Breaking News

Norozilik yurishi uyushtirgan Mahmud Rajab va yaqinlari hibsga olindi


Mahmud Rajab
Mahmud Rajab

Huquq-tartibot idoralari faoliyatiga norozilik bildirib Xorazmdan Toshkentga yurish boshlagan shoir, muxolifat a’zosi Mahmud Rajab boshliq aksiya ishtirokchilari hibsga olingan. Muxolifatdagi “Erk” partiyasi rahbari, shoir Muhammad Solihning kitoblarini O’zbekistonga olib kirishda ayblanayotgan Mahmud Rajab va uning yaqinlari Ichki ishlar vaziri Po’lat Bobojonov bilan uchrashish maqsadida Xorazmdan Toshkentga yayov yo’lga chiqgan. “Erk” partiyasi tomonidan e’lon qilgan bayonotda O’zbekiston rejimi inson haqlarini toptashda davom etayotgani aytiladi.

Mahmud Rajab nega hibsga olindi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:28 0:00

22-sentabr kuni shoir Mahmud Rajab va uning 20 ga yaqin qarindoshlari huquq-tartibot idoralari faoliyatiga nisbatan norozilik aksi o’laroq Xorazmning Gurlan tumanidan Toshkentga tomon yayov yo’lga chiqishadi. Aksiyadan maqsad poytaxtda Ichki ishlar vaziri Po’lat Bobojonovning qabuliga kirish ekanligi e’lon qilinadi.

Ijtimoiy tarmoqda jonli tarzda yoyinlab borilgan bu aksiya ko’zlangan maqsadgacha yetib bormagan; aksiya ishtirokchilari Urganch yaqinida militsiya tomonidan to’xtatilib, noma’lum ayollarning hujumiga uchragan. Buning ortidan ishtirokchilar hibs qilingan va avtobuslarga bosib olib ketilgan.

Hibs qilingan shoir Mahmud Rajabning taqdiri ham hozircha noma’lum.

Mahmud Rajabga nisbatan tazyiqlar shu yilning mart oyida, muxolafatdagi shoir Muhammad Solihning kitoblarini O’zbekistonga olib kirishi ortidan boshlangan edi.

Turkiyadan O’zbekistonga uchib kelgan shoir aeroportdagi so’roqdan so’ng qo’yib yuborilgan, ammo undan Muhammad Solihning kitoblari musodara qilingan edi.

Keyinchalik aksariyati she’riy to’plamlardan iborat bu kitoblar ekspertizaga yuborildi, Mahmud Rajabning o’zi bir necha bor so’roqqa chaqirildi, ammo u tergovga borishdan bosh tortib kelayotgan edi.

20-sentabr kuni Mahmud Rajabning uyiga ichki ishlar boshqarmasidan tergovga olib ketish uchun kelishadi, ammo mahalladoshlari shoirni olib ketishlariga yo’l qo‘yishmaydi.

Shundan so’ng Mahmud Rajab qarindoshlari ishtirokida ichki ishlar vaziri Po’lat Bobojonov qabuliga kirish uchun Xorazmdan Toshkentga yayov yo’lga chiqishga qaror qiladi.

Xorazm viloyati ichki ishlar boshqarmasi chiqargan bayonotga ko'ra, Mahmud Rajab tergovga bir necha marotaba chaqirilishiga qaramasdan, tergovga kelishdan bo‘yin tovlagani uchun va ruxsatsiz avtomobillar qatnov yo'lida namoyish o'tkazgani uchun hibsga olingan.

Mahmud Rajab va norozilik aksiyasini boshqa ishtirokchilari ham hibs qilinishiga nisbatan muxolafatdagi “Erk” partiyasi o’z bayonotini tarqatgan.

“Joriy yilning mart oyidan beri Mahmud Rajab va oilasiga qarshi davom etayotgan tazyiq va ta’qib bu insonlarning sabr kosasini to‘ldirdi va ular bu zulmga qarshi isyon sifatida o‘z joniga qasd qilish bilan javob berishga tayyor ekanliklarini ko‘rsatdi. Insonlarni bu fojiaviy nuqtaga olib kelgan narsa - davlat jazo organlarining O‘zbekiston konstitutsiyasida ko‘rsatilgan haq-huquqlarini tanimasligi, ularni toptashidir”, deyiladi bu bayonotda.

Muxolif partiya rahbari Muhammd Solih bu bayonotda mamlakatdagi so’nggi o’zgarishlar umid bilan qarshilangani, ammo umidlar oqlanmagani, prezident Mirziyoyev ikki yuzlamachi siyosat yuritayotgani haqida gapiradi:

“Shavkat Mirziyoev hukumati so‘zda bir yuz bilan, amalda esa ikkinchi yuz bilan siyosat yuritishda davom etdi. Mirziyoev bugun mustabid Karimovning qabriga gulchambar qo‘yayotgan bo‘lsa, buni endi siyosiy taktika deb tushunmaymiz. Bu gulchambarlar bir shogirdning o’z ustozi yo‘lida og‘ishmay davom etayotganining ramzi ekanligiga endi shubhamiz qolmadi".

Shoir va jurnalist Mahmud Rajab o’tgan yilning mart oyida quvg’inlikdagi muxolifatchi shoir Muhammad Solihning aksariyati she’rlar to’plamidan iborat kitoblarini O’zbekistonga olib kirishida Toshkent aeroportida so’roqqa tutilgan edi.

Keyinchalik Mahmud Rajabning uyi tintuv qilindi, uning uyidan Turkiyada chop etilgan Muhammad Solih qalamiga mansub “Payg’ambarlar tarixi” kitobi ham musodara qilindi.

Bu tintuv ortidan Mahmud Rajabga nisbatan diniy ekstremizmni targ’ib qiluvchi adabiyotlar kontrabandasi ayblovi bilan jinoyat ishi ochilgani ma’lum qilindi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG