Ilm-fan va matonatning kuchi bilan bundan 50 yil oldin Oyga “Apollon-11” raketasi ko'tarilgan edi. Lekin 1969-yildan oldin ham filmlarda va boshqa madaniy asarlarda Oyga uchish mavzusi keng yoritilgan. Insoniyatning Oyga qo'nish orzusiga turtki bergan mashhur filmlar tarixiga nazar tashlaymiz.
1902-yil suratga olingan 14 daqiqalik "Oyga sayohat" filmi oy tadqiqotlariga bag'ishlangan edi. U Jyul Vernning ilmiy-fantastik romanlari asosida ishlangan.
Jorj Pelning 1950-yilgi "Manzil - Oy" nomli filmida astronavtlar Oyga qo'nishi asnosida raketa yoqilg'isining tugab qolishi aks etadi.
"Apollon-11" missiyasi ham amalda yoqilg'i muammosiga duch keladi. Unda Oydan ko'tarilish uchun bir martalik urinishga yetarli yoqilg'i qolgan edi. Robert Stounning "Oyni quvlash" kartinasi shu haqda.
"Agar ko'tarilish dvigateli o't olmasa, ular Oyda qolib ketardi. Sarlavhalarimizni shunga moslab qo'ygan edik", - deya xotirlaydi jurnalist Mark Blum.
"Apollon-11" missiyasidan avval ham insoniyatning fazodagi orzusi faqat Oy bilan cheklanmagan edi.
"Stenli Kubrikning "2001-yil: Fazo odisseyasi" asari 1968-yil suratga olingan. Unda insoniyat Oyga qo'nishidan oldin bunday missiyalar odatiy holga aylanishi bashorat qilingan", - deydi Milliy aeronavtika va fazo muzeyi xodimi Margaret Veytkemp.
1961-yil sovet kosmonavti Yuriy Gagarin fazoga chiqqan ilk inson bo'lgach, AQSh va Sovet Ittifoqi o'rtasida raqobat kuchaydi. Jin Roddenberining "Yulduz yo'li" nomli seriallarida esa tinchlik maqsadida hamkorlik qiluvchi sayyoralar federatsiyasi tasvirlanadi.
"Turli irq va millatdagi erkak va ayollar, hatto o'zga sayyoraliklarning bir kemada hamkorlik qilayotgani aks etgan kelajak edi bu", - deydi Veytkemp.
Oyga ilk parvozdan o'n yillar o'tgach, kino olamidagi yangi kashfiyotlar NASAga oid va boshqa tarixiy suratlarni IMAX, HD va 3D texnologiyalariga muhrlash imkonini berdi. Robert Stoun kabi rejissorlar fazodagi poyga haqida yanada yorqin kartinalar yaratdi.
"Siz ko'rib turgan so'nggi filmni yaratish uchun minglab soatlik materialni ko'zdan kechirib chiqishga to'g'ri keldi. Shu orqali mutlaqo unutilgan narsalarni kashf qilish imkoniga ega bo'ldik", - deydi Stoun.
NASA va Milliy arxiv materiallari yordamida "Apollon-11" hujjatli filmida rejissor Tod Duglas tarixiy missiyaning boshlanishidan astronavtlarning qaytishigacha bo'lgan voqealar xronikasini yaratadi. Ijodkorlar hali hech kim ko'rmagan "Apollon-11" missiyasiga oid tarixiy suratlardan hamda 11 ming soatlik audio yozuvlardan foydalangan.
Demiyen Shazellning "Birinchi odam" badiiy filmida esa Oy missiyasi astronavt Nil Armstrong va uning oilasi nuqtai nazaridan yoritiladi. Unda tarixiy tasvirlar zamonaviy kinematografiya bilan uyg'unlashtirilgan.
Facebook Forum