Breaking News

O'zbekiston sobiq fuqarosiga nega viza bermayapti?


O'zbekistonga bora olmayotgan o'zbekistonlik
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:08:12 0:00

O’tgan yil 15-iyulidan beri O'zbekistonning sayyohlik vizasini jahondagi boshqa o'nlab mamlakatlar qatori Amerika fuqarolari ham onlayn tartibda olish imkoniga ega. Ariza internet sayti orqali kiritiladi, viza narxi ham arzon. Atigi 20 dollar. O'zbekiston hukumati kirish vizasini olishni soddalashtirish orqali mamlakatga sayyohlar oqimini oshirish ilinjida. O'zbekistonning Nyu-Yorkdagi konsulligi ma'lumotiga ko’ra, birgina yanvar-aprel oylarida 3,5 mingga yaqin amerikalik elektron viza olib, O'zbekistonga borgan. Bu o'tgan yilgiga nisbatan 145 foiz ko'p degani. Biroq e-vizani ololmayotganlar ham yo'q emas. O’tgan yil may oyida “Nyu-York Tayms” gazetasi jurnalistiga Nukusga safar qilishi uchun kirish vizasini bermagani katta shov-shuv keltirib chiqargandi. Bu yil xuddi shu payt yana bir amerikalikka viza berilmagani ma'lum bo'ldi. “Amerika Ovozi” elektron viza joriy etilganidan so'ng O'zbekiston vizasini ololmagan kamsonli amerikaliklardan birining kechinmasini tingladi.

63 yashar Isoqjon Zokirov va Nyu-Yorkda faoliyat ko'rsatayotgan sayyohlik maslahatchisi Janna Brizak ikki yil ichida azaliy do'stdek bo'lib qolishgan. Ularni asli o'zbekistonlik, hozirda AQSh fuqarosi Isoqjon Zokirovning muammosi yaqinlashtirgan.

“Muammom shuki O'zbekistonga bir oyga sayohatga borib, qarindosh-urug'lar, aka-ukalar, yor-birodarlarni ko'rib ortga qaytmoqchi edim”, - deydi Isoqjon Zokirov.

Biroq Zokirovga tarixiy vatani O'zbekistonga kirish vizasi berilmagan.

“2019-yil 19-aprelida elektron vizaga murojaat qildim. Afsuski, bu gal ulardan antiqa javob keldi. Javobda “o'zingiz yashaydigan joydagi konsullik bo'limiga uchrang” deyilgan. Men Nyu-York shahridagi konsullik bo'limiga bordim, konsullar bilan samimiy uchrashuv bo'ldi. Ular qonun doirasida javob berishdi, biz elektron vizaga umuman aralashmaymiz, elektron vizani Toshkentdagi rahbariyat hal qilishi kerak degan qoniqarli javob berishdi”, - deb tushuntiradi Isoqjon Zokirov.

Janna Brizakning ofisi Nyu-Yorkning Brayton-Bich Avenyusida, sobiq SSSR, shu jumladan O'zbekistondan kelgan muhojirlar zich yashaydigan hududda joylashgan. 11 yildirki Janna amerikaliklarning O'zbekistonga sayohatlarini tashkillashtiradi. Mijozlarining katta qismini Zokirov kabi O'zbekistondan chiqqan immigrantlar tashkil etadi.

“Biz 2017-yil sentyabrida ariza berganimizda, afsuski, unga rad javobi berilgandi. O'tgan yil avgustidan boshlab, biz online tartibda vizaga murojaat qilishni boshladik. Viza olish qulay bo'lgan. Isoqjon ham murojaat qildi va men bu gal hech qanday muammo bo'lmasligiga juda ishongandim. Biroq biz yana chig'iriqqa duch keldik. Toshkentga ham, konsullikka ham murojaat qildik. Ammo natijasi bo'lmadi. Toshkentdagilar konsullikka murojaat qiling deydi, konsullikka qo'ng'iroq qilsak, ular online vizaga bizning daxlimiz yo'q deydi”, - deya vaziyatni sharhlaydi Janna.

Elektron viza joriy qilingandan so'ng 2018-yilning avgustidan shu paytgacha 50 tacha odamga O'zbekistonga kirish vizasiga ariza to'ldirganmiz, deydi Janna Brizak. Zokirovdan tashqari hammasiga e-viza berilgan.

“Faoliyatim davomida hali biror marta rad qilingan viza arizasi bo'lmagandi. Har kuni bo'lmasa-da, oyiga 5-7 ta ariza to'ldirib yuboraman. Ular orasida O'zbekiston fuqaroligidan voz kechganlar ko'p”, - deydi u.

2017-yilda O'zbekiston fuqaroligidan chiqarilgan Isoqjon Zokirovda O'zbekiston vizasini olish uchun hali imkoniyatlar bor deydi, O'zbekistonning Nyu-Yorkdagi konsuli Qahramon Dalimov.

“Isoqjon Zokirovning holatini sharhlab berolmayman. U kishi (vizaga) murojaat qilgan ekan, rad javobi berishibdi. Elektron vizaning saytiga kirsangiz, tegishli instruksiyasi, nizomi bor. Qanaqa holatlarda rad javobi berilishi u yerda ko'rsatilgan. Isoqjon Zokirov shu masalaga tushib qolgan bo'lishi mumkin. Biz u kishiga maslahat beramizki, elektron viza olish imkoni bo'lmagan ekan, endi (O'zbekistondagi) qarindoshlari orqali ichki ishlar idoralariga murojaat qilsin, taklifnoma yuborishsa, konsulxonadan viza qilib berishimiz mumkin.

- U boshqacha viza boladimi?

- Eski tartibdagi viza”, - deya tushuntiradi konsul Dalimov.

Isoqjon Zokirov bunday javoblarni “aravani suvdan quruq olib qochish” deydi.

“Umuman olganda, muxolif qarashdagi insonlarni O'zbekiston hukumati uncha sevmaydi va qaysidir qora ro'yxatda turganligi uchun O'zbekistonga kirishga ruxsat bermaydi. Ya'ni hukumat o'ziga xos va mos odamlarni O'zbekistonga kirishiga ruxsat beryapti, menga o'xshagan odamlarning kirishiga ijozat bermayapti”, - deydi Zokirov.

U hozirgi holatni 2004-yilga qadar, ya'ni vatanidan chiqib ketishigacha bo'lgan davrdagi faoliyati bilan bog'laydi.

“Viza bermasligiga sabab, albatta, mening muxolif qarashga egaligim. Men sovetlar davrida "Birlik" xalq harakatining Andijon viloyatidagi faol a'zolaridan edim. 2001-yili Inson huquqlari federatsiyasi Xelsinki jamiyati a'zosi bo'lganman, Andijon viloyati bo'yicha”, - deydi Zokirov.

Immigratsiya masalalari bo'yicha amerikalik advokat Tatyana Aristovaga ko'ra, Isoqjon Zokirov kabi odamlarda vaziyatni aniqlashtirishning imkoni yo'q emas.

“AQSh fuqarosi aynan ushbu holda eng avvalo AQSh federal Kongressidagi o'z vakiliga murojaat qila oladi. Mazkur masalani ana shu darajada ko'tarib chiqishi mumkin. Kongress xalqaro faoliyatni ham yuritadi va O'zbekiston konsulligiga so'rovnoma yuborishni uyushtirish vakolatiga ega. O'zbekiston konsulligi esa so'rovga javob berishi ham, bermasligi ham mumkin. Har bir suveren davlat singari O'zbekiston o'z hududiga kimni qo'yishi va kimni qo'ymaslikni o'zi hal etish huquqiga ega. Shaxs O'zbekiston fuqaroligini yo'qotgan bo'lsa, unga munosabat ham chet elliklarga xos bo'ladi. AQSh tomoni ham ba'zida boshqalarga hech bir tushuntirishlarsiz viza bermagani kabi O'zbekiston ham viza bermasligi mumkin. Menimcha, bunday holda AQSh fuqaroligi bor shaxs kongressmenlarga murojaat etishi kerak, o'z masalasini ana shu darajada hal qilishi lozim”, - deya tushuntiradi advokat.

Isoqjon Zokirov esa o'z masalasi bilan AQSh Kongressiga emas, Toshkentga, O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga murojaat qilmoqchi.

“Har kuni internetni kuzataman, lekin menga o'xshagan, ya'ni O'zbekistonga boraman deganlarga viza rad qilinganlarni, afsuski, unchalik topolmayapman. Ammo bir hafta oldin o'qib qoldimki, Kanadadan Nasrullo Said (O'zbekistonga) borgan. Vaholanki, Kanadadan O'zbekistonga bir oyga vizasiz borish tartibi joriy qilingan bo'lsa-da, Nasrullo Saidni Toshkentdan ortga, Istanbulga qaytarishgan. Mamlakatga kiritishmagan. Yana kimlarga viza berilmaganidan xabarim yo'q. Izlanyapman. Topsam, shu insonlar bilan birlashib, prezident nomiga kattaroq murojaat tayyorlasak deyman. Prezident bu voqealardan balkim bexabardir. Shuni unga yetkazsak, balki hukumat o'z nigohini biz tomonga tashlar degan umiddaman”, - deydi Isoqjon Zokirov.

O'zbekiston konsuli “Amerika Ovozi” bilan muloqotda mamlakat hozirda xorijda yashaydigan vatandoshlarga ham, tashqi dunyoga ham tobora ochiq bo'lib borayotganini yana bir bor takrorlar ekan, shunday deydi:

“Elektron vizaning joriy etilgani oxirgi 2,5 yil ichidagi tashqi siyosat va O'zbekistonni tashqi dunyoga ochish doirasida amalga oshirilgan eng katta islohotlardan biri bo’ldi. Ya'ni 2018-yil 15-iyul kunidan boshlab, 100 dan ortiq mamlakat fuqarolari O'zbekistonga bevosita elektron viza bilan borishlari mumkin bo'ldi.

Hozirga qadar juda ham ko'p odamlar vizaga murojaat qilishgan. Joriy yil uchun oxirgi statistikani keltirishim mumkin. Yanvar-aprel oylari davomida AQShdan 3400 dan ortiq odam O'zbekistonga kirdi. Bu kamdek ko'rinishi mumkin, lekin o'tgan yilga nisbatan 145 foizga ko'p degani”, - deb izohlaydi Qahramon Dalimov.

Bu yilgi yozni Amerikada yashovchi yuzlab odam O'zbekistonda o'tkazishni rejalagan ko'rinadi. Chunki shu kunlarda O'zbekistonga borishga aviachiptani topish oson emas. Bori ham juda qimmat. Bundan Janna kabi mutaxassislar xursand. Faqat har gal Isoqjonni ko'rganda yuzidagi tabassumi so'nadi. Chunki uning o'zi ham O'zbekistondan va vatan sog'inchi nimaligini yaxshi anglaydi.

“U viza ololmagan yagona mijozim, men ham unga yordam berishni istardim. Chunki u O'zbekistonga borishni juda-juda xohlaydi”, - deydi Janna Brizak.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG