Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari kengashining sudyalar va advokatlar mustaqilligi bo’yicha maxsus ma’ruzachisi Diego Garsiya-Sayan O'zbekiston bo'ylab safarda. U mamlakatdagi sud-huquq tizimi, advokatlik instituti holatini o'rganib, bu masalada hisobot tayyorlashi kutilmoqda.
O’zbekistonda advokatura tizimi mamlakat huquq-tartibot idoralariga taqdim qilingan qonuniy, qonunosti va qonundan tashqaridagi vakolatlar qarshisida ancha zaif institut hisoblanadi.
Kuch ishlatar tizimlarida islohotlar qilish shiori ostida o’tgan so’nggi uch yil ham advokatlarga kutilgan nufuzini qaytarib bermagan.
Jamoatchilikda hamon advokatlarga huquq-tartibot idoralari va fuqarolar o’rtasidagi vositachi sifatida qarash mavjud.
Sud-huquq tizimi korrupsiya o’ta rivojlangan sohaligi inobatga olinsa, bu maqomga advokatlar ham ko’nikkan ko’rinadi. Har holda advokatura jamoatchiligi hozirgacha bu borada biror bayonot bilan chiqqani ko’zga tashlanmagan. Ular mustaqil faoliyat uchun beriladigan litsenziyasidan ajralib qolishdan qo'rqib mavjud tizimga qarshi chiqa olmasligi aytiladi.
Kuzatuvchilar aynan shu sabablar bois ham BMT Inson huquqlari kengashining sudyalar va advokatlar mustaqilligi bo’yicha maxsus ma’ruzachisi Diego Garsiya-Sayanning O’zbekistonga amalga oshirayotgan safarini muhim baholamoqda.
Maxsus ma’ruzachi O’zbekistonga safarini 19-sentabr kuni boshlagan, hozirgacha bir qator rasmiylar, fuqarolik jamiyati vakillari, shu jumladan, Advokatlar uyushmasi a’zolari, huquq himoyachilari bilan uchrashuvlar o’tkazgan; Farg’onada, Samarqandda bo’lib, joylardagi vaziyat bilan tanishgan.
BMT ma’ruzachisi bilan uchrashuvda bo’lgan faollardan biri, huquq himoyachisi Surat Ikromov Diego Garsiya-Sayan aynan sudyalar va advokatlar mustaqilligi bo’yicha mutaxassis ekanligiga, bu safar hozirgacha faoliyati islohotlardan chetda qolayotgan advokatlar mustaqilligi uchun muhim ahamiyat kasb etishiga ishonadi.
“Bundan bir muncha yil muqaddam O’zbekistonda advokatlar mutlaqo qayta attestatsiyadan o’tkazilgan edi, Adliya vazirligi o’tkazgan bu attestatsiya tufayli o’nlab advokatlar litsenziyadan mahrum qilindi. Advokatlik qilish vakolatidan mahrum qilinganlarning aksariyati esa diniy va siyosiy ishlar bilan shug’ullangan advokatlar edi. O’shandan buyon advokatura faoliyati qayta jonlanmadi, advokatlarni litsenziyadan ajrash xavotiri tark etmagan. Tergovchilar, sudlar, prokurorlar bevosita sud zalida advokatga ochiq bosim o’tkazishi mumkin, advokat bergan ariza qabul qilinmaydi, hatto buning sababi ham izohlanmaydi. Adokatlarga nisbatan behurmatlik qilish, ularni mensimaslik bu qonunga ham zid, ammo afsuski bunga sudlar ham, prokurorlar ham sharoit yaratib berishadi. Bu narsa hozir ham so’nggi uch yildagi o’zgarishlar davrida ham davom etyapti. Ayniqsa, xavfsizlik xizmatlari ishtirokidagi sudlarda, u yerga hamon mustaqil advokatlar taklif qilinmaydi, biror davlat siri bo’lmagan taqdirda ham”, - deydi Surat Ikromov.
O’zbekistondagi safarini davom ettirayotgan maxsus ma’ruzachi o’z uchrashuvlari natijasida mamlakatda sudyalar, advokatlar mustaqilligi qanchalik ta’minlanganiga doir o’z hisobotini taqdim etishi kerak.
Surat Ikromov nazarida advokatura, jumladan, sudyalar mustaqilligiga doir o’zgarishlar maxsus ma’ruzachi hisobotining qanday taqdim etilishiga ham bog’liq, ya’ni maxsus ma’ruzachi O’zbekiston hukumati oldiga aniq talablar qo’yadimi yoki tavsiyalar berish bilan cheklanadimi, shuni aniqlash kerak.
“Bilasizmi, BMT qiynoqlar bo’yicha ma’ruzachisi Teo van Bovenning xizmatlari nimadan iborat bo’ldi, u qiynoqlarni bartaraf etish uchun hukumat oldiga aniq talablar qo’ydi. Mayli, bu talablarning aksariyati yaqinga kelib bajarilayotgan bo’lsa ham, masalan “Jasliq” qamoqxonasining yopilishi kabi. Demak, hozirgi maxsus ma’ruzachi qanday yo’l tutadi, talablar qo’yadimi yoki tavsiyalar bilan cheklanadimi? Ammo uchrashuvda tavsiya qilamiz degan gapni aytmoqda. Agar bu tavsiyalar bo’lsa, hukumat bu tavsiyalarni xohlasa bajaradi, xohlamasa bajarmaydi. Agar aniq talablar bo’lsa, hukumat har ikki yilda BMT doirasidagi sessiyalarda bu borada aniq hisobotlar taqdim etishga majbur bo’ladi”, - deydi Surat Ikromov.
BMT Inson huquqlari kengashining sudyalar va advokatlar bo’yicha maxsus ma’ruzachisi O’zbekistonga ilk bor tashrif buyurmoqda. Maxsus ma’ruzachi tashrif yakunlariga oid hisobotini 2020-yilga borib taqdim etishi kutilmoqda.
Facebook Forum