Breaking News

Meksikalik qilichbozga O'zbekiston fuqaroligining berilgani bahslarni qo'zg'adi


O'zbekiston fuqaroligini olgan qilichboz Paola Pliego
O'zbekiston fuqaroligini olgan qilichboz Paola Pliego

Meksikalik qilichboz qiz Paola Pliyegoga O’zbekiston fuqaroligi taqdim etilishi vatandoshlik huquqiga doir qizg’in munozaralarga sabab bo'ldi. Bahslarda unga fuqarolik taqdim etilgani emas, balki qanday sabablar bois uzoq yillar O’zbekistonda yashab fuqarolik istayotgan minglab vatandoshlarning bunday marhamatdan chetda qolayotgani, qanday asoslarga ko’ra o’nlab vatandoshlar fuqarolikdan mahrum qilingani tilga olinadi.

O'zbekistonda fuqarolik munozarasi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:02 0:00

Paola Pliyegoga taqdim etilgan imkoniyat ortida Xalqaro qilichbozlik federatsiyasi rahbari milliarder Alisher Usmonov turgani ehtimol qilinadi.

Meksikalik qilichboz qiz, Pan Amerika o’yinlari sovrindori Paola Pliyegoga O’zbekiston fuqaroligi berilgani sport ko’rsatkichlari bilan bog’liq. Ta’kidlanishicha, u 2019-yilgi jahon chempionatida O’zbekiston nomidan qatnashishi kutilmoqda.

O’zbekiston fuqaroligini olganini Pliyegoning o’zi Instagram sahifasi orqali ma’lum qilgan. Bu yangilik ijtimoiy tarmoqlarda jiddiy munozaralarga sabab bo'lishi ortidan bu haqdagi e’lonini o’chirgan.

Bu mavzu atrofidagi munozaralarda sportchiga fuqarolik berilishi emas, balki mamlakatda fuqarolik berish va fuqarolikdan mahrum qilishga doir vaziyat muhokama qilinmoqda.

Mahalliy faollardan biri Ro’ziboy Azimiyga ko’ra, bu yangilik uzoq yillar mamlakatda yashab haligacha pasport olmagan minglab vatandoshlar borligi uchun ham jiddiy munozaralarga sabab bo’lgan.

“Gap meksikalik sportchiga fuqarolik berilganida emas, balki 30 yillardan buyon O’zbekistonda yashab, uni o’z vatani sifatida bilgan, fidoyi, ammo shunga qaramasdan hamon fuqarolikdan mahrum qolayotgan vatandoshlarimiz ko‘pligidadir. Ular orasida ham vatan dovrug’ini munosib taqdim eta oladigan olimlar, ziyolilar kam emas”, - deydi Ro’ziboy Azimiy.

Munozaralarning boshqa bir tomoni esa qanday asoslarga ko’ra vatandoshlarni fuqarolikdan mahrum qilishga doir.

Marhum prezident Islom Karimov boshqaruvi davrida aynan muxolifligi, huquq himoyachisi yoki jurnalist bo’lgani uchun maxsus farmon bilan fuqarolikdan chiqarilgan faollar ko’p. Ular uchun O’zbekiston yopiq, hokimiyat o’zgarishi ortidan mamlakatga borgan bu faollarning ayrimlari O’zbekistondan ortga qaytarildi.

Huquq himoyachisi Muhiddin Qurbonov Karimov davrida O’zbekistonni tark etgan, ayni paytda Shvetsiyada siyosiy muhojirlikda yashaydi.

U O’zbekistonda hokimiyat o’zgarishi ortidan mamlakatga qaytgan, ammo yurtga kiritilmagan.Toshkent aeroportida unga O’zbekiston fuqaroligidan chiqarilgani haqidagi farmonni ko’rsatishgan.

“Farmonga muvofiq fuqarolikdan chiqarildingiz, dedi lekin qani o’sha farmon desam ko’rsatishmadi. O’zbekistonda tug’ilib o’sgan odamni fuqarolikdan chiqarishga hech kimning haqqi yo’q. Qancha odam bu farmonni talab qilyapti, lekin haligacha hech kimga ko’rsatilmadi. Bu farmonni ochiq chiqarib qo’ysin saytida, Tashqi ishlardami, Ichki ishlardami... Bu ochiq bo’lsin, odamlar bilsin nima uchun fuqarolikdan chiqarilganini, jamoatchilik muhokama qilsin, bu to’g’rimi yoki noto’g’rimi”, - deydi fuqarolikdan mahrum qilingan Muhiddin Qurbonov.

O’zbekistonga qaytgan, ammo mamlakatga kiritilmagan faollarni deportatsiya qilish qaroriga marhum Karimov davrida imzo chekilgan fuqarolikdan mahrum qilishga doir farmon asos qilib ko’rsatiladi. Ammo, ta’kidlanishicha, bu farmon tafsilotlari bilan hech kim tanish emas.

Muhiddin Qurbonovning aytishicha, Toshkent nafaqat fuqarolik, balki O’zbekistonda yashash huquqini ham cheklamoqda.

“Masalan, mening fuqaroligim yo’q, lekin Shvetsiyada yashash huquqim bor. Mayli, fuqarolikdan o’chirdi, lekin O’zbekiston yashash huquqini ham cheklayapti. Bilmadim, O’zbekiston qayoqqa qarab ketyapti. Men prezident vatandoshlarni ortga chaqirgani uchun borgan edim, Shvetsiyaga konsul kelib uchrashuv o’tkazgan, o’shanda fuqarolikdan chiqarilmagansiz, deb aytgan edi. Borganimdan keyin esa, darhol fuqarolikdan mahrum qilingansan, deb muhrni bosib, orqaga jo’natib yubordi, o’sha samolyotning o’zida”, - deydi Qurbonov.

Meksikalik qiz Paola Pliyego O’zbekiston fuqaroligi berilgan yagona sportchi emas, o’tgan yili rossiyalik velopoygachi Olga Zabelinskya O’zbekiston fuqaroligiga qabul qilingan edi.

Xalqaro musobaqalarda O’zbekiston nomidan qatnashayotgan Zabelinskaya hozirgacha bir nechta chempionlik unvonini O’zbekiston hisobiga yozdirgan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG