Breaking News

22 davlat qoralagan Xitoyni 37 davlat oqlamoqda


Xitoy hukumatiga qarshi Turkiyada istiqomat qilayotgan uyg'urlarning norozilik namoyishi. 5-iyul, 2015.
Xitoy hukumatiga qarshi Turkiyada istiqomat qilayotgan uyg'urlarning norozilik namoyishi. 5-iyul, 2015.

BMTning Inson huquqlari bo’yicha kengashi Xitoyning Shinjon avtonom hududidagi keskin siyosatiga munosabatda ikki qarama-qarshi guruhlarga bo’lingan. Ma’lumki, Pekin bir milliondan ortiq uyg’ur va boshqa musulmon aholi vakillarini qayta tarbiyalash lagerlarida ushlab turibdi. Tanqidchilarga ko’ra, hukumat musulmonlarning asl madaniyati va diniy e’tiqodini yo’qotib yuborishga urinmoqda.

Kuzatuvchilarga ko’ra, Pekin siyosiy va iqtisodiy imkoniyatlari va mintaqalardagi ta’sir kuchidan muvaffaqiyatli foydalanib, BMT organi qaroriga ta’sir ko’rsatmoqda. Xususan, 37 mamlakat elchilari Shinjonda inson huquqlari amaliyoti ijobiy baholangan maktubni imzoladi. Ularning aksariyati Afrika va Yaqin Sharq mintaqasi mamlakatlaridan. Imzolovchilar ro’yxatida Rossiya, Pokiston, Saudiya Arabistoni va Jazoir ham bor. Jenevada joylashgan kengash prezidenti va BMT ning inson huquqlari bo’yicha oliy komissari nomiga yo’llangan maktubda Xitoy hukumatining Shinjonda terrorizm va diniy radikalizmga qarshi kurash bo’yicha to’g’ri siyosat yuritayotgani aytiladi.

Bir necha kun avval BMTning 22 nafar elchisi Xitoyning uyg’ur va boshqa musulmon aholiga qo’llayotgan tazyiqiga doir e’tiroz maktubiga imzo chekkan edi. Diplomatlar, asosan, Yevropa mamlakatlaridan. Shuningdek, Avstraliya, Yaponiya, Kanada va Yangi Zelandiya vakillari ham bor. Maktub BMTning Jenevadagi Inson huquqlari kengashiga yo’llangan.

“Xitoyning Inson huquqlari kengashiga bunday ta’sir qilishiga panja ortidan qarash va beparvolik davom etaversa, odamlarda BMTning adolatli ishlayotganiga shubha uyg’onadi. 37 elchining Pekinni yoqlab yo’llagan maktubi nafaqat kengashni ikkiga ayiradi, balki uyg’ur xalqining BMT vositachiligida adolatga erishish umidini ham puchga chiqaradi”, - deydi​ Germaniyada asoslangan Jahon uyg'urlar kongressi matbuot kotibi Dilxat Rashit.

Tahlilchilarga ko’ra, Xitoyning “Bir kamar, bir yo’l” loyihasidan manfaat ko’zlayotgan davlatlar Pekin tarafini olmoqda. Shuningdek, Xitoyni yoqlashga sabab bo’layotgan boshqa omillar ham bor.

“Ayrim mamlakatlar Pekinni oshkora tanqid qilishdan avval uning iqtisodiy qudrati haqida o’ylab ko’radi. Rossiya, Saudiya va Shimoliy Koreyada esa inson huquqlari poymol etilayotgani jahon hamjamiyatining e’tiroziga sabab bo’lmoqda. Shunday ekan, bu uch davlat Pekinni dastaklash bilan aslida o’zlarini himoya qilishga intiladi”, - deb yozadi “Diplomat” jurnali boshqaruvchisi Ketrin Putz.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG