O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Turkiyada bo‘lib turgan yoki u yerga bormoqchi bo‘lgan fuqarolarni huquqbuzar holatiga tushib qolmaslik uchun zarur hujjatlarni o‘z vaqtida rasmiylashtirishga va mahalliy qonun-qoidalarga rioya qilishga chaqirdi. Bu chaqiriq bejiz emas, chunki ayni paytda Turkiyaning eng yirik shahri hisoblanuvchi va o‘zbekistonliklar eng ko‘p yashaydigan Istanbulda noqonuniy migrantlarga qarshi reydlar o‘tkazilyapti.
“Tashqariga chiqmayapman”
Istanbuldagi reydlar, eng avvalo, suriyalik qochqinlar bilan bog‘liq. Turkiya Ichki ishlar vazirligi Istanbulda ro‘yxatga olinmagan qochqinlar qayerda ro‘yxatda turadigan bo‘lsa, o‘sha yerda yashashi kerakligini aytib, ularning ketishi uchun 20-avgustgacha muhlat berdi. Keyinroq bu muhlat 31-oktabrgacha uzatildi.
Istanbulda noqonuniy yurgan xorijliklarga qarshi vaqti-vaqti bilan o‘tkazib turiladigan reydlar soni suriyalik qochqinlar tufayli yanada ortgan. Namanganlik 39 yoshli Dildora politsiyaning qo‘liga tushmaslik uchun dam olish kunida ham tashqariga chiqmayotganini aytadi.
U ikki farzandini uyida qoldirib, uch yildan beri Istanbulda ishlaydi. Ishlash uchun ruxsatnomasining muddati o‘tgan yili tugagan, yangi ish beruvchi Dildora uchun ruxsatnoma olishni istamadi, shunday qilib u hujjatsiz muhojirga aylandi.
“Turmush o‘rtog‘im kollejda ishlardi, kollejlar yopilganidan keyin ishsiz qoldi. Bolalarimni juda sog‘inaman, lekin nima qilay, pul topish kerak. Hozir ayol boshim bilan uy quryapman”, – deydi Dildora.
Qo‘qonlik 21 yoshli Samandar esa Istanbulda ikki yildan beri ishlaydi. Bu yerga kelganiga atigi ikki oy bo‘lgandan keyin ishlab turgan joyidan politsiya xodimlari olib ketdi. O‘sha paytda O‘zbekiston fuqarolariga Turkiyada vizasiz 30 kun qolishga ruxsat berilardi. Samandarning qo‘lida na Turkiyada yashash uchun, na ishlash uchun ruxsatnoma bor edi. O‘zining aytishicha, u politsiya bo‘linmasida bir hafta ushlab turilgan, keyin esa 15 kun ichida Turkiyani tark etishi kerakligi aytilib, qo‘yib yuborilgan. Samandar ketmadi, hali ham ishlayapti.
“O‘shandan beri politsiyaning qo‘liga tushganim yo‘q, – deydi Samandar. – Ko‘chaga chiqishdan oldin ust-boshingizni epaqaga keltirib, sarosimaga tushmay yursangiz, hech kim sizni to‘xtatmaydi”.
Turkiya Migratsiya idorasi Bosh boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, 2018-yilda Turkiyada yashash ruxsatnomasiga ega o‘zbekistonliklar soni 34 727 nafarni tashkil etdi. Bu – rasmiy statistika. Dildora va Samandar singari hech qanday hujjatsiz yurganlar soni qancha ekanligini esa hech kim bilmaydi, chunki ularni ro‘yxatga olishning iloji yo‘q.
“Foydani vositachi firmalar ko‘ryapti”
Dildoraning aytishiga qaraganda, o‘zbekistonlik mehnat muhojirlarining eng katta muammosi – til bilmaslik.
“Bu yerda hatto uch-to‘rt yil yashaganlar orasida ham turkchani yaxshi tushunmaydiganlar talaygina”, – deydi u.
Til va mahalliy qonun-qoidalarni bilmagan muhojirlar yashash yoki ishlash huquqini beruvchi hujjatlarni olish uchun vositachi firmalarga murojaat qilyapti.
“Amerika Ovozi” Istanbuldagi ana shunday firmalardan bir nechtasi bilan bog‘lanib, ularning xizmat haqini o‘rganishga harakat qildi: yashash huquqini olishga yordamlashish uchun so‘ralgan eng past haq 1250 lira (218 AQSh dollari), eng yuqorisi esa 2400 lira (420 AQSh dollari) bo‘ldi.
Turkiyada yashash ruxsatnomasi uchun ilk bor murojaat qiladigan O‘zbekiston fuqarosi vositachisiz ham 1200 lira atrofida pul to‘lashiga to‘g‘ri keladi. Eng kam xizmat haqini so‘ragan va ismi oshkor etilishini istamagan firma vakili O‘zbekiston fuqarosidan faqatgina pasport nusxasi va rasm talab qilinishini bildirdi.
“Qolgan hammasini o‘zimiz qilamiz, hech qanday muammo chiqmaydi”, – dedi u qat’iy ohangda.
Vositachi firmalar ishlash huquqini beruvchi hujjatni olishga yordamlashish uchun xizmat haqi mehnat muhojirining qayerda ishlashiga bog‘liq bo‘lishini aytdi. Faqatgina bir firma bunday xizmati uchun 2200 lira (385 AQSh dollari) olishini ma’lum qildi.
Hujjatlar qayerdan olinadi?
2018-yilning noyabridan boshlab O‘zbekiston fuqarolarining Turkiyada vizasiz bo‘lib turish muddatin 90 kun qilib belgilandi. Turkiyada bu muddatdan ko‘proq qolishni istaganlar yashash uchun ruxsatnoma olishi yoki ruxsatnomasi borlar uning muddatini uzatirish uchun Ichki ishlar vazirligiga qarashli Migratsiya idorasiga murojaat qilishi lozim. Ariza onlayn to‘ldiriladi. Turkiyada noqonuniy yashash Turkiyani tark etayotganda jarima jazosiga sabab bo‘ladi.
Turkiyada yashash ruxsatnomasi ishlash huquqini bermaydi. Ishlashni xohlaydigan xorijliklar Oila, mehnat va ijtimoiy xizmat vazirligidan tegishli ruxsat olishi kerak. Murojaatni esa ish beruvchi amalga oshiradi. Xorijlik shaxsni noqonuniy ravishda ishga olgan ish bervuchiga 8821 lira (1544 AQSh dollari), noqonuniy ishlayotgan xorijlik shaxsga esa 3527 lira (617 AQSh dollari) miqdorida jarima solinadi. Ishlash uchun ruxsatnomani Turkiyaga kelishdan oldin, ish beruvchi bilan shartnoma tuzgandan keyin Turkiya elchixonasi orqali rasmiylashtirish ham mumkin.
Facebook Forum