Ukraina parlamenti uchun o’tgan saylovlar mamlakat siyosiy tarixida rekord natijani qayd etdi. Ilk bor amaldagi hokimiyat parlamentda mutlaq nazoratni qo’lga kiritdi.
Saylov natijalariga ko’ra, parlamentdagi 450 o’rindan 255 tasiga Prezident Vladimir Zelenskiy yetakchiligidagi “Xalq xizmatkori” partiyasi vakillari egalik qiladi. Rossiyaparastlar sifatida e’tirof etib kelingan siyosiy kuchlar parlamentda ikkinchi ko’pchilik o'rinlarni qo'lga kiritgan. Ishg’oldagi Qrim ozodligi uchun kurashni davom ettirish maqsadidagi qrim-tatarlar hokimiyat partiyasidan emas, ozchilikdagi muxolafatdan parlamentga o’tishi kutilmoqda.
Ukraina Markaziy saylov komissiyasi 100 foizga yaqin byulletenlar sanab bo’lingan rasmiy xulosalarni e’lon qildi. Unga ko’ra, Prezident Zelenskiyning “Xalq xizmatkori” partiyasi 450 o’rinli parlamentdagi 255 o’ringa ega chiqqan.
Ikkinchi o’rinda rossiyaparast muxolifatchilar guruhi 45 ta o’rinni qo'lga kiritgani aytilmoqda.
Sobiq prezident Petro Poroshenkoning “Yevropa birdamligi”, sobiq bosh vazir Yuliya Timoshenko yetakchiligidagi “Batikivshina” partiyasi keyingi o’rinlarda bormoqda. Bu har ikki partiyadan parlamentda 25 tadan deputat bo’lishi kutilyapti.
Taniqli qo’shiqchi Svyatoslav Vakarchuk yetakchiligidagi partiya parlament to’sig’idan o’tgan so’nggi beshinchi partiya, “Ovoz” 18 ta deputat bilan cheklanadi.
Bu safargi saylovlar mamlakat siyosiy tarixidagi rekord natija bilan ham diqqatli. Parlamentda hech qachon bitta partiya bu qadar mutlaq ko’pchilikni tashkil etmagan, hatto Ukrainada avtoritarizm kuchaygan davrlarda ham.
Shu bois navbatdagi parlament saylovlari prezidentlik saylovida 70 foizlik natija bilan g’alaba qozongan Vladimir Zelenskiyga bildirilgan ishonch o’laroq ham talqin qilinmoqda.
Ammo bu ishonch ayni paytda ukrainlar, amaldagi hokimiyat uchun Qrim masalasi o’z dolzabrligini yo’qotayotganini ham ko’rsatadi. Zelenskiy partiyasining parlamentda mutlaq ko’pchilikni tashkil etgan deputatlari orasida qrim- tatarlar jamoasidan biror nomzod yo’q.
Qrim-tatarlar asosan muxolifatda qolgan ozchilik partiyalar orqali saylovda qatnashgan. Mustafo Jemilov va Ahmad Chiyg’oz Poroshenko yetakchiligidagi siyosiy partiyadan, qrim-tatar yoshlaridan biri Rustem Emirov Vakarchukning “Ovoz” partiyasidan parlamentga kirishi mumkin.
Qrim-tatarlar yetakchsi Mustafo Jemilovga ko’ra, u Milliy Majlis o’rinbosarlaridan birining nomzodini prezident partiyasiga tavsiya qilgan, ammo keyinchalik bu nomzod partiya ro’yxatida aks etmagan.
Milliy Majlisning amaldagi raisi Refat Chubarov nomzodi surilgan “Kuch va adolat” partiyasi parlament to’sig’idan o’ta olmadi.
Chubarov bu galgi parlament siyosiy korrupsiya kuchayishi, rossiyaparast kuchlarning siyosiy maydonga qaytishi bilan kuzatiladi, degan fikrda. Ayniqsa, rossiyaparast kuchlarning parlamentdagi ikkinchi yirik guruhga aylanishi ortidan bunday xavotirlar oshgan.
Qrim-tatarlarning parlament saylovlaridagi ishtiroki ular, asosan, Qrim masalasida qat’iy pozitsiyada turgan, Yevropa Ittifoqi bilan yaqin hamkorlikka suyangan siyosiy kuchlar tarkibiga kirishganini ko’rsatadi.
Mustafo Jemilov va Ahmad Chiyg’oz qo’shilgan “Yevropa birdamligi”ning asosiy shiori Ukrainani NATO va Yevropa Ittifoqiga a’zo qilish bo’lsa, qirim-tatar faollari jalb qilingan “Ovoz” partiyasi Ukraina o’rnini Yevropa Ittifoqida ko’radi.
Milliy Majlis faollaridan biri, “Qrim” axborot aganetligi rahbari Gayana Yuksal ham parlamanet saylovlarida Urkainadagi “Yashillar” partiyasidan nomzodini surgan, ammo bu partiya ham parlament to’sig’idan o’ta olmadi.
“Yashillar” partiyasi Yevropada shu yo’nalishdagi partiyalar bilan yaqin hamkorlikni yo’lga qo’ygan, men ular bilan inson huquqlari, Qrim masalasiga doir pozitsiyalari mos kelishi ortidan hamkorlik qila boshladim. Qolaversa, qrim-tatarlar bu yilgi saylovlarda turli siyosiy kuchlar tarkibidan qatnashib, natija samarali bo’lgan taqdirda parlamentda Qrim manfaatlarini himoya qiluvchi haqiqiy fraksiyani tashkil qilish maqsadi ham bor edi”, - deydi u.
Gayana Yuksal fikricha, qrim-tatarlardan iborat siyosiy faollar hokimiyatdagi partiya bilan hamkorlik masalasini muhokama qilishgan; hatto Milliy Majlis bir nechta nomzodlar yuzasidan o’z tavsiyasini ham bergan.
“Parlamentda mutlaq ko’pchilikni tashkil etgan siyosiy partiya safida birorta qrim-tatar yo’qligi ko’proq shu partiyaning o’ziga bog’liq. Shuncha deputatlar safida 5-6 nafar qrim-tatarlarning bo’lishi ularga biror muammo tug’dirmasligi aniq edi. Biz bu borada ular bilan muzokara o’tkazib, bir nechta nomzodlar yuzasidan tavsiyalar berdik, hatto ular keyinchalik bir kishini tasdiqlashdi ham, ammo bu paytga kelib uning boshqa bir partiya safidan qatnashishi tasdiqlab bo’lingan edi”, - deydi Gayana Yuksal.
Hozirgacha bo’lgan ma’lumotlarga tayanilsa, Ukrainaning yangi parlamentida qrim-tatarlardan iborat uch nafar deputat bo’lishi kutilmoqda. Bular Mutafo Jemilov, Ahmad Chiyg’oz va Rustem Umerov. Milliy Majlis raisi, sobiq deputat Refat Chubarov esa hozircha parlamentga o’tishi ehtimoli bor nomzodlar safida emas.
Facebook Forum