7-avgustdan binoan O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasida 2016-yil 17-oktabrda imzolangan Ekstraditsiya to‘g‘risidagi bitim va 2017-yil 5-dekabrda imzolangan Fuqarolik, oilaviy va jinoiy ishlar bo‘yicha o‘zaro huquqiy yordam to‘g‘risidagi shartnoma kuchga kirdi.
O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligining bayon qilishicha, Ekstraditsiya to‘g‘risidagi bitim jinoyatni sodir etishda gumonlanayotgan yoki ayblanayotgan shaxslarni ekstraditsiya qilish shartlari, ushbu shaxslarni ekstraditsiya qilish to‘g‘risida so‘rovni o‘z ichiga olgan hujjatlarga talablar, ekstraditsiya to‘g‘risida rasmiy so‘rov yuborilgunga qadar vaqtincha qamoqda saqlash shartlari va muddatlarini tartibga soladi.
Ushbu hujjat, deyiladi rasmiy bayonotda, jinoyatchilikka qarshi kurash sohasida samarali hamkorlik qilish uchun huquqiy asosdir va jazoning muqarrarligini ta’minlashga ko‘maklashadi.
Fuqarolik, oilaviy va jinoiy ishlar bo‘yicha o‘zaro huquqiy yordam to‘g‘risidagi shartnoma bandlariga muvofiq bir mamlakat hududida yashaydigan fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ikkinchi mamlakat hududida o‘zlarining shaxsiy va mulk huquqlariga nisbatan o‘sha mamlakat fuqarolari bilan bir xil huquqiy himoyadan foydalanadilar.
Hujjat fuqarolik, oilaviy va jinoiy ishlarda huquqiy yordam ko‘rsatish, ishlarning sudga tegishliligi masalalari hamda hujjatlar, dalillar talab qilish uchun so‘rov yuborish va sud jarayonlarini o‘tkazish, sud qarorlarini tan olish va ijro etish tartibini belgilaydi.
Shartnoma fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni ta’minlash maqsadida fuqarolik va oila ishlari bo‘yicha huquqiy hamkorlikni yanada rivojlantirish hamda jinoyatchilikning oldini olish, tergov va sud qilish masalalarida ikki mamlakat huquqni muhofaza qilish organlari aloqalarini takomillashtirishga xizmat qiladi.
Facebook Forum