Breaking News

Karimovning sobiq matbuot kotibiga qarshi kampaniya ketayaptimi?


Murod Muhammad-Do'st, O'zbekistonning oldingi rahbari Islom Karimov qo'lida ishlagan
Murod Muhammad-Do'st, O'zbekistonning oldingi rahbari Islom Karimov qo'lida ishlagan

Mirziyoyev davridagi siyosiy-ijtimoiy vaziyatni dastlabki jiddiy tanqidchisi bilan suhbat o’tkazgan markaziy nashr bosh muharriri ishdan olingan. Tanqid muallifi, mamlakatdagi so'nggi o’zgarishlarni yorilishi muqarrar pufakka qiyoslagan yozuvchi Murod Muhammad-Do’stga qarshi axborot kampaniyasi ishga tushgan. Murod Muhammad-Do’st tanqidlariga e’tiroz bildirayotganlar qatoriga Islom Karimovning yana bir sobiq matbuot kotibi, deputat Azamat Ziyo ham qo’shilgan.

Mirziyoyev davridagi ijtimoiy vaziyat keskin tanqidga olingan “Bir buyuk pufak shishib kelmoqda” maqolasi muallifi Murod Muhammad-Do’st bilan suhbat chop etgan “O’zbekiston adabiyot va san’ati” gazetasi 1980-90 yillarda mamlakatdagi eng mashhur nashr edi.

Chorak asr davom etgan turg’unlik davomida bir paytlar yuz minglab nusxada chop etilgan gazeta tiraji bir necha mingga tushib qoldi, hukumat targ’ibotchilari qatoriga qo’shilgan nashr jamiyatdagi o’rinini ham, o’quvchilarini ham yo’qotdi.

O’ktam Mirzayor gazetaga 2018- yilda kelgan navbatdagi bosh muharrir edi, o’zgarishlar davrida ham o’zgarish bilan ko’zga tashlanmagan bu nashr birgina suhbati bilan o’zbek matbuotidagi chegaralarni belgilab berdi.

Gazetada e’lon qilingan suhbat qahramoni yozuvchi Murod Muhammad-Do’st Mirziyoyev davridagi ijtimoiy siyosiy vaziyat ilk bor jiddiy tanqid ostiga olingan dastlabki chiqishlar muallifi, sobiq amaldor, marhum prezident Islom Karimovning matbuot kotibi lavozimida ishlagan.

Matbuotdagi hozirgacha mavjud tanqidlar asosan prezident Mirziyoyev nishonga olgan hokimlarni, yoki boshqa bir toifadagi amaldorlar, idoralar faoliyati bilan kifoyalanayotgan edi.

Murod Muhammad-Do’st ham “O’zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasidagi suhbatida tanqidni bevosita Prezident Mirziyoyevga qaratmagan. Ammo uning O’zbekistondagi so’nggi o’zgarishlar yorilishi muqarrar pufakka qiyoslangan ijtimoiy tarmoqda e’lon qilingan maqolasida bevosita davlat rahbari ham vaziyatdan chetda ko’rilmaydi.

Mamlakatda sanoqsiz sitilar, namunali uylar qurilishi bilan bog’liq pufak bir kun kelib yorilishi, uni shishirib daromad topganlar esa xorijga qochib qolishi, qarzga botgan mamlakat, xalq qolishini taxmin qilgan yozuvchining bu maqolasi jiddiy munozara qo’zg’adi.

Buning ortidan Mirziyoyev tarafdorlari tomonidan nishonga olinayotgan yozuvchiga nisbatan e’tirozlar ko’paymoqda, yaqinda ular safiga Islom Karimovni sobiq matbuot kotiblaridan yana biri Azamat Ziyo ham qo’shildi.

Azamat Ziyo ham Murod Muhammad-Dost kabi Karimov davrida yuqori lavozimlarda o'tirgan
Azamat Ziyo ham Murod Muhammad-Dost kabi Karimov davrida yuqori lavozimlarda o'tirgan

Azamat Ziyo “Xalq so’zi” gazetasida sobiq hamkasbi Murad Muhammad-Do’st maqolasidan quyidagilarni iqtibos keltiradi:

“Hamma biladi, avvaliga maktabu kollej qurib pul oʻgʻirladik.

Buyuk shaharlarimiz va buyuk bobolarimizning nomlarini sotib, nechadir mingu yuz yilliklarini nishonlab pul oʻgʻirladik.

Gʻariblikda namuna boʻladigan sonsiz uylar qurib pul oʻgʻirladik.

Endi navbat sitilarga keldi...”

Azamat Ziyoning ishonishicha, eski tuzum davrida shunday bo’lgani ehtimol, hozir esa davr boshqa, jamiyat, matbuot erkin.

Ta’kidlash joiz, Azamat Ziyoning Mirziyoyev islohotlari olqishlangan bu maqolasi Karimov davri tanqidga olingan matbuotdagi kam sonli chiqishlardan biri ham bo’lgan deyish mumkin.

Mirziyoyev siyosati olqishlangan maqola markaziy nashrda bosilishi, uning siyosatini tanqidga olgan yozuvchi bilan suhbat uyushtirgan nashr bosh muharririni ishdan olinishi o’zbek matbuotida hamon tepadan belgilanadigan chegara mavjudligini ko’rsatadi.

Matbuotni muvofiqlashtirish vakolati ayni paytda Prezident ma’muriyati huzuridagi O’zbekiston axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligiga yuklatilgan.

Bir muddat avval aynan shu agentlik mutaxassislari “Adabiyot” gazetasi Bosh muharriri Baxtiyor Karimga “Karimov davri haqida noto’g’ri tasavvurlar beruvchi” maqolalar berilgani, gazetada quvg’inlikdagi shoir va siyosatchi Muhammad Solih nomi eslangani uchun taqdimnoma jo’natishgan edi.

“Adabiyot” gazetasidagi barcha maqolalar tahlil, tahrir qilib chiqilgan bu taqdimnomada deyarli senzura usulida boshqa bu kabi xatolar takrorlanmasligi uchun tahririyatga ma’lum talablar qo’yilgan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG