Breaking News

Toza energiya sanoati AQShni inqirozga yetaklaydimi?


Iqlim o’zgarishi muammosi Vashingtonda siyosiy qarama-qarshiliklarga sabab bo’layotgan eng qaynoq mavzulardan. Ayrim demokratlar o’n yil ichida energiya tizimini to’liq tabiiy toza energiyaga o’tkazish tashabbusi bilan chiqqan. Respublikachilar bunday taklif mamlakat iqtisodiyotini inqirozga yetaklashini aytmoqda. Hukumat tortishuvlarda davom etar ekan, ayrim shtatlar dadilroq qadam tashlashga ulgurgan. “Amerika Ovozi” ekologik toza energiya sohasi rivojlanayotgan Massachusets shtatida bo’ldi.

Massachusets g’arbida sovuq - 8 daraja. Biroq ishchi guruh 8000 panelga mo’ljallangan quyosh energiyasi uskunalarini o’rnatishdan to’xtamaydi.

Tajribali elektr muhandisi Ed Martell montaj ishlari so’nggi bir necha yilda uzluksiz davom etganini aytadi.

“Yillar avval bunday quyosh energiyasi ish bermaydi deb o’ylaganman. Biroq buning aksi bo’ldi”, - deydi u.

Martellga ko’ra, sohaning o’sishi elektriklar uchun qo’l kelgan. Uning aytishicha, yangi sanoat ishsizlik xavfi kuchaygan bir paytda o’sishni boshlagan.

“Quyosh energiyasiga o’tish yuz bermaganda, ikki yildan beri ishsiz yurgan bo’lardim. Biz uchun yaxshi bo’ldi bu”, - deydi u.

Massachusets bu sohadagi eng ko’p ish o’rinlari bo’yicha Kaliforniya va Floridadan keyingi o’rinda.

Quyosh energiyasiga o’tish global isishga qarshi kurashning bir yo’li.

Vashingtonda demokratlar ekologik toza energiya ta’minotiga o’tishni yoqlasa, respublikachilar ishsizlik ortishi xavfini ro’kach qilmoqda.

Biroq Massachusetsning respublikachi gubernatori Charli Beyker demokratlar taklifini ilib ketdi.

Massachusetsda iqlim o’zgarishi partiyaviy muammo emas. Ayrim siyosiy tartiblarni yoqlamasligimiz mumkin, biz fanni tushunamiz”, - deydi gubernator.

Shtat 2008-yilda zararli gaz chiqindisini 2050-yilgacha 80 foizga qisqartirishni rejalagan.

Karbonat angidrid gazi uchun qo’shimcha to’lov joriy qilinib, toza energiya stansiyalari qo’llab-quvvatlanmoqda.

Yangi texnologiyalarga sarmoya ajratilib, Bostonda shamol turbinalari tajriba markazi ochilgan.

Massachusets Toza energiya markazi rahbari Stiv Paykka ko’ra, agentlik shtatning toza iqlim dasturi maqsadlarini amalga oshirishda qo’l kelmoqda.

“So’nggi sakkiz yil mobaynida toza energiya sanoati ish o’rinlari uzluksiz o’sishda davom etgan. Ishchilar soni 2010-yildan buyon 84 foizga oshgan. Toza energiyaga sarmoya kiritish nafaqat iqlim o’zgarishini nazorat qilish, zararli gaz chiqindilarini kamaytirish va salomatlikni yaxshilash, balki Massachusets iqtisodiyotiga ham ijobiy ta’sir ko’rsatmoqda”, - deydi Stiv Payk.

13 milliard dollarlik toza energiya sanoati ayni damda 110 ming ishchiga ega.

Shtat iqtisodiyoti 2000-yildan buyon 20 foizga o’sgan, issiqxona gazlari chiqindisi esa 22 foizga qisqargan.

Paykka ko’ra, iqlim o’zgarishiga qarshi kurash iqtisodiy inqirozni anglatmaydi.

“Massachusetsda so’nggi o’n yil buning aksini ko’rsatdi. Iqtisodiyot esa o’sdi”, - deydi u.

Darhaqiqat, iqlimga ziyon yetkazmay dunyoni energiya bilan ta’minlash ishlari talaygina.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG