Sanoatlashgan davlatlarning yillik anjumani bu yil Fransiyada bo’lib o’tdi. Katta Yettilikka a’zo mamlakatlar rahbarlari iqlim o’zgarishi, Xitoy va Eron siyosati, Rossiyaning guruhdagi a’zoligini tiklash, Britaniyaning Yevropa Ittifoqidan chiqishini muhokama qilishdi.
Rossiya guruhdan 2014-yilda Qrimni qo’shib olishi ketidan haydalgan edi. Yaqinda Fransiya va AQSh rahbarlari Katta Yettilikni yana Katta Sakkizlikka aylantirish ehtimoli haqida gapirgan. Biroq Fransiyaning oromgoh Biarrits shahrida o’tgan majlisda tomonlar bu masalada bir to’xtamga kelmadi.
Xususan, Yevropa Kengashi prezidenti Donald Tusk bunga qarshi chiqdi. Uning aytishicha, Qrim Ukrainaga qaytarilmaguncha Katta Sakkizlikni Rossiya hisobiga tiklash haqida gap bo’lishi mumkin emas. Tusk, aksincha, kelasi yili Ukrainani guruhga taklif etish kerakligini aytdi.
Britaniya yangi Bosh vaziri Boris Jonson ham jiddiy e’tiroz bildirdi.
Vashingtondagi “Atlantika kengashi” tahlil markazi eksperti Mark Simakovskiyning aytishicha, Tramp Rossiyani shartsiz guruhga qaytarmoqchi, biroq bunday qadam xato bo’ladi.
“Nafaqat Qrimni, balki Ukraina sharqini ham egallab turishda davom etayotgan Rossiyani hurmatli xalqaro o’yinchilar klubiga qayta taklif etish xavfli qadam bo’lib, teskari natija berishi mumkin”, - deydi tahlilchi.
Guruh a’zolari orasida turli masalalarga tafovutli yondashuvlarni hamda o’tgan yili Kanadadagi sammitni erta tark etgan AQSh Prezidenti Donald Tramp yakuniy bayonotni imzolamaganini hisobga olib, bu yilgi anjuman mezboni Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron tashkilot tarixida ilk bor yakuniy qo’shma bayonot bo’lmasligini bildirdi.
Yevropa Kengashi raisiga ko’ra, Katta Yettilik ichida til topishish tobora qiyinlashib bormoqda.
“AQSh rahbari tariflar va soliqlardan siyosiy qurol sifatida, qandaydir siyosiy maqsadlarda foydalanayotgan bo’lsa, bunday to’qnashuv butun dunyo, jumladan, Yevropa Ittifoqi uchun tahlikali bo’lishi mumkin”, - dedi Tusk.
Fransiya hukumati raqamli texnologiya bobida mamlakatda xizmat ko’rsatayotgan texnologik kompaniyalar daromadiga uch foizlik soliq solish qarori ketidan Donald Tramp AQSh firmalari bu qoidadan mustasno bo’lmasa, fransuz vinolariga katta miqdorda tariflar qo’yilishi haqida ogohlantirgan.
Ayrim kuzatuvchilarga ko’ra, Tramp AQSh kompaniyalari manfaatlarini himoya qilish orqali “Amerika Birinchi” shioriga sodiq qolmoqda va bu unga 2020-yilda qayta saylanishga imkon berishiga umid qilmoqda. Biroq boshqalar nazarida, Trampning bunday harakatlari ittifoqchi mamlakatlar bilan aloqalarga zarar yetkazadi.
“AQSh xalqaro anjumanlarga bosh bo’lganida ko’p ishlar hal bo’ladi. Lekin bosh bo’lmasa yoki qiziqish bildirmasa, biror narsaga erishish qiyin. Katta Yettilik va Katta Yigirmalik guruhlarining oxirgi bir nechta anjumanlarida bunga guvoh bo’lganmiz”, - deydi Vashingtondagi Strategik va xalqaro izlanishlar markazidan Mettyu Gudmen.
Bu orada Donald Tramp Xitoy savdo muzokaralarini qayta boshlashga rozi bo’lganini e’lon qildi. Trampning aytishicha, Xitoy rasmiylari AQSh muzokarachilariga qo’ng’iroq qilib, muloqotni yana boshlashga chaqirgan..
“Bu dunyo uchun juda yaxshi yangilik”, - dedi Tramp.
AQSh va Xitoy o’rtasida kuchayib borayotgan savdo urushi global iqtisodiyotga salbiy ta’sir qilib, iqtisodiy sekinlashuv boshlanishi haqida xavotirlar kuchaygan edi.
Facebook Forum