayta tiklash haqida ham balki o’ylab ko’rish kerakdir?!” - deyiladi muallifi ko’rsatilmagan maqolada.
Yozilishicha, o’lim jazosi bekor qilinishi ortidan jamiyatga va davlatga yetkazilgan foyda va zararning farqi hanuz tahlil qilib berilmagan. Jinoyat qilganlar esa qonunlarni zarracha hurmat qilmayotgani, milliard-milliard mablag’ni o’pqonday yutishda davom etayotgani aytiladi.
Maqoladagi bu ishora Gulnora Karimovani hamda tergov davomida qiynoqqa uchragani haqida ma’lumot chiqargan sobiq bosh prokuror Rashid Qodirovni nishonga olmoqda deyish mumkin.
Sharhlovchilar O’zbekistonda o’lim jazosi tiklanishi ehtimolini past baholashadi, yarim rasmiy maqomga ega bu nashr maqolasi o’margan mablag’larini topshirishdan bosh tortgan Karimova, xalqaro huquq tashkilotlari bilan hamkorlikka borayotgan Rashid Qodirovga bosim ko’rsatishni maqsad qilayotgani ehtimol ko’riladi.
O’zbekistondagi korrupsiyaga doir mustaqil surishtiruv o’tkazib kelayotgan o’zbekistonlik faol Safar Bekjon o'lim jazosining qayta tiklanishiga qarshi.
“Men korrupsiyaga qarshi kurashib kelayotgan faol sifatida ham, insonparvarlik nuqtai nazaridan ham o’lim jazosi tiklanishiga mutlaqo qarshiman. O’zbekistonda sud hukmlari to’la adolatli mezonga o’tmaguncha o’lim jazosi qaytarilishi hatto muhokamaga ham chiqmasligi kerak. O’zbekistonda sud hamon betaraf emas, shuning uchun bu Gulnoraga bo’ladimi, boshqagami, men bu jazoga qarshiman. Qolaversa, bu odamlarning ochiq sudlovi hali bo’lmadi, ular bizga tiriklayin kerak, ular O’zbekistondagi vaziyat, korrupsiya haqida ko’p sirlarni ochishi mumkin. Shuning uchun bu mulohazalar faqat qo’rqitish, jim tur, biz aytgan narsani qil, ko’p narsa gapirma degan maqsadda. Buning ustiga so’nggi paytda Rashid Qodirov ochiq gapira boshladi, har holda uning shunday niyati borligi haqida ma’lumotlar chiqmoqda”, - degan fikrda Safar Bekjon.
O’zbekiston prokuraturasini 15 yil boshqargan Rashid Qodirovning hibs qilinishi Gulnora Karimova ishidan so’ng mamlakatdagi ikkinchi yirik korrupsiyaviy jinoyat hisoblanadi.
Rashid Qodirov xizmat vakolatini suiiste’mol qilish, davlatga katta miqdorda zarar yetkazish, uyushgan jinoiy guruh tuzish kabi jinoyatlarda ayblanmoqda.
Avvalroq Xalqoro amnistiya tashkiloti o’z manbalariga tayanib tergov davomida Rashid Qodirovga nisbatan qiynoq qo’llanilayotgani yuzasidan bayonot tarqatgan edi.
Sobiq bosh prokuror hibsga olinishi ortidan prokuraturada “tozalash” o’tkazishga ko’rsatma bergan Prezident Shavkat Mirziyoyev sobiq bosh prokurorning jinoyati yuzasidan ochiq sud majlisi o’tkazilishini, sud televideniye orqali namoyish etilishini va'da qilgan edi.
Facebook Forum