Amerikada Turkiya kuni paradi va festivali keng miqyosda har yili Nyu-Yorkning Manxeten shahrida o'tkaziladi. 1981-yilidan buyon o'tkaziladigan turk xalqlari yurishi dastlab siyosiy marsh sifatida vujudga kelgan. Yillar o'tib u Amerikada yashaydigan turkiy xalqlarning birlashib o'zligini namoyish etadigan muhim sanaga aylangan. Parad va festivalda turkistonliklar ham doim qatnashib keladilar.
Manhettenda 38-marotaba Amerikadagi Turklar paradi va festivali bo'lib o'tdi. Turk xalqlarining Nyu-Yorkdagi yurishi Amerika-Turk uyushmalari federatsiyasi tomonidan uyushtirildi.
Tulga Tekman - Amerika-Turk uyushmalari federatsiyasi prezidenti.
“Bu yerda turk g'ururini his etish uchun, turk jamiyatiga daxldor insonlar bilan go'zal bir tadbirda yig'ilganmiz. Butun Amerikadagi turklarning, Otaturk merosiga sodiq qolayotganlarning bu yilgi yig'ilishi, shuningdek, 19-may kuni millat birligi yo'lidagi kurash boshlanganining 100 yilligiga to'g'ri keldi. Ayni vaqtda turk dunyosining diqqati shu yerga qaratilgan. Bugun Ozarbayjondan Turkistonu- Kiprga qadar barcha hamzabonlarimizning qalbi shu yerdagilar bilan”, - deydi u.
Bu yilgi parad Otaturkning milliy qutqaruv jangini boshlashga undagan Samsunda 1919-yil 19-may kuni yoshlar oldida qilgan tarixiy chiqishining 100 yilligiga to'g'ri keldi. Shu bois yurishda ishtirokchilar ko'p kelishi kutilgandi, lekin unday bo'lmadi. AQShda 500 mingdan ortiq turkiy xalqlar yashashi aytiladi. Paradga har yili Nyu-Yorkdan tashqari Amerikaning turli shtatlaridan ham qatnashchilar tashrif buyuradi.
“Federatsiyamiz 1956-yili tashkil qilingan. Hammasi 1981-yili armanlarning suiqasdiga qarshi namoyishdan boshlashgandi, arman terroriga qarshi chiqishimizdan. Shundan keyingi yillarda Amerikadagi Turklar namoyishi doimiy ravishda o'tkazilib kelinadi. U endi Turk kuni paradi va festivaliga aylangan. Avvalida unda ozchilik qatnashganiga qaramay hozirda minglab odamlar biz bilan birga paradda ishtirok etishyapti”- deya hikoya qiladi Tulga Tekman.
Nyu-Yorkda zamonaviy Turkiya bayrog'i ostida o'tadigan ushbu paradda boshida sobiq SSSR tarkibidagi turkiy respublikalardan chiqqan immigrantlar ham faol qatnashgan. Bu yilgi paradda ishtirokchilar va tomoshabinlar biroz kamaygani kuzatildi. Bunga Turkiyadagi mavjud siyosat bosh sabablardan deb ko'rilmoqda.
“Garchi men Amerikada tug'ilgan bo'lsam-da, turk va o'zbek madaniyati menda mujassam va uni men doim barchaga ko'z-ko'z qilaman. Biz o'z ovozimizni chiqarishimiz kerak. Biz kuchli turk millati vakillarimiz. Biz Xitoyga, Rossiyaga, har qanday davlatga qarshi tura olamiz. Biz kuchli xalq. O'z ovozimizga egamiz. Erkinmiz, tinchlikparvar va insonparvar go'zal bir xalqmiz” - deydi o'zbekistonlik immigrantlar farzandi Gulbanu Tashkent.
“Men milliy folklor vakili. Shuning uchun bu yerga milliy libosda keldim. Soz chalaman”- deb Nyu-Jersidan namoyishga ataylab kelganini aytadi yana bir parad qatnashchisi, 67 yashar Nuriddin Tatar.
Manxettenda o'tgan parad davomida Turkiya hukumati yuritayotgan siyosatga muxolif bo'lganlar ham o'zlarini namoyon qildi.
“Turklarning ko'pchiligi bizlar bilan hamfikr. Bizga xayrixoh. Lekin bir qism turklar borki, bizga qarshi tarafning fikrlarini qabul qilishgan. Ular hozirgi hukumat qarashlarini oqlab chiqishyapti. Ammo ishonchim komilki, ularning orasida ham bizni qo'llaydigan qardoshlarimiz bor. Ularning soni 100 dan 10 foiz chiqmasa kerak. Ammo hukumatdan qo'rqib, siyosatdan cho'chib millatga o'z fikrini gapirishni istamaydi. Eng muhimi bugun biz qardosh mamlakatlar, zamondoshlar va vatandoshlarni ko'rdik ba birga bu yerda bo'ldik”- deya o'z mulohazalari bilan bo'lishdi muxolif qarashdagi parad ishtirokchisi Mahmut Ay.
“Bugungi turk yurishini ular ikkiga bo'ldilar. Bu yerda o'tkazilayotgan namoyish va festival Turkiya qo'mitasining, Amerikada yashaydigan Turk xalqining mablag'i evaziga tashkillashtirildi. Ammo hukumat odamlarni ajratyapti. 200 ming dollar mablag' berib Bruklinda boshqa bir tadbir uyushtiryapti. Bu nimani anglatadi? Turklarning ikkiga bo'linishiga olib keladi. Biz aslo bo'linmaymiz. Barchamiz bir, hammamiz turkmiz”- deydi muxolif qarashdagi yana bir parad ishtirokchisi Gunesh Ay.
“Turk va turk mamlakatlari o'laroq,Turkiya, Ozarbayjon, O'zbekiston, Qazog'iston, Turkmaniston, Qirg'iziston va Bosniya tarafidagi barcha turklar bir kun kelib dunyoda, albatta, o'z ovozini baralla taratadi va Islom dunyosida ham o'zgarishlar ro'y berishiga men ishonaman” - deydi Mahmut Ay.
“Bu tadbirda siyosiy nizolarga o'rin yo'q.Bu yerda faqatgina o'zlik, Turk-Amerika o'zligi, birligi namoyish etiladi. Diyasporalararo munosabatlar, do'stlik madh etiladi. Siyosatdan uzoqmiz”, - deb tushuntiradi parad tashkilotchisi Tulga Tekman.
“Otaturk izidan boramiz. Hamma turklar. Otaturk omonatiga sodiq va sohib bo'lib qoladi”- deya xulosa qiladi Gunesh Ay.
Parad va festival BMT bosh qarorgohiga tutash ko'chadagi so'lim bog'da yarmarka va badiiy dastur bilan yakun topdi.
Facebook Forum