Breaking News

Prezident Mirziyoyev partiya rahbarlari bilan nima haqda gaplashdi?


O'zbekistondagi besh siyosiy partiya rahbarlari Prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida, Toshkent, O'zbekiston, 2019-yil, 22-avgust
O'zbekistondagi besh siyosiy partiya rahbarlari Prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida, Toshkent, O'zbekiston, 2019-yil, 22-avgust

22-avgust kuni O'zbekistondagi siyosiy partiyalar rahbarlari Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashdi. Uchrashuv yaqinlashayotgan parlament saylovlari bilan bog’liq.

Mirziyoyev siyosiy partiyalarni yaqinlashayotgan saylovda munosib qatnashishga, demokratik jarayonlarning faol ishtirokchisi bo’lishga chaqirgan. Ammo bu chaqiriq muxolif partiyalarga tegishli emas, chunki mamlakatda muqobil siyosiy kuch shakllanmagan, xorijdagi muxolafatga nisbatan taqiq ham olib tashlanmagan. Dekabrda o’tishi rejalangan parlament saylovlari avvalgi ssenariylar asosida o’tishi kutilyapti.

Partiya rahbarlari Mirziyoyev bilan uchrashdi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:54 0:00

Siyosiy partiyalarning prezident topshirig’iga ko’ra saylov kampaniyasida qatnashishi, demokratik tamoyilga muvofiq muqobillik vazifasini o’tab berishi marhum prezident Islom Karimov davridagi siyosiy maydonda keng qo’llangan tajriba.

Prezident Mirziyoyevning saylov arafasida siyosiy partiyalar rahbarlari bilan o’tkazgan uchrashuvi ham jamoatchilikka aynan shu tajribani eslatmoqda.

O’zbekiston sal kam 30 yildirki muxolifat siyosiy kuch sifatida taqiq ostida bo’lgan davlat sifatida qolmoqda.

Karimov davrida bu taqiq ortidan xorijga chiqib ketishga majbur bo’lgan o’zbek muxolafatining yangi hokimiyatga nisbatan umidi ham hozirgacha oqlanmadi. Bir qator sohalarda islohotlar boshlanganiga qaramay, siyosiy jabhada o'zgarishlar ko'zga tashlanmayapti.

Prezidentning siyosiy partiya rahbarlari bilan o’tkazgan uchrashuvi mamlakatda navbatdagi parlament saylovlari kampaniyasini boshlab berishi kutilmoqda.

Uchrashuv haqidagi rasmiy xabarda ta’kidlanishicha, suhbatda bu galgi saylovlarning o’ziga xos xususiyati va ahamiyati, partiyalarning bu muhim jarayonga qanday g’oyalar bilan borayotgani haqida gaplashilgan.

Parlament saylovlari dekabr oyida o’tishiga qaramasdan hozirgacha bu saylovlar biror bir siyosiy partiya tomonidan eslanayotgani ham yo’q edi. Bu partiyalar prezident bilan rejalangan mazkur uchrashuvni kutishayotgani haqidagi taxminlarga asos beradi.

Mavjud qonunchilikka ko’ra, parlament saylovlarida faqat rasmiy partiyalar tomonidan ko’rsatilgan nomzodlargina qatnashishi mumkin. Siyosiy partiya saylovda qatnashish vakolatida bo’lishi uchun saylovgacha to’rt oy muqaddam ro’yxatdan o’tgan bo’lishi kerak.

Ya’ni, o’z nomzodini deputatlikka surish maqsadidagi o’zbekistonliklarda amaldagi rasmiy partiyalarga a’zo bo’lishdan boshqa tanlov yo’q. Jamoat tashkilotlardan nomzod surish tajribasi bir necha yillar muqaddam bekor qilingan.

O’zbekiston parlamenti uchun navbatdagi saylovlarda qatnashish qarorini bildirgan mahalliy faollardan biri ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlari bilan jamoatchilikka tanilgan Dima Qayum (Dilshod Boltaboyev).

U deputatlikka nomzodini olg'a surish uchun O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi safiga qo’shilgan.

“Hozircha start berilgani yo’q, saylov kampaniyasi e’lon qilingandan keyin boshlanadi nomzodlarni surish. Lekin aslida qonunchilikka o’zgartirish kiritilishi, kampaniya boshqa davlatlardagi kabi bir yil avval boshlanishi kerak edi. Ya’ni nomzodlar, partiyalar odamlar bilan uchrashsin, xalqning dardini eshitsin, raqiblari bilan munozara qilsin. Ko’pchilik mavjud siyosiy partiyalarni farqlamaydi, bilmaydi”, - deydi u.

Dima Qayum nima uchun O’zbekistonda muxolif partiyalar yo’qligi sababini izohlashni istamaydi, ammo muxolifatsiz siyosiy raqobat bo’lmasligini ta’kidlaydi.

“Muxolif partiyalar ham sekin-sekin paydo bo’ladi. Bu ilojsiz, baribir bo’lishi kerak, chunki raqobat yo’q joyda rivojlanish bo’lmaydi. Nima sababdan yo’q, aniq aytolmayman, lekin shaxsiy fikrim muxolif, raqib partiyalar kerak. Bugun hukumatga yangi qon, yangi odamlar kerak, ya’ni qo’rqmasdan, to’g’risini ayta oladigan odamlar. Hozirgi mavjud partiyalar deyarli bir, bir xil fikrni aytishadi, takrorlashadi, avvalgi odamlar yangi siyosatda rol o’ynamasligi kerak”, - deydi deputatlik uchun kurashni maqsad qilgan Dima Qayum.

O’zbekistonda parlament saylovlarida qatnashish, deputatlikka nomzodlar surish vakolatidagi beshta rasmiy partiya mavjud. Bular hukumat partiyasi sifatida tanilgan O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi, O’zbekiston xalq demokratik partiyasi, “Milliy tiklanish”, “Adolat” va yaqinda harakatdan partiyaga aylangan O’zbekiston ekologik partiyasi.

Bu siyosiy kuchlarning birortasi hukumatga muxolifligini e’lon qilmagan, sobiq tuzum davrida ham, hozir ham hukumat va prezident siyosatini qo’llab-quvvatlab kelayotgan partiyalardir.

Xalq saylovi vositasida yangilanishi kutilayotgan o’zbek parlamentining yana shu besh partiya vakillaridan iborat bo’lishi islohotlar shiori olg’a surilayotgan siyosiy maydonda biror o’zgarish qilishi kutilmayapti.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG