Breaking News

AQShda immigrant mutaxassis "grin karta"ni qancha kutadi?


“Amerika orzusi so’nib bo’ldi”, - deydi AQShda doimiy yashash huquqini olishga 10 yildan beri urinayotgan doktor Tarkeshvar Tivari.

“O’zimni haqoratlanganday his qilayapman”, - deydi u.

45 yoshli Tivari Pensilvaniya shtatidagi shifoxonalardan birida pulmonolog bo’lib ishlaydi. Ayni damda AQShda 300 mingdan ziyod hindistonlik immigrantlar professional faoliyati asosida doimiy rezident maqomini olishni kutmoqda.

Tivari AQShda litsenziyaga ega bo’lgan 50 ming hind shifokordan biri. Biroq “grin karta”, ya’ni AQSh fuqaroligi tomon yo’l ochib beradigan maqomni olish masalasi uzoq yillardan beri hal bo’lmayapti.

“Menga hozir ko’chib ketsang, ayni vaqtda qaror qilgan bo’lasan, degan maslahat berishayapti. Kanada yoki Avstraliyaga o’xshagan davlatlarda bo’lganimda allaqachon fuqarolik olgan bo’lar edim”, - deydi Tivari.

AQShda ishchi-xodim vizasi bilan grin kartaga murojaat qilganlarning kutish vaqti turlicha. Biroq hindistonliklar uchun uzoq yillar kerak bo’ladi.

Hindistonlik pulmonolog Tarkeshvar Tivari
Hindistonlik pulmonolog Tarkeshvar Tivari

AQShda professional faoliyat uchun beriladigan “H-1B” vizasi odatda “grin karta” tomon yo’l. Biroq aksariyati informatsion texnologiyalar bilan bog’liq sohalarda band bo’lgan hindlar shunday vizali xodimlarning uchdan birini tashkil etadi. Har bir mamlakat vakillari uchun o’rnatilgan yillik yetti foizlik limit kutish vaqtining yanada uzayib ketishiga sabab bo’lmoqda.

“Kutish vaqti 2003-2004-yillarda uzaytirildi. AQSh Fuqarolik va immigratsiya xizmati bir necha yil professional immigrantlarga “grin karta” berishni to’xtatib qo’ydi. Ayrimlar o’n yillab sabrini sinovdan o’tkazdi. Umid uzganlar ham talaygina”, - deydi tahlilchi Deyvid Biyer.

Tivariga o’xshaganlar AQShda qolish yoki boshqa mamlakatga ko’chish haqida o’ylab boshi qotgan. Qaror oilaviy sharoitga ham bog’liq. Tivarining farzandlari AQShda voyaga yetgan. Qizi yuqori sinfda, o’g’li Pittsburg universitetida tahsil oladi. Ular o’zlarini amerikalik deb hisoblaydi. Biroq AQShdan ish izlaganida zarur hujjatlari bo’lmaydi. Barcha umid Tivarining “grin karta” olishidan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG