AQSh prezidentining yillik maoshi 400000 dollar. Maosh miqdori Kongress tomonidan tasdiqlangan. 1789-yilda ilk Prezident Jorj Vashington saylanganidan beri davlat rahbarlarining maoshi besh marta oshirilgan.
Rahbarlar Oq uydan ketgach ham uzoq yillar maxsus imtiyozlardan foydalanadi.
Jorj Vashington va undan keyingi 17 nafar prezidentlarning yillik maoshi 25000 dollar bo’lgan. 1873-yili davlat rahbarining daromadi 50000 dollar etib belgilandi. Bu ko’rsatkich 1909-yilda 75000 dollarga yetgan.
1949-yilga kelib, Prezident Garri Truman ikkinchi muddatga saylanganida yillik maoshi 100000 dollarga yetdi. 1969-yildan 200000 dollar maosh olgan ilk Prezident Richard Nikson bo’lgan. So’nggi o’zgarish 2001-yilda Jorj Bush rahbarligi davrida amalga oshirildi. 18 yildan beri davlat rahbarlariga yiliga 400000 dollar to’lanmoqda.
Prezidentlarga beriladigan imtiyozlar quyidagicha: Oq uyda bepul istiqomat qilish, maxsus xizmatkorlar, oshpazlar va qo’riqchilar, fitnes markazi va shaxsiy trener, shaxsiy kinoteatr va bouling markazi, so’lim tabiat qo’ynidagi Kemp Devid dam olish majmuasi, “Air Force One” samolyoti va “Marine One” vertolyoti, o’qotar qurol va bomba xurujidan himoyalangan maxsus limuzin.
Ayni damda sobiq davlat rahbarlarining yillik nafaqasi 213600 dollar. Bundan tashqari, sobiq prezidentlarning safarlari va mamlakatning istalgan nuqtasida o’z ofisini yuritishi uchun fuqarolar to’lagan soliqdan pul ajratiladi.
2000-yildan buyon soliq to’lovchilar hisobidan sobiq prezidentlarga 68 million dollar to’langan.
Eng ko’p pulni Bill Klinton olgan – 21 million. Yillik hisobda Barak Obama yetakchi – 1,4 million dollar.
Shuningdek, sobiq rahbarlar biror anjumanda nutq so’zlash, kitob nashr qilish va boshqa tijoriy bitimlardan mo’may daromad oladi.
Facebook Forum