Breaking News

Virjiniyalik fermer sotuvchisiz dehqon bozori ochdi


Virjiniya shtatining Uorrenton shahrida antiqa dehqon bozori bor. Bu yerda sotuvchi yo'q. Odamlar o'ziga kerakli narsani olib, ko'nglidan chiqarib pul beradi.

Virjiniyaning Uorrenton shahridagi dehqon bozorida ish qizg'in. Odamlar o'ziga kerakli narsani olib, ataganini qutiga tashlab ketadi.

Bozorning antiqaligi shunda. Bu joyning egasi xaridorlarga ishonadi.

"Tush ko'ryapman, deb o'yladim. Shunday kuchli ishonchga asoslangan tizimni boshqa hech qayerda ko'rmaganman. Shu bois dehqonga nafaqat mahsulotningnarxini, balki undan ko'proq berishni xohladim. Chunki uning hammaga ishonayotgani hayratlanarli", - deydi xaridorlardan biri.

Alvin Xenri bu bozorni o'tgan yili o'g'li bilan ochdi. U pomidor va makkajo'xori yetishtirardi.

Bu yil mahsulotlari hajmini ikki hissaga oshirdi.

"Dastlab, pomidor, shirin makkajo'xori ekishdan boshladim. Ortiqcha pomidorlarim borligi uchun ularni kichkina stol ustiga sotishga qo'ydim. Doim yonida turishga vaqtim yo'q edi, shu bois odamlardan pulini eshik oldiga tashlab ketishni so'radim", - deydi Xenri.

Shimoliy Virjiniyada dehqonlar ko'p. Yoz va kuz oylarida fermer bozorlarini ko'p uchratish mumkin.

Xenri ishchi olmasdan, ortiqcha sabzavotlarini sotishning shunday yo'lini topdi. Xaridorlar pul tashlashi uchun stol oldiga bitta quti qo'ydi.

"Xohlaganingizni o'zingiz istagan narxda olasiz. Bundan ortig'i bo'lmaydi", - deydi mijozlardan biri.

"Tuxum olib, pulini qutiga tashlayman. Ba'zan kamroq berishim mumkin, kelasi safar ko'proq", - deydi Dara Veber ismli xaridor.

Hammasi ishonch asosiga qurilgan va odamlar mamnun, deydi Xenri.

"Ularga ham ma'qul. Men ularga ishonaman, ular esa pulni qutiga tashlashadi. Ba'zan hatto ko'proq pul tushadi", - deydi u.

Xenrining asosiy ishi ko'chmas mulk savdosida. Dehqonchilik va bu bozorcha u uchun iftixor manbai.

"Amerikada bu o'ziga xos holat. Ayiqsa, qishloq joylardan chiqqan odamlar uchun. Mahallimizda o'zaro kuchli ishonch muhiti bo'lsin, deyman", - deydi uning o'g'li Jon.

Xenri o'g'rilik bo'lishidan tashvishda emas. Odamlardan ko'ra, ayiqlar sabzovotimni ko'proq o'maradi, deya kuladi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG